Ikkinchi jahon urushida qatnashgan, qahramonlarcha halok boʻlganlar xotirasi unutilmaydi

    Fikr 8 May 2022 5316

    9-may – “Xotira va qadrlash kuni” mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi.

    Inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulugʻ. Oʻtganlarni, ularning xayrli ishlarini, jasoratini yodga olmoq, eʼzozlamoq xalqimizga xos ezgu fazilatlardandir.

    Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, olovli janglardan omon qaytgan bobolarimizga, ogʻir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli daqiqalarda ham oʻzligini yoʻqotmagan, imoni butun yurtdoshlarimizga hurmat-ehtirom koʻrsatish tom maʼnoda milliy qadriyatga aylandi. Shunday ekan, oʻtgan ajdodlarimizni hamisha xotirlab, bizlarga qoldirib ketgan boy maʼnaviy-maʼrifiy meroslarini oʻrganib, hayotimizga izchil tatbiq etishib borishimiz kerak.

    Xalqimizga xos boʻlgan mehr-oqibat, muruvvat va himmat barcha bayramlarimiz singari “Xotira va qadrlash kuni” misolida ham yorqin namoyon boʻladi. Xalqimizga xos xislatlar haqida aytadigan boʻlsak, albatta, qadr-qimmat, mehr-oqibat kabi fazilatlar tilga olinadi. Keksalarni ardoqlash, koʻmakka muhtojlarning hurmatini joyiga qoʻyish qon-qonimizga singib ketgan fazilat. Ayniqsa, oʻtganlarni xotirlash, aziz otaxonu onaxonlarning duosini olmoqlik saodati oʻzgacha.

    Xotira shunday ruhiy-maʼnaviy qudratki, u insonning insonligini anglatuvchi, uni oʻtmish va istiqbol bilan bogʻlab turuvchi buyuk qadriyat, ilohiy qudratdir. Ikkinchi jahon urushi dahshatlarini boshdan kechirgan kishilar osoyishtalikni dildan his qilgan, uning naqadar muhim ekanini anglab yetib, bu yoʻlda Vatanini, oilasini, oʻzligini himoya qilish uchun ikkilanmasdan jonini garovga qoʻyib xizmat qilganlar. Ming afsuski, hozirgi kunda ularning saflari tobora kamayib bormoqda. Yoshligining navqiron chogʻlarini urush olovlarida, janggohlarda oʻtkazib, bugungi tinch va osoyishta hayotimiz uchun kurashgan insonlar jasorati beqiyosdir.

    Bugun nishonlayotgan bayramimiz shunday bir kunki, u shu yurtda yashayotgan har qaysi oila, har qaysi xonadon uchun bevosita daxldor boʻlgan, ularning hayotida qandaydir chuqur iz qoldirgan tarixiy sanadir. Ayni shu kunda hammamiz eng avvalo, urush maydonlaridan qaytmagan yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi oldida bosh egib, ularning ruh poklariga hurmat bajo keltiramiz. Jang maydonlarida mardlik, jasorat koʻrsatgan, front ortida fidokorona mehnat qilgan va bugun oramizda sogʻ-omon yurgan faxriylarimizga taʼzim qilamiz. Hozirgi tinch-osoyishta hayotimiz, musaffo osmonimiz uchun ularga cheksiz minnatdorchilik bildiramiz.

    Shu kunning ham xursandchiligini, ham iztirobini urush qatnashchilari, muhtaram faxriylarimiz bilan baham koʻrib, yana bir bor butun xalqimizni ana shu tarixiy sana Xotira va qadrlash kuni bilan tabriklayman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, mustaqilligimiz abadiy boʻlsin!

    Fatima Seydabdullayeva,

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

    Tuproqqalʼa tuman boʻlinmasi rahbari.