Mamlakatimizda Davlat byudjeti, degan ibora oxirgi yillarda tez-tez tilga olina boshladi. Odatda, siyosatchilar, iqtisodchilar orasida qo'llaniladigan bu atama ijtimoiy hayotga, odamlar tiliga ko'chgani ijobiy holat. Chunki davlat byudjeti mablag'larining shakllantirilishi va sarflanishi aholini eng ko'p qiziqtiradigan masalalardan biri. Aslida ham, davlat byudjeti o'z nomi bilan mamlakatning iqtisodiy faoliyatini belgilovchi omil bo'lsada, asosida xalq va uning manfaatlari yotadi. SHunday ekan, fuqarolar mazkur yo'nalishdagi barcha savollariga javob olishga to'la haqli.
Ammo ilgarilari davlat byudjeti to'g'risidagi ma'lumotlar oddiy odamlardan sir saqlanib, faqat mas'ul davlat idoralarigagina ma'lum bo'lgan. Mamlakatimizda keyingi yillarda boshlangan ochiqlik siyosati tufayli mazkur yo'nalishda ham aholiga barcha ma'lumotlarni ochiq-oshkora yetkazish yo'lga qo'yildi. Hatto, iqtisodiy loyihalarni shakllantirish va joriy etishda xalq fikri, taklif va tashabbuslari inobatga olinmoqda. Yaqin yillarda o'ziga xos tajribaga aylangan birgina “Tashabbusli byudjet” loyihasi buning yorqin misoli.
Soha mutaxassislari tomonidan tayyorlangan “2024-yil uchun O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to'g'risida”gi Qonuni loyihasi ham shu maqsadda keng jamoatchilik muhokamasiga qo'yildi. Unga qo'shimcha tarzda yurtimizning 2024—2026-yillarga mo'ljallangan makroiqtisodiy ko'rsatkichlar prognozi hamda davlat byudjeti sarfining nazoratiga qaratilgan Byudjetnoma ham ishlab chiqilgan.
Qonun loyihasi 17 ta modda va 11 ilovadan iborat bo'lib, undan kelgusi yilda mamlakatimiz Davlat byudjetining asosiy parametrlari joy olgan. Yurtimizning yaqin yillardagi barcha iqtisodiy amaliyotlari, daromadlaridan tortib, xarajatlarigacha keltirilgan. Ushbu tahlillarga asoslanib, mutaxassislar mamlakatimizning iqtisodiy ko'rsatkichlari keyingi yillarda o'sishda davom etishini prognoz qilmoqda. Xo'sh, buning uchun qanday chora-tadbirlar belgilangan? Umuman, davlat byudjeti qaysi mezonlar asosida ishlab chiqildi va nimalarga saflanadi? Shu kabi savollar bilan mutasaddilarga yuzlandik.
Ilhom NORQULOV,
Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o'rinbosari:
— Davlat byudjeti mamlakatning pul daromadlari va xarajatlari ro'yxatini o'zida ifodalovchi asosiy moliyaviy hujjat bo'lib, uning ochiq va shaffof bo'lishi yurt rivoji, jamiyat qurilishini takomillashtirish, islohotlar samaradorligiga erishishda muhim o'rin tutadi. Shu bois, uni ishlab chiqish va nazoratini yo'lga qo'yish soha vakillari zimmasiga katta mas'uliyat yuklaydi. Iqtisodiy tahlillar, ko'rsatkichlar esa aniq raqamlar, hisob-kitoblarga asoslanadi. Ya'ni, biz ijtimoiy hayotda ko'p tilga oladigan Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg'armalari byudjetlari loyihalari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ustuvorliklari, moliya yiliga mo'ljallangan makroiqtisodiy ko'rsatkichlar prognozi hamda soliq va byudjet siyosatining muhim yo'nalishlari asosida tuziladi. Mamlakatimizning Davlat byudjeti ham shunchaki shakllantirilmagan, har bir iqtisodiy ko'rsatkich, foiz va summalar o'z asoslariga ega.
Masalan, keyingi yilda ham byudjet xarajatlarining ijtimoiy yo'naltirilganligi saqlab qolinib, ta'lim, sog'liqni saqlash, ijtimoiy himoya, fan, madaniyat va sportni rivojlantirish, muhtoj aholini uy-joy bilan ta'minlash va boshqa ijtimoiy tadbirlar uchun jami Davlat byudjeti xarajatlarining 48 foizi yoki 151,4 trillion so'm mablag' yo'naltiriladi. Inson kapitalini rivojlantirish xarajatlariga 102,5 trillion so'm, aholini ijtimoiy himoya qilish jami xarajatlari uchun 18,6 trillion so'm, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlariga muvofiq qabul qilingan Davlat dasturlari va tadbirlarni amalga oshirish uchun esa 53,1 trillion so'm mablag' ajratilishi ko'zda tutilgan.
Sir emas, jahonda kechayotgan hozirgi geosiyosiy vaziyatlar sharoitida iqtisodiy o'sish ko'rsatkichlarini oshirib borish oson emas. Buning uchun, avvalo, makroiqtisodiy ko'rsatkichlarni ishlab chiqish, byudjet parametrlarini shakllantirishda tizimli vazifalarni amalga oshirish zarur. Bu sentyabr oyida qabul qilingan O'zbekiston — 2030 strategiyasida ham nazarda tutilgan. Xususan, 2030-yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 barobar oshirish va “daromadi o'rtachadan yuqori bo'lgan davlatlar” qatoriga kirish uchun yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yoki aholi jon boshiga 4 ming dollarga yetkazish, kelgusi etti yilda 250 milliard dollardan ortiq investitsiyalarni iqtisodiyotga yo'naltirish uchun sharoit yaratish, yillik eksport hajmini 45 milliard dollarga etkazish va shu kabi boshqa asosiy vazifalar asosida aniq chora-tadbirlar belgilangan. SHu maqsadlardan kelib chiqib 2024—2026-yillarga uchun makroiqtisodiy ko'rsatkichlar prognozini ham ishlab chiqdik.
