Muhammadayub oʻzida mavjud xastalikka qaramay ustozi Abdusattor Egamberdiyev yordamida 3D Max (kompyuterda model va interyer yaratish) yoʻnalishida 7 oy tahsil oldi hamda oʻzining ilk mahsulotlarini yaratib xalqaro elektron bozorlarda sotishga erishdi.
Mana 6 oydirki, u oʻzi mustaqil frilanserlik faoliyatini olib bormoqda. Bugungi kunda u oʻzining 100 dan ortiq interyer yoʻnalishidagi modellarini sotuvga chiqarib, moliyaviy imkoniyatlarini yaxshilab bormoqda.
Hozirda Muhammadayub ingliz tilini chuqur oʻrganishga bel bogʻlagan hamda 2D yoʻnalishida ham GameDev sohasiga modellar yaratish ustida ishlamoqda.
Uning eng katta maqsadlaridan biri, oʻziga oʻxshagan yoshlarni AyTi sohasiga jalb qilib, zamonaviy kasblar yordamida imkoniyatlar hech kim uchun cheklanmaganligini namoyon etish.
Davlatimiz rahbarining qaroriga koʻra Nodavlat taʼlim tashkilotlariga Muhammadayubga oʻxshagan yoshlarimiz kelajagiga koʻmaklashib, 3 ming dollargacha subsidiyaga ega boʻlish imkoniyati ham yaratilgan.