Ilhom ALIYEV: “Oʻzbekiston va Ozarbayjon qardosh mamlakatlar, ishonchli ittifoqchilardir”

    Toshkent shahrida boʻlajak Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi oldidan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan intervyu tashkil qilindi.

    — Hurmatli janob Prezident, Tosh­kent shahrida boʻlib oʻtadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvida ishtirok etishingiz ku­tilyapti. Ushbu format haqida qanday fikrdasiz? Ozarbayjonning mintaqa davlatlari bilan aloqalari qay tusda rivojlanmoqda va hamkorlikning bu­gungi darajasi Sizni qoniqtiradimi?

    — Avvalo, taʼkidlamoqchimanki, bu Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvida faxriy mehmon sifatida uchinchi bor ishtirok etishim. Men qatnashgan birinchi shunday tadbir 2023-yil Dushanbeda, ikkinchisi 2024-yil Ostonada boʻlib oʻtgan. Navbatdagi mulo­qotga Toshkent mezbonlik qiladi. Barcha hamkasblarim, ayniqsa, Oʻzbekiston Pre­zidenti, birodarim Shavkat Mirziyoyevga taklif hamda Ozarbayjonning ushbu mu­him tadbirda ishtirokini qoʻllab-quvvat­lagani uchun samimiy minnatdorlik bil­diraman.

    Ozarbayjon va Markaziy Osiyo mam­lakatlari strategik ahamiyati tobora or­tib borayotgan umumiy tarixiy-madaniy, geografik va geosiyosiy makonni barpo etmoqda. Bir qarashda Ozarbayjonni Mar­kaziy Osiyo davlatlaridan ajratib turgan Kaspiy dengizi, aslida, davlatlarimizni jipslashtiruvchi muhim omil hisoblana­di. Bugun ushbu dengiz shunchaki geografik tushuncha emas, balki strategik birlik, iqtisodiy salohiyat va xalqlarimizning tarixiy hamkorligi ramzidir.

    Mamlakatlarimizni nafaqat geografik yaqinlik, balki tarixiy-madaniy aloqa­lar, mushtarak diniy va maʼnaviy qadriyat­lar, urf-odatlar birlashtirib turadi.

    Ozarbayjon mintaqadagi barcha mamla­katlar bilan hamkorlikni eng yuqori da­rajada har tomonlama rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratadi. Ikki tomonla­ma oʻrnatilgan mazkur strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari, shuning­dek, faol siyosiy muloqotimiz, oʻzaro tash­riflarimiz ushbu jarayon muvaffaqiyatli kechishida hal qiluvchi ahamiyatga ega deb hisoblayman.

    Soʻnggi bir necha yil ichida davlat rah­barlarining oʻzaro tashriflari va mulo­qotlari dinamikasi munosabatlarimiz yuqori darajada ekanini yaqqol namoyon etmoqda. Xususan, oxirgi 3 yil ichida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Ozarbayjonga 30 ga yaqin tashrifni amalga oshirdi, men esa xuddi shu davrda qardosh mamlakatlarga 13-marta bordim.

    Oʻrta yoʻlakning ahamiyati ortib borayot­gani sheriklik koʻlamini kengaytirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratmoqda.

    Ishonchim komilki, Markaziy Osiyo dav­latlari rahbarlarining 7-Maslahat uchra­shuvi qardosh xalqlarimiz oʻrtasidagi aza­liy doʻstlik rishtalarini mustahkamlash, siyosiy, iqtisodiy, transport, investitsiya, energetika, madaniy-gumanitar va raqamli transformatsiya sohalaridagi koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishda muhim bos­qich boʻladi.

    — Muhtaram Prezident, Ozarbay­jon va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro tashriflar jadal­lashgani, faol siyosiy muloqot yoʻlga qoʻyilib, oʻzaro anglashuv yuksak dara­jaga koʻtarilganini taʼkidladingiz. Soʻnggi bir yarim yil ichida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozar­bayjonga 5-marta tashrif buyurdi. Qo­laversa, yil davomida turli xalqaro maydonlarda ham bir necha bor uchrash­dingizlar. Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasida diplomatik munosabat oʻrna­tilganining 30 yilligi nishonlanayot­gan joriy yildagi ikki tomonlama alo­qalar holatini qanday baholaysiz?

