Ikkita teatrimiz Xitoyning Ipak yo‘li xalqaro teatrlar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilindi

    Xitoy sanʼati va namoyishlar guruhi raisi Li Jinshen bilan kechgan muloqot yakuni bo‘yicha Alisher Navoiy nomli Davlat akademik katta teatrining Guanchjou opera teatrida spektakllari namoyishini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

    Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi ko‘magida Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri va Xorazm viloyati qo‘g‘irchoq teatri vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasining 13-Guanchjou Xalqaro sahna sanʼati yarmarkasi doirasida o‘tkazilgan Ipak yo‘li xalqaro teatrlar uyushmasi 6-yillik konferensiyasida ishtiroki tashkil etildi.

    Konferensiyaning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri direktori Ramiz Usmonov O‘zbekistonda madaniyat va sanʼat rivojlanishi, uning qo‘llab-quvvatlanishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan jadal islohotlar haqidagi maʼlumotlarni o‘rtoqlashdi.

    Anjumanda Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri va Xorazm viloyati qo‘g‘irchoq teatri Xitoyning Ipak yo‘li xalqaro teatrlar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilindi.

    Bosh konsulxona tomonidan tadbir doirasida qator madaniy muassasalar rahbarlari bilan ikki tomonlama muzokaralar tashkil etildi. Xususan, Xitoy sanʼati va namoyishlar guruhi raisi Li Jinshen bilan kechgan muloqot yakuni bo‘yicha Alisher Navoiy nomli Davlat akademik katta teatrining Guanchjou opera teatrida spektakllari namoyishini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

    Maʼlumot uchun: Xitoyning Ipak yo‘li xalqaro teatrlar uyushmasi XXR Madaniyat vazirligi tomonidan 2016-yili tashkil etilgan. Uyushmaning asosiy vazifasi Ipak yo‘li bo‘ylab mamlakatlarning madaniy va badiiy rivojlanishini faollashtirish hamda Osiyo, Yevropa va Afrikadagi nufuzli madaniyat muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashdan iborat.