Film rejissyori Akbar Bekturdiyev. Taʼkidlanishicha, u tayyorlagan loyiha agentlik badiiy kengashi tomonidan ikkinchi muhokamada maʼqullangan. Birinchi gal muallifga ssenariyni boyitishni maslahat berishgan. Kartina Yaponiya elchixonasi bilan hamkorlikda suratga olinadi.

Xabar qilinishicha, film haqiqiy voqealarga asoslangan boʻladi: 1945-yil kuzida Sovet hukumati buyrugʻi bilan asirga tushgan minglab yapon askarlari mamlakatning chekka hududlariga, xususan, 25 mingga yaqini Oʻzbekistonga yuborilgan. Ular Toshkent shahri va viloyatlarda koʻplab inshootlarni qurishda faol ishtirok etgan.

Maʼlumki, yapon harbiy asirlari Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Davlat akademik katta teatri binosi qurilishida qatnashgan.