Nogironligi bo'lgan shaxslar ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam sanaladi. Ular nogironlik nafaqasi olish yoki kerakli imtiyozlarga ega bo'lish uchun sog'lig'i holati qayd etilgan ma'lumotlarni to'plab, tegishli joylarga taqdim etishi talab etiladi. Ammo bu jarayon ko'pgina ovoragarchiliklarni keltirib chiqaradi. Tibbiyot muassasalari eshigi oldida navbat kutib turish, u idoradan bunisiga qatnash imkoniyati cheklangan insonlarning ruhiyati va sog'lig'iga salbiy ta'sir qilishi hech gap emas. Bu kabi ovoragarchiliklarga barham berish maqsadida 2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “YOshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida imkoniyati cheklangan fuqarolarga nogironligi bo'lgan shaxs maqomini berish jarayonini optimallashtiruvchi elektron ma'lumotlar tizimini ishlab chiqish va joriy etish vazifasi belgilangan. Bu bo'yicha Innovatsion rivojlanish, Sog'liqni saqlash, Adliya vazirliklari va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida qator ishlar bajarildi.

Imkoniyati cheklanganlar uchun elektron platforma yaratilgani shunday xayrli ishlardan biri bo'ldi. Platformaning qulayligi va afzalliklari xususida batafsil ma'lumot olish uchun Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspektsiyasi boshlig'i Umarali NAZARMATOV bilan suhbatlashdik.

— Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan ambulator karta tizimi tashkil qilingan bo'lib, nogironligi bor shaxsning hayoti davomida o'tkazgan kasalligi, olgan muolajalari, qanday tekshiruvlardan o'tgani bo'yicha ma'lumotlar to'plami shakllantiriladi. Bu jarayon tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xodimlari va ekspert shifokor tomonidan elektron tizim orqali platformadan olib o'rganiladi. SHundan so'ng fuqaroning nogironligi belgilanadi, — deydi U.Nazarmatov. — Ilgari fuqaroning nogironligi haqida ma'lumotlar tekshirilganda, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi ma'lumotnomasi A va B qismga bo'linardi. A qismi Pensiya jamg'armasiga yuborilsa, B qismi nogironligi bo'lgan shaxsning qo'liga berilardi.

Biroq inson omili degan tushuncha bor. Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining nogironlikni ko'rsatadigan ma'lumotnomasi o'z vaqtida tegishli joyga etkazilmasligi yoki fuqaroning yodidan chiqishi kabi holatlar ham uchrab turgan. Oqibatda kerakli muddatda nafaqa tayinlanmagani sababli qator noroziliklar, sarsongarchiliklar kelib chiqqan.

elektron avtomatlashtirilgan tizimdan nimalar kutilmoqda?

— Nogironligi belgilangan shaxsning ma'lumoti uzog'i bilan 3 ish kuni davomida elektron bazaga kiritilishi talab etiladi. Nega 3 kun? Bu ham texnik holatlarga bog'liq. Nogironlik belgilangan kun tasdiqlangach, bu ma'lumot elektron platformaga integrallashgan barcha vazirlik va idoralar komp`yuterida ko'rinadi. Byudjetdan tashqari Pensiya jamg'armasi ham bazaga kiritilgan ma'lumot orqali nogironlik nafaqasi tayinlaydi.

Monitoring qanday olib boriladi?

— Agar fuqaroning nogironlik muddati bir yil deb belgilansa, qayd etilgan vaqt kelgandan so'ng ma'lumot avtomatik ravishda bazadan o'chadi. Ilgari belgilangan muddat tugagandan keyin ham nogironlik haqidagi ma'lumot saqlanib qolardi. Natijada hujjatdan noqonuniy foydalanish holatlari kuzatilgan. Inson vafot etgandan keyin ham nafaqa olish holatlari ko'p uchragan. endi elektron tizim orqali bu kabi betartiblikka barham beriladi. Nogironligi bor shaxs hujjat uchun sarson bo'lmaydi. Barcha ishi avtomatlashtirilgan platforma orqali hal etiladi.