Bunda birinchi vazifamiz makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlashdan iborat. YA'ni, iqtisodiy taqchillikni bosqichma-bosqich pasaytirib, o'sish ko'rsatkichlarini oshirib borishimiz lozim. Xususan, 2024-yilda aholi jon boshiga to'g'ri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmi 2,5-2,7 ming dollar atrofida bo'lib, 2026 yilda 2,8—3 ming dollarga yetkaziladi. Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 6 foiz, qurilish ishlari 6,3 foiz, investitsiyalar 6,1 foiz, qishloq xo'jaligi 4 foiz, bozor xizmatlari 14,9 foiz va eksport hajmi 15 foizga o'sishi prognoz qilinmoqda.
Shu o'rinda, iqtisodiy o'sish ko'rsatkichlari nimaning hisobiga ta'minlanadi, degan savol tug'ilishi tabiiy. Albatta, tizimli islohotlarni yanada faol davom ettirish hisobiga. Asosiy yo'nalishlardan birinchisi, iqtisodiy tarmoq va sohalarning barqaror rivojlanishi uchun zaruriy sharoitlarni yaratish bilan bog'liq. Xususan, davlat korxonalarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish bo'yicha ishlarni jadallashtirish ko'zda tutilgan.
Ikkinchi yo'nalish, kelasi yilda sanoat tarmog'ida ishlab chiqarish hajmini 6 foizga oshirishdan iborat. Bunda hisob-kistoblarimizga ko'ra, o'tgan yillarda boshlangan 319 ta yirik loyihalarni o'z vaqtida ishga tushirishni vazifa qilib olganmiz. Uchinchi yo'nalish bo'lsa, qishloq va suv xo'jaligi tarmog'ida unumdorlikni oshirishga qaratilgan islohotlarni davom ettirish va sohadagi muammolarni bartaraf etish choralarini amalga oshirishga qaratilgan. Xususan, hududlarning salohiyatini inobatga olgan holda qishloq xo'jaligi o'sish sur'atini 2024 yilda 4 foiz, keyingi yillarda 4,5-5 foizga yetkazish bo'yicha choralar belgilangan.
To'rtinchi yo'nalish xizmatlar bozorini rivojlantirish orqali 2024-yilda bozor xizmatlari o'sishini 14,9 foizga etkazish bilan bog'liq. Gap shundaki, hozirgi vaqtda xizmatlar sohasi mamlakatimiz iqtisodiyotining eng katta salohiyatga ega yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, yangi shakllanib kelayotgan yo'nalishlar, jumladan, aloqa va axborotlashtirish, moliya xizmatlari, transport xizmatlari o'sib borishi prognoz qilinyapti. Buning uchun oldimizda yangi imkoniyatlarni ochib berish vazifasi turibdi. Shu bois, kelasi yili o'rta va yirik shaharlar, aholisi 300 mingdan ko'p bo'lgan tumanlarda 7,2 mingta savdo servis ob'ektlari, 2200 ta bo'sh maydonlarda ko'chma savdo faoliyatini yo'lga qo'yish, 600 ta yangi mehmonxona, mehmon uylarini tashkil qilish kabilar belgilangan. Xizmatlar sifatini oshirishda transport masalalariga ham alohida e'tibor beriladi. Tranzit yuklarni tashish hajmini 13,7 million tonnaga, elektrlashtirilgan temir yo'llar ulushini 65 foizga yetkazish ishlari ko'zlangan.
Nihoyat, beshinchi yo'nalish 2024-yilda byudjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foizdan hamda kelgusi yillarda 3 foizdan oshirmaslik bo'yicha byudjet intizomini kuchaytirishga qaratilgan. Joriy yil 9 oyi ma'lumotlariga ko'ra, mamlakatimizda davlat byudjeti taqchilligi 6 foizga yaqinlashgan. Bu aholining ijtimoiy qatlamini qo'llab-quvvatlash uchun qo'shimcha mablag'lar sarflanishi va boshqa omillarga bog'liq bo'lib, bu yil oxirida ham shunday ko'rsatkich saqlanib qoladi, degani emas. CHunki xarajatlar va daromadlar mavsumiy xarakterga ega va byudjet taqchilligi ham o'zgarib turadi.
Biroq buni o'z holicha tashlab bo'lmaydi, nazoratga olish lozim. Byudjet mablag'lari samaradorligini oshirish uchun, birinchi navbatda, ularni rejalashtirish choralari ko'rilyapti. Joriy yilda natijaga yo'naltirilgan byudjet tizimi asosida maqsadli indikatorlar shakllantirilib, Byudjetnoma e'lon qilindi. Unda barcha vazirlik va idoralarga ajratilgan mablag'lar nimalarga yo'naltirilishi bo'yicha aniq raqamlar keltirilgan. Masalan, sog'liqni saqlash tizimida ajratilayotgan byudjet mablag'lari hisobidan nechta bemor davolanadi, nechta fuqaroga yordam ko'rsatilishigacha keltiriladi. Yil davomida ushbu ko'rsatkichlarning samaradorligi va natijasi bo'yicha hisobotlarni olib, jamoatchilikka e'lon qilib borish rejalashtirilyapti.
(Maqola “YAngi O'zbekiston” gazetasining 03.11.23 y, 229-sonida e'lon qilingan)