Konferensiyada Germaniya, Hindiston, Indoneziya, Filippin, Bolgariya, Xitoy, Rossiya, Belarus, Latviya va Qirgʻizistondan hayot faoliyati xavfsizligi sohasida yirik olimlar va yetakchi mutaxassislar 100 dan ortiq ilmiy maʼruzalari bilan qatnashdi.
Ilmiy-amaliy anjuman “Hayot faoliyati xavfsizligi” kafedrasi oʻzining 20 yilligini nishonlagan bir paytda boʻlib oʻtdi. Maʼlumki, mamlakatimizda, shuningdek, butun dunyoda aholi salomatligini asrash va xavf-xatarning barcha turlarini kamaytirish muammolariga bagʻishlangan tadbirlar keng oʻtkazilmoqda.
Kelgusida ilm-fanni uzluksiz isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlarini aniqlash, zamonaviy bilimga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy infratuzilmani modernizatsiya qilish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, xorijiy oliy oʻquv yurtlari va korxonalarni jalb qilgan holda oʻquv klasterini yaratish, oliy oʻquv yurtlarining Milliy va xalqaro reytinglar roʻyxatida yetakchi oʻrinlariga kirishi bugungi kunning muhim vazifasi sanaladi.
Anjumanda shu xususda soʻz yuritilarkan, ilmiy-tadqiqot faoliyati natijalari muhokama qilinib, universitetning ilmiy-tadqiqot ishlarini yana-da rivojlantirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Konferensiyada yosh oʻqituvchilar, doktorantlar va talabalar oʻz materiallarini sinovdan oʻtkazish va nashr etish, notiqlik boʻyicha yangi bilim va tajribaga ega boʻladi.