Hozir 11 ta xizmatimizni integratsiya qilishga erishdik. To'qqizta vazirlik va idoraga bog'langanmiz. Bazaga nogironligi bo'lgan, 16 yoshdan katta 640 ming nafardan oshiq shaxs va nogironligi bo'lgan, 16 yoshgacha 107 ming nafardan ortiq bola to'g'risidagi ma'lumotlar kiritilgan. Bazaning modernizatsiya qilinganiga bir yildan oshdi. SHu kunga qadar esa uni takomillashtirishga harakat qilib kelyapmiz. elektron platforma tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi dasturi sifatida ishga tushirilgan.

Platformada nogironlarning qanday ma'lumotlari saqlanadi?

— Bazada nogironligi bo'lgan shaxsning ism-familiyasi, tug'ilgan sanasi, yashash joyi, millati, jinsi, pasport raqami va seriyasi, nogironlik guruhi, nogironlik belgilangan sana va amal qilish muddati, nogironligi bo'lgan shaxsning ma'lumoti, kasbi, oilaviy ahvoli, ishlash yoki ishlamasligi, nechta farzandi borligi, qaysi mahallada turishi to'g'risidagi ma'lumotlar kiritiladi. Nogironligi bo'lgan shaxsning boshqa manzildan ko'chib kelgani yoki ko'chib ketgani, qolaversa, Pensiya jamg'armasi bilan integratsiyadan o'tgani borasidagi savollarga javob beriladigan joy mavjud. Imkoniyati cheklangan fuqaroga nafaqa tayinlangani haqida ham xabardor bo'lib turish mumkin.

elektron platformaga maxsus login va parol orqali kiriladi. CHunki undan o'rin olgan ma'lumotlar nogironligi bo'lgan insonlarning shaxsiga tegishli. Nogironligi bo'lgan kishining ruxsatisiz ma'lumotlarni tarqatishga haqqimiz yo'q. Faqat elektron hukumat orqali integratsiyalashgan boshqa vazirlik va idoralar o'zaro hamkorlik qilishi mumkin.

Innovatsiyalarni hayotga tatbiq etish va ularning amaliyotda qay darajada samara berishini o'rganish borasida chet el tajribasidan foydalanishga harakat qilyapmiz. Ko'plab davlatlarda shu sohada bajarilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib chiqdik. Jumladan, Evropaning ayrim davlatlarida nogironligi belgilangan fuqaroning ma'lumotnomasi komp`yuterga to'liq kiritilgandan keyin maxsus moslama orqali rasmi qo'yilgan ID kartaga o'xshash plastik karta beriladi. Nogironligi bo'lgan shaxs shu karta orqali o'z imtiyozlaridan bemalol foydalanadi.

Ushbu zamonaviy va qulay usulni yurtimizda ham joriy etishga harakat qilyapmiz. CHunki plastik kartalar ko'plab qulayliklarga ega. Birgina metroga kirib-chiqish uchun mo'ljallangan kartalarni bunga misol keltirish mumkin yoki ID pasportlarni olaylik.

YAna boshqa qulayliklar yaratish borasida Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda ko'plab rejalarni amalga oshirishni o'z oldimizga maqsad qilib qo'yganmiz. Muhimi, imkoniyati cheklangan va nogironligi bo'lgan shaxslarning ovorachiliklariga chek qo'yiladi.

Bundan tashqari, elektron platformamizni Oliy va o'rta maxsus ta'lim, Maktabgacha ta'lim hamda Xalq ta'limi vazirliklari bilan ham integratsiya qilish rejalashtirilmoqda. Xo'sh, bunday integratsiyalashuv nima beradi?

Tabiiyki, mazkur vazirliklar tizimida imkoniyati cheklangan va nogironligi bo'lgan fuqarolar (bolalar, o'quvchilar, talabalar) ham tahsil oladi. Har yili bunday muassasalarga nogironligi bo'lgan o'g'il-qizlar o'qishga hujjat topshirishi yoki bog'chaga borishi tabiiy. Bunday bolalar haqida kerakli ma'lumotga ega bo'lish nihoyatda muhim. Bu o'quv muassasalarida kerakli sharoitlar yaratish, zarur pedagog-kadrlar, defektolog-pedagoglar bilan ta'minlash, o'quv-tarbiya ishlarini imkoniyatiga cheklangan tarbiyalanuvchi, o'quvchi va talabalarga moslashtirish, inklyuziv ta'lim uchun xarajatlarni oldindan prognoz qilish imkoniyatini beradi.

Sevara ABDULLAEVA suhbatlashdi.