Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan kattaqo‘rg‘onlik yurtdoshimizning hoki Sankt-Peterburgdan O‘zbekistonga olib kelindi

    Harbiy 5 May 2021 6589

    Ikkinchi jahon urushi frontlarida halok bo‘lgan Samarqand viloyati Kattako‘rg‘on tumanilik Boborahim Abdullayevning hoki va shaxsiy buyumlari qarindoshlariga topshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

    Har bir xalqning milliy-maʼnaviy qadriyatlari bo‘ladi. Bugungi yorug‘ kunlarga yetib kelishimizga hayotini tikkan, Ikkinchi jahon urushi frontlarida mardlik va jasorat namunalarini ko‘rsatgan vatandoshlarimiz xotirasiga hurmat-ehtirom ko‘rsatish o‘zbek xalqiga xos ezgu amallardan biridir.

    Oqar suvdek shiddat bilan o‘tib borayotgan yillar bizni Ikkinchi jahon urushidan uzoqlashtirmoqda. Yangi avlodlar o‘sib, ulg‘aymoqda. Lekin urushning so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan jarohatlari hamon xalqimiz qalbida yashamoqda.

    76 yil bir inson umri bilan teng. Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidan urushga otlangan Boborahim Abdullayevning yaqinlari mana yetmish olti yildirki u haqdagi darakdan umidvor. Boborahim Abdullayev jangga ketib, uyga qaytmagan. Ota-onasi sobiq askarni qaytishiga umid qila-qila, bu dunyoni tark etgan. Yaqinlari akasining hoki qo‘yilgan joyni bilishdan haligacha umidini uzmagan.

    Bugun B.Abdullayev yaqinlarining kemtik qalblariga oz bo‘lsada yorug‘lik ato etmoqda, desak xato bo‘lmaydi. Mamlakatimizning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasidan xabar berishlaricha, Ikkinchi jahon urushida Leningrad shahri himoyasi vaqtida halok bo‘lgan askarlar shaxsiga aniqlashtirish jarayonida Boborahim Abdullayevning ham hoki va shaxsiy buyumlari topilgan.

    Taʼkidlash kerakki, O‘zbekistondan Ikkinchi jahon urushiga otlangan ikki millionga yaqin yurtdoshlarimizdan qariyb sakkiz yuz minggi oilasi bag‘riga qaytmadi. Qanchadan-qancha o‘zbek onalari farzandi halok bo‘lganiga ishonmay, umrining oxirigacha jigarbandining yo‘lini poyladi.

    Albatta, bu haqda gapirish oson emas. Salkam bir millionga yaqin o‘zbekistonlikning umriga zomin bo‘lgan urushni keltirib chiqargan oqibatlarni tahlil qilish, urush frontlaridan qaytmagan yurtdoshlarimiz haqidagi maʼlumotlarni aniqlashtirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilyapti. Turli tashkilotlar, ko‘ngillilar tomonidan izlanish va o‘rganishlar olib borilmoqda, nomaʼlum askarlar shaxsiga aniqlik kiritilmoqda. Ushbu xayrli ishlar jarayonida urushda halok bo‘lgan o‘zbek askarlari hoki qo‘yilgan joylar haqida ham xabarlar kelmoqda.

    Jumladan, O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasi ushbu yo‘nalishda Rossiyadagi tegishli arxivlar hamda nomaʼlum askarlar nomini abadiylashtirish bilan shug‘ullanadigan otryadlar bilan hamkorlik qilmoqda.

    Yaqinda Sankt-Peterburgdagi “Pulkoves” yoshlar uyi Bosh konsulxonaga «Liniya fronta» qidiruv otryadi tomonidan Ikkinchi jahon urushi janglarida halok bo‘lgan Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan yurtdoshimiz Boborahim Abdullayevning hoki va shaxsiy buyumlari topilganini maʼlum qildi.

    Rossiya vakillari yurtdoshimizning qarindoshlarini topishda ko‘mak so‘radi. Olib borilgan ishlar natijasida marhum askarning yaqin qarindoshlari aniqlandi.

    O‘zbek askari jasoratiga hurmat belgisi va qarindoshlarining B.Abdullayevni Vatanda dafn etish istagidan kelib chiqib, Sankt-Peterburgdagi “Pulkoves” yoshlar uyida askarning qoldiqlari va shaxsiy buyumlarini mamlakatimiz Bosh konsulxonasi vakillariga tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

    Tadbirda Sankt-Peterburg shahar hokimligi vakillari, harbiylar, «Liniya fronta» qidiruv otryadi faollari hamda ushbu shaharda istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.

    «Liniya fronta» qidiruv otryadi komandiri A.Kulikovskiyning so‘zlariga ko‘ra, B.Abdullayev hoki va shaxsiy buyumlari 2020 yil oktyabr oyida otryad tomonidan Leningrad viloyati Kirovsk tumani Molodsovo qishlog‘i yaqinida olib borilgan qidiruv ishlari paytida topilgan.

    Sankt-Peterburg shahar Tashqi aloqalar qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i E.Kassyura shahardagi Pskarevskiy qabristonida 7 ming o‘zbekistonlik askar dafn etilgani, o‘zbek o‘g‘lonlari sharifiga bu yerda yodgorlik lavhasi o‘rnatilganini taʼkidladi. Boborahim Abdullayev ruhi ona Vatanda halovat topishi, uning oila aʼzolari uchun esa Ikkinchi jahon urushi endigina tugaganligini qayd etdi.

    O‘z navbatida, Bosh konsulxona tomonidan “Pulkoves” yoshlar uyi, «Liniya fronta» qidiruv otryadi va Sankt-Peterburg shahri vakillariga o‘zbek askarining nomini aniqlash va uning hokini Vatanga qaytarishdagi ko‘mak uchun minnatdorlik bildirildi.

    Marham askar Boborahim Abdullayevning hoki va shaxsiy buyumlari “Sankt-Peterburg-Toshkent” aviareysi bilan ona zaminga yetkazildi.