Ilm erkinligidan mosuvo jamiyat taraqqiyotdan ortda qoladi

    Fikr 2 Dekabr 2025 284

    Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun nafaqat davlatimiz tarixidagi muhim siyosiy voqea, balki taraqqiyotimizning huquqiy poydevori mustahkamlangan sana sifatida xalqimiz qalbidan oʻrin olgan.

    Bosh qonunimizda belgilangan har bir norma jamiyat hayoti, davlat rivoji, inson qadr-qimmati, ilm-maʼrifat va taʼlim tizimi kelajagini belgilovchi ustuvor mezondir. Ayniqsa, uning 51-moddasi bugungi islohotlar mazmunida markaziy oʻrin tutadi. Mazkur modda har bir fuqaroning tanlov asosida davlat hisobidan oliy taʼlim olish huquqini kafolatlashi bilan birga oliy taʼlim muassasalariga akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish, tadqiqot oʻtkazish va oʻqitish erkinligini beradi. Bu zamonaviy taʼlimning yangi paradigmasini belgilab bergan, milliy taraqqiyot strategiyasining intellektual asosini yaratgan ulkan yutuqdir.

    Soʻnggi yillardagi keng qamrovli islohotlar aynan ushbu konstitutsiyaviy normalarning hayotiy kuchga egaligini yaqqol tasdiqlamoqda. Dastlab taʼlimning adolatli va ochiq boʻlishini taʼmin­lash borasida qoʻlga kiritilgan natijalarni qayd etish lozim. 2016-yilga qadar mamlakatimizda 66 ta oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritgan boʻlsa, bugun ularning soni 200 dan oshdi, yaʼni 3 baravar koʻpaydi. Davlat grantlari soni ham izchil oshib bormoqda. 2016-yilda 66 ming tala­ba davlat buyurtmasi asosida oʻqigan boʻlsa, bugun bu koʻrsatkich 100 mingdan oʻtdi. Abituriyentlarga 5 ta, keyinchalik 6 ta taʼlim yoʻnalishini tan­lash huquqi berilishi yoshlarning oliy taʼlimga ishonchini mustahkamlab, imkoniyatlar tengligi­ni yanada taʼminladi. Ushbu jarayonlar hududlar­dagi oliy taʼlim muassasalarida ham oʻzining amaliy ifodasini topmoqda. Jumladan, Andi­jon davlat chet tillar institutiga 2024/2025 oʻquv yili uchun 192 abituriyent davlat granti aso­sida talabalikka qabul qilingan boʻlsa, 2025/2026 oʻquv yilida bu koʻrsatkich toʻliq va qisman davlat grantlari hisobidan 245 nafarga yetdi. Bu oʻtgan yilga nisbatan sezilarli oʻsish boʻlib, davlat­ning chet tillar taʼlimiga, til kompetensiyalari­ni rivojlantirishga qaratayotgan eʼtiborining hududiy darajadagi yorqin namunasidir. Bundan tashqari, institutga alohida imtiyoz asosida qa­bul qilingan talabalar soni ham koʻrsatkichlar oʻsishida muhim oʻrin tutadi. Oʻtgan oʻquv yiliga nisbatan ushbu yoʻnalish boʻyicha qabul qilinayot­gan talabalar ulushi 10 foiz oshgani, taʼlimning inklyuziv va ijtimoiy adolatga asoslangan yon­dashuvlarini amaliy jihatdan kuchaytirayotga­nining dalilidir. Bu natijalar nafaqat insti­tutning oʻquv-tarbiyaviy ishlaridagi yuksalishni, balki Konstitutsiyamizda belgilangan teng taʼlim huquqi tamoyillarining hududlarda ham izchil amalga oshayotganini koʻrsatadi.

    Konstitutsiyada mustahkamlangan akademik er­kinlik tamoyili oliy taʼlim tizimida sifat jihatdan yangi bosqichni yuzaga keltirdi. Bugun professor-oʻqituvchilar oʻquv dasturlarini xal­qaro talablarga mos ravishda mustaqil yangilash, taʼlim jarayoniga interaktiv yondashuvlar, media­savodxonlik texnologiyalari, fanlararo taʼlim platformalarini tatbiq etish imkoniyatiga ega. CEFR, EQF, Bolonya talablari asosida oʻquv re­jalari va dasturlarining qayta koʻrib chiqilishi natijasida taʼlim sifati sezilarli darajada oshdi. Respublikamizdagi 80 dan ortiq oliy taʼ­lim muassasasi xalqaro akkreditatsiyadan oʻtish jarayonini boshlagan yoki yakunlagan. Bu jarayon zamirida aynan akademik erkinlikning konsti­tutsiyaviy kafolati mujassam.

    Konstitutsiyamizning 51-moddasidagi eng dol­zarb va strategik ahamiyatga ega tamoyillardan biri tadqiqotlar oʻtkazish erkinligining konsti­tutsiyaviy darajada mustahkamlanganidir. Bugun mamlakatimiz ilmiy muhitida sodir boʻlayotgan tub oʻzgarishlar — aynan shu erkinlikning ama­liy kuchi va davlat tomonidan ilmga berilayotgan yuksak eʼtiborning yorqin ifodasi. Bugungi ta­raqqiyot tajribasi AQSH, Buyuk Britaniya, Janu­biy Koreya, Yaponiya, Germaniya, Singapur, Kanada kabi mamlakatlar iqtisodiy yuksalishi asosida aynan tadqiqotlar erkinligi, ilm-fan va inno­vatsiyaga ochiq muhit, universitetlarning musta­qilligi yotishini koʻrsatdi. Oʻzbekiston ham bugun ana shu strategik yoʻldan dadil bormoqda. Ilmiy daraja berish tizimining xalqaro standartlarga moslashuvi, doktorantura instituti takomilla­shuvi, ilmiy loyihalar soni keskin oshgani — bularning barchasi ilm-fanga ustuvor yoʻnalish sifatida qaralayotganini tasdiqlaydi.

