Aholi bandligini taʼminlash va yashash tarzini yaxshilash, iqtisodiyotning resurs bazasini kengaytirishda oʻrmon xoʻjaligi ham oʻziga xos oʻrin tutadi. Ayni paytda mamlakatimizda bunday xoʻjaliklar hududi 12 million gektarni tashkil etmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 23-avgustdagi “Respublikada oʻrmonlardan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, 2020-yil 1-yanvardan boshlab oʻrmon fondining oʻrmon bilan qoplanmagan yerlarini ijaraga berish tizimi ishga tushdi. 2020-yil 6-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida oʻrmon xoʻjaligi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaror bilan esa oʻrmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish va bu faoliyat bilan shugʻullanuvchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2020-2022-yillarda oʻrmon fondi yerlarini ijaraga olgan ijarachilarga faoliyat yoʻnalishiga qarab 1 yildan 10 yilgacha boʻlgan muddatda ijara toʻlovining “nol” stavkasini qoʻllash tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Bunday imkoniyat va imtiyozlar oʻrmon xoʻjaliklari faoliyatini yana-da takomillashtirish bilan birga, mazkur tarmoqda xususiy sektorning oʻrnini kengaytirish, shu faoliyat bilan mashgʻul yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatdorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Surxondaryo viloyatidagi ana shunday xoʻjaliklardagi mavjud yer maydoni 366 ming gektardan ortiqni tashkil etadi.
Oʻtgan yilda viloyatda 17 ming 663 gektar yer maydoni 538 ta jismoniy va yuridik shaxsga investitsiya kiritish va yangi ish oʻrinlarini yaratish sharti bilan uzoq muddatga ijaraga berildi. Joriy yilda bu boradagi reja 2 ming 600 gektar boʻlsa, ayni paytgacha 79 gektar yer maydoni xususiy sektorga ijara uchun taqsimlandi.
Ayni vaqtda vohada choʻl oʻsimliklari, boshqa turdagi daraxt va butazorlardan madaniy oʻrmonzorlar barpo etilmoqda. Ikki ming gektar maydonda yongʻoqzor, pistazor va bodomzorlar tashkil etilmoqda. Oʻrmon fondi yerlarini ijaraga berish, issiqxonalar qurish orqali yoshlar va ayollar bandligini taʼminlash orqali mahalliy aholining ijtimoiy-iqtisodiy sharoitini yaxshilashga erishilmoqda.
Oʻrmon xoʻjaligi haqida soʻz borganda koʻpchilik mevali va manzarali daraxt koʻchatlarini yetishtirish, parvarishlash, muayyan tabiiy hududlarni muhofaza qilish yoʻnalishidagi tarmoqni tushunadi. Lekin bu yerda ham qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanish imkoniyati mavjud.
Misol uchun, Qiziriq tumanidagi Yakkaterak oʻrmon boʻlimiga tegishli oʻrmon bilan qoplanmagan yer maydonida ishsiz yoshlarning daromad manbaini shakillantirish koʻzda tutilgan. Ayni kunda manzilli reja asosida “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilganlarning har biri uchun uch sotix yer maydoniga issiqxona qurib berilmoqda.
Xususan, joriy yil yakuniga qadar viloyatda oʻrmon bilan qoplanmagan jami 22 gektar yerda issiqxona qurish va 440 nafar yoshning bandligini taʼminlash rejalashtirilgan.
– Koʻp yillardan beri pavlovniya koʻchatini yetishtirishni orzu qilib yurardim, – deydi qiziriqlik Aziza Muxtorova. – Hozir menga oʻrmon xoʻjaligidan 3 sotix yer maydoni ajratib berildi, ishni boshlab yubordik. Natijada oila aʼzolarim ham ishli boʻldi. Endilikda nafaqat oilamga, balki xalqimizga ham foydam tegayotganidan xursandman.
Bugungi kunda viloyatda qariyb 149 ming gektar yer oʻrmon bilan qoplangan boʻlsa, shuning bir qismi haydaladigan, yana bir qismi bogʻ, uzum va tutzorlardir. Birgina Uzun davlat oʻrmon xoʻjaligida oʻtgan yilda 110 gektar yerda yangi oʻrmonzorlar barpo etildi. Ayni paytda bu yerda qrim qaragʻayi, kashtan, pavlovniya, oqqayin singari kamyob daraxt koʻchatlari parvarish qilinyapti.
– Yigirma turdan oshiq manzarali, 15 turdan oshiq mevali daraxt koʻchatlari va gul ekyapmiz, – deydi xoʻjalik bosh oʻrmonchisi Bozor Nazarov. – Yurtimizning baʼzi botqoqlik hududlari boʻsh yotadi. Ana shu yerlarga ekish uchun botqoq sarvi daraxti koʻchatlari ham yetishtirilmoqda.
Viloyat oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasi tizimidagi oʻrmon xoʻjaliklarida turli dorivor oʻsimliklar ham ekilgan. Surxondaryoda bu yoʻnalishga alohida eʼtibor qaratilayotgani tufayli oʻtgan yili 329 tonna dorivor oʻsimliklar xomashyosi tayyorlandi.
– Biz bu yerda ekilgan bir dona zaʼfaron oʻsimligi piyozchasini kavlab koʻrganimizda, ikki yil davomida 50 dan ortiq piyozcha hosil qilganini koʻrdik, – deydi Bobotogʻ davlat oʻrmon xoʻjaligi direktori Orif Jabborov. – Kelajakda biz bu oʻsimlikning ham gulidan, ham piyozidan daromad koʻramiz. Ayni paytda tarjiba sifatida lavanda, gotti kabi oʻsimliklar ekilyapti. Biz ularni xomashyo emas, tayyor mahsulot sifatida xaridorlarga yetkazib berishni maqsad qilganmiz.