Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga yoʻllagan murojaatnomalarini barcha hamkasblarim, xalqimiz qatori men ham faxrlanib, gʻurur bilan tingladim. Ayniqsa, yurtimizda ilm-fanga berilayotgan eʼtibor haqida alohida toʻxtalib oʻtdilar. Yurtimizda ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilayotganini 2023-yilni mamlakatimizda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qilganligidan ham anglash mumkin.
Oʻzbekistonda badiiy taʼlim sohasida mutaxassis kadrlarni yetishtirib chiqaradigan Kamoliddin Behzod Milliy rassomlik va dizayn institutida ham 2021-2022-yillarda ilmiy-ijodiy va innovatsion gʻoyalarni qoʻllagan holda koʻplab yangi loyihalar yaratilmoqda.
Jumladan, joriy yilda institutda 3 ta innovatsion ahamiyatga ega boʻlgan amaliy grant loyihasi yakuniga yetkazildi. Oʻzbek milliy etnomadaniy tantanavor liboslarining mobil ilovasini yaratish boʻyicha ilmiy tadqiqotda etnomadaniy, tarixiy liboslarimiz haqida faqat kitoblarda, ilmiy tadqiqotlarda cheklanib qolmasdan, masalaga innovatsion yondashgan holda targʻib etish, bu orqali yosh avlodga oʻzligimizni chuqur singdirish, badiiy-estetik didini tarbiyalash, yuksaltirish – bosh maqsad sifatida belgilanib olindi. Oʻzbek milliy etnomadaniy liboslari tarixi va sanʼatini keng targʻib etish hamda xorijga tanitish maqsadida mobil ilova Google Play Market va App Store ilovalar doʻkonida yoʻlga qoʻyildi. Mobil ilovada joy oladigan oʻzbek etnomadaniy tantanavor liboslarga oid maʼlumotlardan tadqiqotchi mutaxassislar oʻz ilmiy faoliyatlarida foydalanishlari mumkin. Taʼkidlash kerakki, etnomadaniy libos xalqlarning milliy oʻzligini, etnik belgilarini koʻrsatuvchi mezon, nafaqat urf-odat, milliy qadriyat, ijtimoiy munosabatlarini, balki diniy eʼtiqodi, nafosat va estetik normalarini ifodalovchi moddiy-maʼnaviy yodgorlik sanaladi.
Ilmiy innovatsion loyihalar muzeylar bilan institut oʻrtasidagi oʻzaro integratsiyani koʻrsatmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyidagi noyob eksponatlarning 3D animatsiyali virtual galereyasini yaratish nomli amaliy loyihada Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyida arxeologiya, numizmatika, etnografiya, badiiy asarlar va boshqa fondlarga oid 340 mingdan ortiq saqlanib kelinayotgan osori atiqalarning 3D animatsiyali virtual galereyasi yaratildi. Bugungi kunda hukumat tomonidan muzeylarda saqlanayotgan ashyolarni ommalashtirish va xalqga yanada yaqin boʻlish talabini qoʻymoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-dekabr kuni “2017-2027-yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha komleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 975-sonli qarorining “2017-2027-yillarda davlat muzeylari faoliyatini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari rejasi”ining (1- ilova) III-Milliy muzey fondining davlat katalogini yaratish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal joriy etish hamda interaktiv xizmat koʻrsatishni kengaytirish bandida “Virtual muzey” loyihasini amalga oshirish orqali 3D formatini yaratish vazifasi qoʻyilgan. Mazkur loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-iyuldagi “2022-2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi № PQ-307 son Qarorining 377 – bandiga kiritilgan. Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyidagi 100 dona noyob eksponatlarning saytidan oʻrin olgan etnografiya, arxeologiya, numizmatikaga oid ashyolar va ular toʻgʻrisidagi ilmiy maʼlumotlar, ashyolarning virtual koʻrinishda suratga olingan fotolari hamda https://historymuseum.uz/ saytini yaratish orqali amalga oshirildi.
Institutda amalga oshirilgan innovatsion loyihalardan biri Oʻzbekiston badiiy taʼlim tizimida onlayn muzey elektron galereyasini yaratish amaliy loyihasida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bazasida mavjud 600 ga yaqin ijodiy ishlar elektron ilmiy pasporti tasvirlar va oʻzbek, rus, ingliz tillarida ishlab chiqildi. Shuningdek, XX asr Oʻzbekiston badiiy taʼlimining boshlangʻich, oʻrta maxsus va oliy taʼlimi tarixini oʻrganish boʻyicha faktologik maʼlumotlar uch tilda onlayn muzey saytiga joylashtirildi. Bu badiiy taʼlim rivojidagi umumiy qonuniyatlarni ijodiy ishlar tasviri integratsiyasi asosida yangilangan nuqtayi nazardan koʻrib chiqishga imkoniyat beradi. Tarixiy jarayonlarni oʻrganish asosida badiiy taʼlim rivojining asosiy bosqichlariga mansub kam oʻrganilgan yoki avvallari nomaʼlum boʻlgan manbalar ilk marotaba tahlil etilgan va shakllanishi, tamoyillari, xususiyatlari yoritilgan.
Institutda ilmiy izlanishlarga berilayotgan eʼtibor samarasi oʻlaroq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi 222-son qarori bilan tasdiqlangan “Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish tartibi toʻgʻrisida” Nizomga muvofiq Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Maxsus ekspert guruhining 2022-yil 17-noyabrdagi 129-son yigʻilish bayoni qaroriga asosan yosh olimlarni stajirovkaga yuborish rejasi maʼqullandi hamda Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Kuzatuv kengashining 2022-yil 7-dekabrdagi 5-son yigʻilish bayoni qaroriga asosan 2-ilovada keltirilgan “2022-2023-yillarda yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga (markazlar, universitetlar va boshqalar) qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuboriladigan yosh olimlar roʻyxati” tasdiqlandi. Gʻolib boʻlgan ilmiy tadqiqotchilar orasida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti izlanuvchilari ham mavjud, ular Ozarbayjon Respublikasida ikki hafta mobaynida oʻz tadqiqotlari doirasida ilmiy izlanishlar olib boradilar.
2023-yilda ilm-fanga berilgan yuksak eʼtibordan ilhomlangan Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti ilmiy jamoasi ham oʻz oldiga katta marralarga erishishni maqsad qilib qoʻygan. Bu borada murojaatnomada muhtaram yurtboshimizning soʻzlagan fikrlari shaxsan menga ilmiy ishlar va innovatsiyalar prorektori sifatida juda katta motivatsiya berdi: “Bu yil ilm-fan va innovatsiyalarga 1,5 trillion soʻm yoʻnaltirildi. Bu – 2017-yilga nisbatan qariyb 6 barobar koʻp, degani. Kelgusi yili ilm-fan va innovatsiyalarga 1,8 trillion soʻm ajratiladi. Biz qadimiy va boy tariximizni, ayniqsa, gʻoyat ogʻir sharoitda ilm-maʼrifat, inson erkinligi, xalq ozodligi, Vatanga, milliy qadriyatlarga mehr va sadoqat gʻoyalarini dadil koʻtarib chiqqan jadid bobolarimiz faoliyatini yanada chuqur oʻrganishimiz lozim. Ularning ulugʻ maqsadlar yoʻlidagi mardona kurashi va fidoyiligi Yangi Oʻzbekistonni qurishda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat maktabi boʻlib xizmat qilishi zarur”.
Dilafroʻz QURBONOVA,
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti
Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori,
tarix fanlari doktori