    — Oʻzbekiston — Ozarbayjon uchun qardosh mamlakat, ishonchli ittifoq­chi. Bizni mushtarak ildizlar, maʼnaviy qadriyatlar, til, etnik yaqinlik, boy ta­rixiy va madaniy meros birlashtirib turadi. Asrlar davomida qardosh xalq­larimiz oʻzaro iliq munosabatda boʻlib, bir-birini chuqur hurmat qilgan. Bugun davlatlararo munosabatlarimiz ana shu mustahkam poydevor asosida muvaffa­qiyatli rivojlanib borayotgani quvonar­li, albatta.

    Hozirga kelib, Ozarbayjon va Oʻz­bekiston oʻrtasidagi munosabatlar eng yuqori — ittifoqchilik darajasiga koʻ­tarilgan.

    Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bilan oʻrtamizda shakllangan ishonchli va doʻstona shaxsiy munosabat­lar ham ikki tomonlama aloqalarni ri­vojlantirishda muhim omil hisoblanadi. Oʻzbekiston yetakchisining davlatlararo munosabatlarimiz rivojiga qoʻshayotgan shaxsiy hissasi, keng koʻlamli hamkor­likni izchil mustahkamlash masalalariga qaratayotgan doimiy eʼtiborini alohida taʼkidlamoqchiman.

    Qardosh Oʻzbekiston rahbari, atoqli dav­lat arbobi, Ozarbayjonning yaqin doʻsti Pre­zident Shavkat Mirziyoyevni yurtimizda qabul qilish biz uchun doim katta sharaf va mamnu­niyat bagʻishlaydi. Qayd etganingizdek, oʻtgan bir yarim yil davomida bunday tashriflar besh marta yuz berdi. Bularning bari munosa­batlarimizning yuqori surʼatidan dalolat.

    Oʻtgan yil avgust oyida men davlat tashri­fi bilan Oʻzbekistonda, shu yil iyul oyida esa Oʻzbekiston Prezidenti Ozarbayjonda boʻldi. Ushbu tarixiy tashriflar doirasi­da oʻnlab, jumladan, Strategik sheriklikni yanada mustahkamlash toʻgʻrisidagi dekla­ratsiya, Ozarbayjon Respublikasi va Oʻzbe­kiston Respublikasi oʻrtasida 2025-2029-yillarga moʻljallangan Ittifoqchilik mu­nosabatlari toʻgʻrisidagi shartnomani amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” va boshqa mu­him hujjatlar imzolandi. Oʻtgan qisqa davr mobaynida ulkan ishlar bajarildi. Oʻzaro tashriflarning hammasi Ozarbayjon — Oʻz­bekiston munosabatlarini barcha sohalarda mustahkamlash, shuningdek, Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqasini oʻz ichiga olgan yagona geografik makonda sheriklikning yangi imko­niyatlarini roʻyobga chiqarishga kuchli turtki berdi.

    Munosabatlarimizni rivojlantirish strategiyasini belgilashda 2023-yil avgust oyida taʼsis etilgan Oliy davlatlararo ken­gash ham alohida oʻrin tutadi. Oʻzaro davlat tashriflari doirasida — 2024-yil 22-avgust kuni Toshkentda va 2025-yil 2-iyulda Bokuda ushbu tuzilma yigʻilishlari boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston Ozarbayjonning hududiy yax­litligini doimo qoʻllab-quvvatlab kelgan. Fursatdan foydalanib, qardosh Oʻzbekis­tonga Qorabogʻni tiklash, xususan, Fuzuliy­da hozir 600 nafarga yaqin oʻquvchi tahsil olayotgan buyuk oʻzbek olimi Mirzo Ulugʻbek nomidagi maktab qurilishiga qoʻshgan hissa­si uchun minnatdorlik bildiraman. Oʻzbekis­ton Qorabogʻ mintaqasini tiklashda yordam koʻrsatish tashabbusi bilan chiqqan dunyodagi birinchi davlat boʻldi. Biz buni mamlakatla­rimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi hamjihat­lik, doʻstlik, birodarlik ifodasi sifatida doimo yodda saqlaymiz.