    Statistik maʼlumotlarning oʻzi ham ilm- fanning kuchayib borayotganini yaqqol tasdiqlay­di. Soʻnggi uch yilda xalqaro ilmiy loyihalar soni ikki barobardan ortdi. Birgina Erasmus+ dasturi doirasida 2020-2023-yillarda Oʻzbe­kiston OTMlari 130 dan ortiq xalqaro ham­korlik loyihalarida ishtirok etgani xalqaro integratsiya surʼati naqadar shiddatli ekanini koʻrsatadi. 2023-yilda respublikamiz olimlari tomonidan Scopus va Web of Science bazalarida 9000 dan ziyod maqola chop etildi. Bu 2016-yilga nisbatan 4 baravar koʻp degani. Raqamlar ortida Oʻzbekistonning ilmiy salohiyatini oshirishga qaratilgan qatʼiy siyosat, universitetlarning global ilmiy hamjamiyatga chiqish yoʻlidagi uy­gʻun saʼy-harakatlar, eng muhimi, Konstitutsiya­mizda belgilangan tadqiqotlar erkinligining amaliy natijasi turibdi. Bugun yosh doktorant­lar uchun yaratib berilayotgan sharoitlar, ilmiy maktablar shakllanayotgani, yurtimiz olimla­rining xalqaro konferensiyalardagi faolligi, xorijiy universitetlar bilan qoʻshma ilmiy dasturlarning koʻpayib borishi — bilim iqti­sodiyoti sari dadil qadam tashlayotgan mamlakat­ning ajralmas belgilaridir.

    Rivojlangan davlatlarning taraqqiyot tarixi­ga nazar solsak, umumiy bitta qonuniyatni koʻra­miz: ilm erkinligi boʻlgan jamiyat doim oldinda boʻladi. Bugungi oʻzgarishlar faqat statistika yoki eʼlon qilingan strategiyalar emas, balki yurti­mizning kelajagi uchun mustahkam poydevor qoʻ­yilayotganining ishonchli dalili. Chunki bilimga tayanmagan taraqqiyot barqaror emas; ilm-fan bi­lan uygʻunlashmagan islohotlar uzoqqa bormaydi. 51-moddaning chuqur mohiyati ham aynan shu haqi­qatni anglatadi: taraqqiyotning haqiqiy kaliti ilm-fanda, ilm-fanning haqiqiy kuchi esa erkin­likdadir. Oʻqitish erkinligining kengayishi esa taʼlim jarayonini tubdan yangilamoqda. Masofa­viy taʼlim, modul tizimi, mustaqil taʼlimning ulushi oshib bormoqda. Chet ellik oʻqituvchilar­ning dars jarayoniga jalb qilinishi, yangi avlod oʻquv qoʻllanmalarining yaratilishi, interaktiv kurslarning paydo boʻlishi — bularning barcha­si taʼlim tizimining ochiqligi va zamonaviy­lashuvining yaqqol koʻrinishidir. Masalan, yil davomida xorijlik 30 professor-oʻqituvchining institutimizda faoliyat yuritgani, ularning Ka­nada, AQSH, Janubiy Koreya, Xitoy, Hindiston, Rossiya, Germaniya, Qozogʻiston va boshqa yetakchi davlatlarning nufuzli universitetlaridan kel­gani oʻquv jarayonining mazmunini yanada boyitdi, ilmiy va metodik maktablar sifatini oshirdi. Xorijlik mutaxassislarning ishtiroki taʼlim sifatiga yangi nafas bagʻishlash bilan birga ma­halliy pedagoglarning malaka oshirishi, oʻquv rejalari va metodikalarini xalqaro talablarga moslashtirishga ham kuchli turtki bermoqda.

    Bugungi Oʻzbekiston — bilimga tayanadigan, ilm-fanga asoslangan, yoshlarning intellektual salohiyatiga ishonadigan davlat. Konstitutsiya­ning 51-moddasi esa bu yoʻldagi strategik, funda­mental huquqiy kafolatdir. Bu norma siyosiy ti­zimning taʼlimga berayotgan yuksak eʼtiboridan, taʼlimning jamiyat taraqqiyotidagi ustuvor oʻrni tan olinganidan dalolat.

    Oʻzbekiston yangi intellektual bosqich sari dadil qadam qoʻymoqda. Bu yoʻlda taʼlim tizimi­ning har bir ishtirokchisi — ustoz, olim, tala­ba, tadqiqotchi — konstitutsiyaviy tamoyillarni amalda roʻyobga chiqarishga masʼul. Zero, taraq­qiyot poydevori — taʼlimdir. Taʼlim poydevori esa Konstitutsiya.

    Dilshod RUSTAMOV,

    filologiya fanlari doktori