Bu haqda YHXX boshlig‘i Sherzod Ibragimov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.

Taʼkidlanishicha, voyaga yetmaganlarga transport vositasini boshqarishni topshirish, aholi punktlarida noqonuniy poygalar uyushtirish va qo‘pol qoidabuzarliklarni muntazam sodir etish holatlari yo‘llardagi xavf-xatarlarni keskin oshirmoqda. Shuningdek, ayrim qoidabuzarlarning jarimani chegirma asosida to‘lashi ularning takroran huquqbuzarlik sodir etishiga sharoit yaratayotgani qayd etilgan.

Shundan kelib chiqib, bir qator yangi choralarni joriy etish taklif qilinmoqda. Jumladan:

  • besh turdagi qo‘pol qoidabuzarlik uchun transport vositasini vaqtincha olib qo‘yish;
  • voyaga yetmagan shaxslarga transport boshqarishni topshirganlik uchun alohida maʼmuriy javobgarlik belgilash;
  • noqonuniy poyga tashkil etish va unda ishtirok etish uchun javobgarlikni kuchaytirish;
  • yuk avtomobillarini tungi vaqtda yo‘l chetida tashlab ketganlik uchun alohida choralar ko‘rish;
  • transport boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan yoki ushbu huquqdan mahrum qilingan shaxs tomonidan sodir etilgan yo‘l bezoriligi uchun avtomashinani musodara qilish yoki vaqtincha olib qo‘yish;
  • mast holda avtomobil boshqarganlik uchun 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosini qo‘llash;
  • qo‘pol qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilarga nisbatan bir yil davomida jarimani chegirma bilan to‘lash imtiyozini tatbiq etmaslik.

Takliflarning eng muhim jihatlaridan biri — voyaga yetmagan shaxsga transport boshqarishni topshirish oqibatida odam jarohatlansa, halok bo‘lsa yoki boshqa og‘ir oqibatlar yuz bersa, bunday holatlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoyiy javobgarlik joriy etilishi nazarda tutilmoqda.

Mazkur takliflar qabul qilinsa, yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash va qo‘pol qoidabuzarliklarning oldini olish bo‘yicha qonunchilikdagi choralar sezilarli darajada kuchaytiriladi.