    Qardosh mamlakatga boʻlajak tashrifni intizorlik bilan kutyapman. Har safar Oʻz­bekistonning jadal rivojlanishini, mam­lakat xalqi erishayotgan ulkan yutuqlarni behad mamnunlik bilan kuzataman. Keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotga­ni, jamiyat hayotining barcha sohalari iz­chil modernizatsiya qilinayotgani mamlakat­ning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori va mavqeini yanada yuksaltirishga xizmat qil­moqda. Bu yutuqlar doʻstim va birodarim Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan, aniq maqsadga yoʻnalti­rilgan va puxta oʻylangan davlat siyosati samarasidir.

    Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik nafaqat ikki tomonlama formatda, bal­ki xalqaro maydonda ham muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Ozarbayjon va Oʻzbekis­ton Turkiy davlatlar tashkilotining faol aʼzolari hisoblanib, turkiy birlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshmoqda. Bundan tashqari, munosabatlarimiz BMT, Qoʻshilmaslik harakati, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashki­loti, OHICHK va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali tus olgan.

    — Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasi­dagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning bu­gungi darajasini qanday baholaysiz?

    — Savdo-iqtisodiy hamkorlikning hozirgi dinamikasidan toʻliq qoniqish mumkin. Har ikki tomon oʻzaro aloqalar­ni kengaytirish uchun katta ishlar qil­moqda, yangi loyihalarni, qoʻshma tashab­buslar ilgari surishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Bugungi kunda Ozarbayjonda Oʻzbekiston investitsiyasi ishtirokidagi 120 ga yaqin tijorat tashkiloti roʻyxat­dan oʻtgan holda, iqtisodiyotning turli tarmoqlari, jumladan, sanoat, qishloq xoʻjaligi, qurilish, transport va xizmat koʻrsatish sohalarida muvaffaqiyatli fao­liyat yuritmoqda.

    Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo jadal surʼat bilan rivojlanmoqda. Xususan, 2024-yil oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 252 million dollarni tashkil etdi, 2025-yil yanvar-sentyabr oylarida ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nis­batan 87,5 foiz oʻsib, 319 million dollarga yetdi.

    Sarmoyaviy hamkorlik mustahkamlanmoq­da. Bugungi kunga qadar Oʻzbekiston Ozarbay­jon iqtisodiyotiga 21,8 million dollar sar­moya kiritgan, Ozarbayjon esa Oʻzbekiston iqtisodiyotiga 183,5 million dollar inves­titsiya yoʻnaltirgan. 2023-yil umumiy kapi­tali 500 million dollarlik, ham mamlakat­larimiz hududida, ham uchinchi davlatlarda loyihalar amalga oshirishni koʻzda tutgan Ozarbayjon — Oʻzbekiston qoʻshma investi­siya kompaniyasi tashkil etildi.

    Yengil sanoatni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratayotgan, anʼanaviy doʻstlik va qardoshlik rishtasini mustah­kamlashga hissa qoʻshayotgan Xonkendidagi qoʻshma korxona — tikuvchilik fabrikasi ham alohida eʼtiborga loyiq.

    Iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish orqali sheriklikning istiqbolli yoʻnalish­larini belgilashda Ozarbayjon Respubli­kasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya faoliyatini eʼtirof etish lozim. Muntazam oʻtkazib kelinayotgan Ozarbayjon — Oʻzbe­kiston mintaqaviy forumi ayni yoʻnalish­dagi hamkorlikni rivojlantirish uchun sa­marali platformaga aylandi.

    Ozarbayjon qardosh Oʻzbekiston bilan iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ham­korlikni yanada kengaytirishdan manfaat­dor. Buning uchun yuksak siyosiy iroda va ul­kan salohiyat mavjud. Bugungi kunga qadar iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish uchun ishonchli huquqiy asos yaratgan 200 ga yaqin hujjat imzolangan. Ozarbayjon bun­dan keyin ham ikki tomon manfaatlariga mos keladigan, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va sheriklikni mustahkamlashga xizmat qiladigan hamkorlikni qoʻllab-quv­vatlaydi.

    — Transport, logistika va energetika sohalarida ikki tomonlama hamkorlik­ning qanday istiqbollarini koʻryapsiz?

    — Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi ham­korlikning asosiy yoʻnalishlaridan biri diversifikatsiyalangan transport-logis­tika infratuzilmasini yaratish va tranzit imkoniyatini kengaytirishdir. Bu borada mamlakatlarimizning “Oʻrta yoʻlak” xalqa­ro transport yoʻlagidagi ishtiroki alohida ahamiyatga ega. Bu jarayonda Ozarbayjon Oʻz­bekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun muhim tranzit davlat hisoblanadi. Soʻnggi yillarda ushbu yoʻlak orqali eks­port imkoniyati va tashuv salmogʻini oshi­rish masalasi alohida strategik ahamiyat kasb etmoqda.

    2024-yil mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tranzit tashuv 2023-yilga nisbatan 18 foiz­dan koʻproq oshib, 1 million 300 ming tonna­dan ortdi. 2025-yilning toʻqqiz oyidayoq bu koʻrsatkich qariyb 1 million tonnaga yetib, transport almashinuvi jadal oʻsib borayotga­nini koʻrsatdi.

    Ozarbayjonda yaratilgan zamonaviy transport infratuzilmasi, jumladan, savdo floti, yaqin yillarda quvvati 25 million tonnaga yetadigan “Alat” xalqaro savdo porti, Boku — Tbilisi — Qars te­mir yoʻli, shuningdek, mamlakatning toʻq­qiz xalqaro aeroporti global transport va logistika markazi sifatidagi oʻrnimizni mustahkamlovchi omillardir. Bundan tash­qari, Zangezur yoʻlagi ochilishi ham Marka­ziy Osiyoning barcha mamlakatlariga foyda keltiradi.

    Shaharlarimiz oʻrtasidagi aviaparvozlar muhim ahamiyatga ega. “AZAL” aviakompaniya­si haftasiga Boku — Toshkent — Boku yoʻna­lishida 7-marta, Boku — Samarqand — Boku hamda Boku — Urganch —Boku yoʻnalishlari­da 2-martadan yoʻlovchi reyslarini amalga oshirmoqda. Oʻz navbatida, bir haftada “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi samo­lyotlari Toshkent — Boku — Toshkent yoʻna­lishi boʻylab 3-marta, “Centrum” kompaniyasi uchoqlari esa 2-marta uchyapti.

    Energetika sohasidagi hamkorlik va “yashil” energetikani rivojlantirish ham ustuvor yoʻnalishlar boʻlib qolmoqda. “SOCAR” Oʻzbekistonga Ozarbayjon neft va neft-kimyo mahsulotlari eksport qila­di. 2016-yildan buyon “Ozlitineftgaz” ins­tituti va “SOCAR NIPI Neftegaz” negizi­da tashkil etilgan “Neftegaztexnologiya” qoʻshma korxonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

    2024-yil Ozarbayjon, Qozogʻiston va Oʻzbekiston energetika tizimlarini integ­ratsiyalash va qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga qaratilgan qator strategik bitim va memorandumlarni imzoladi. Bu mintaqani barqaror rivoj­lantirish va energetika sohasidagi hamkor­likni mustahkamlash uchun yangi istiqbollar ochadi.

    — Ozarbayjon va Oʻzbekistonning ma­daniy-gumanitar sohadagi hamkorligi haqida nima deya olasiz?

    — Madaniy-gumanitar hamkorlik mamla­katlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va qardosh­likni mustahkamlash, xalqlar oʻrtasidagi toʻgʻridan toʻgʻri muloqotni kengaytirishda muhim rol oʻynaydi. Biz umumiy tarixiy- madaniy qadriyatlarni asrab-avaylash yoʻli­da birga odimlab, barcha darajalarda yaqin hamkorlikni davom ettiryapmiz.

    Xususan, 2023-yil Ozarbayjonda Oʻzbe­kiston madaniyati kunlari, 2024-yil Oʻzbe­kiston fan va madaniyat kunlari oʻtkazildi. Shu yil Oʻzbekistonda Ozarbayjon madaniya­ti kunlari, Xiva shahrida “Shusha kunlari” tashkil etildi. Ushbu tadbirlar xalqla­rimizning boy madaniy merosini namoyon etish, oʻzaro hamjihatlikni mustahkamlash va bir-birimizning maʼnaviy olamimizni boyitishga boʻlgan yakdil intilishni aks et­tiradi.

    Mamlakatlarimiz hududlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ismoilli — Rish­ton, Shusha — Xiva, Lankaran — Buxoro, Sheki — Qoʻqon, Bilasuvar — Termiz, Min­gachevir — Namangan, Fuzuliy — Guliston, Quba — Jizzax, Beylagan — Shahrisabz sha­harlari oʻrtasida birodarlik va sheriklik aloqalari oʻrnatildi. Hududlararo aloqalar faollashuvi xalqlarni yaqinlashtirish, taj­riba almashish va hamkorlikning madaniy- gumanitar kun tartibini boyitishga xizmat qilmoqda.

    Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik­ning ramziy ifodasi sifatida madaniy ahamiyatga ega obyektlar mavjud: Toshkentda Haydar Aliyev maydoni bor. Shu yil iyul oyida Bokuda “Oʻzbekiston” bogʻiga tamal toshi qoʻyildi.

    Fursatdan foydalanib, Ozarbayjon xal­qining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev xotirasiga koʻrsatilayotgan ehtirom, chin bi­rodarlik munosabati uchun Oʻzbekiston rah­bariyati va butun qardosh oʻzbek xalqiga min­natdorlik bildirmoqchiman.

    Sport sohasidagi hamkorlikda ham yaxshi natijalarga erishilmoqda. Ikki davlatning birgalikdagi saʼy-harakatlari natijasida FIFA Ijroiya qoʻmitasi 2027-yil boʻlib oʻtadigan U-20 Jahon chempionati final bosqichini Ozarbayjon va Oʻzbekistonda oʻt­kazish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Bu Yev­ropa va Osiyoni birlashtiradigan umumiy tarixiy yutugʻimizdir.

    Ommaviy axborot vositalari va nodavlat tashkilotlar oʻrtasidagi hamkorlik ham sa­marali rivojlanmoqda. 2024-yil 23-25 sen­tyabr kunlari Toshkentda birinchi Oʻzbekis­ton — Ozarbayjon mediaforumi, joriy yil 29-sentyabrda Bokuda ikkinchi Ozarbayjon — Oʻzbekiston mediaforumi boʻlib oʻtdi. Bundan tashqari, 2024-yil dekabr oyida Toshkentda ilk bor Oʻzbekiston va Ozarbayjon nodavlat tashkilotlari forumi tashkil etildi.

    Mazkur tadbirlar va amalga oshirilgan loyihalarning barchasi Ozarbayjon va Oʻz­bekistonning madaniy-gumanitar sohadagi mustahkam qardoshlik aloqalarini yaqqol namoyon etib, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻst­likni mustahkamlash, maʼnaviy va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xiz­mat qilmoqda.

    — Janob Prezident, ushbu mazmunli suhbat uchun tigʻiz ish jadvalingizdan vaqt ajratganingiz uchun rahmat.

    — Oʻzbek xalqining Ozarbayjon — Oʻzbe­kiston munosabatlari va umuman, mintaqada roʻy berayotgan jarayonlarga qiziqishi tobora ortib borayotgani menga katta mamnuniyat ba­gʻishlaydi. Asrlar davomida qardosh xalqla­rimiz va mamlakatlarimizni bogʻlab kelgan doʻstlik va hamkorlik rishtalari bardavom boʻlsin.