Prezidentimiz joriy yil 9-yanvar` kungi ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo'yicha o'tkazgan videoselektor yig'ilishida yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy ruhda tarbiyalash va bu borada amalga oshirilishi lozim bo'lgan vazifalar xususida kuyunib gapirdi. Maktablar, o'rta maxsus va oliy ta'lim dargohlarida ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo'yicha aniq ko'rsatmalar berdi. Yig'ilishda shuningdek, barcha oliygoh va ularning filiallarida mavjud shtat birliklari doirasida yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha prorektor lavozimi joriy etilishi aytildi.
Darhaqiqat, ma'naviyat masalasi shu darajada ko'rilishi lozim bo'lgan dolzarb masala edi. Zero, bugungi yoshlar ma'naviyati bilan bog'liq muammolarning echim topishi ertamiz egalarining porloq kelajagini ta'minlaydi.
O'zbekiston respublikasi davlat bojxona xizmati xodimlari kuni munosabati bilan bo'lg'usi bojxonachilarimizni ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, kitobxonlikning ular faoliyatidagi ahamiyati yuzasidan suhbatga tortdik.
Zilola O'RALOVA, Bojxona instituti kursanti, 40 dan ortiq tanlovlar, festivallar, sport musobaqalari ishtirokchisi.
“Yoshlar ma'naviyatiga tahdid - kelajakka tahdid”, “Sog'lom avlod - sog'lom kelajak poydevori” nomli ilmiy kitoblar muallifi:
— Prezidentimizning yoshlarga qarata “Yoshlar — O'zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi”-degan so'zlari biz yoshlarning kuchimizga kuch, g'ayratimizga g'ayrat qo'shadi, desam mubolag'a bo'lmaydi. Bizga berilayotgan imkoniyatlarning kelajagimizdagi o'rni beqiyos. Ular biz uchun poydevordir. Uni muhtasham qasr qilmoq esa o'z qo'limizda!
Biz, bojxona organlari hodimlari yurtimizning iqtisodiy havfsizligini himoya qilar ekanmiz, mustahkam irodali, halol va albatta, yuksak ma'naviyatli bo'lishimiz kerak. Bunda biz, hodimlar hoh u Qoraqalpog'iston Respuplikasidagi “Daut-ata” CBPda bo'lsin, hoh u Surxondaryo viloyatidagi “Denov” TIF bojxona postida bo'lsin, hoh u DBQ Bojxona institutida xizmatni olib borayotgan bo'lsin, avvalo unda vatanparvarlik hissi bo'lishi, halol ishlayman, men yurtimning ravnaqiga o'z hissamni qo'shaman, degan g'oya bo'lishi lozim. Bu esa ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar orqali inson ma'naviyatiga singib boradi. Shunday ekan, har bir inson ma'naviyatida, shuningdek, biz bojxonachilar ma'naviyatida ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarning ahamiyat beqiyos deb hisoblayman.
Madrahim Temirov, Davlat bojxona qo'mitasi Bojxona instituti kursanti, “Umrim bahori” she'riy to'plami muallifi:
Davlatimiz rahbari biz, yoshlarga keng imkoniyatlar yaratib bergan bir davrda, munosib javob qaytarmog'imiz, bildirilgan ishonchni oqlamog'imiz, bu jabhada esa yoshlar ma'naviyatini yuksaltirishga asosiy e'tiborni qaratmog'imiz lozim. Bunda nimalarga e'tibor berishimiz kerak? Birinchi o'rinda, odob-ahloq, namunali hulq-atvor. Agar farzandlarga oiladan tug'ri tarbiya berib borilsa, kelajakda jamiyatga navfi tegaddigan, yuksak ma'naviyatli, jonajon O'zbekistonimiz uchun fidoyi yigit-qizlarimiz yetishib chiqadi. Bundan tashqari yoshlarni adabiyot, san'atga qiziqishlarini hisobga olgan holda, tashkil etilgan turli hil tugaraklar faoliyat olib borilishini rag'batlantirish va albatta ayrim sabablar bilan jinoyat yo'liga kirgan yoshlarni bu yo'ldan qaytarish, ularning qalbiga Vatan hissi nima ekanligini singdirish, qiziqishlarini o'rganish, ishonch bildirish, yana bir bor imkon berish joiz deb o'ylayman.
Hayotingizda kitobning o'rni nechog'lik, degan savolimizga har ikkala kursan timizning javoblari deyarli shu tariqa bo'ldi:
“Kitob bu — barcha ezguliklar kaliti! Men uchun kitob mutolaasi hayotimning bir qismiga aylangan. Meni yoshligimdan kitob mutolaa qilishga ota-onam qiziqtirishgan. O'zim ijodga yaqin insonligim uchunmi, qancha ko'p kitob o'qisam, shuncha ko'p ma'naviy ozuqa olaman. Har qanday janrdagi badiiy asar inson tafakkurini charxlaydi. Kitob mutolaa qilish mobaynida qalbingizda turli xil kechinmalar kechadi: ezgulik, Vatanga muhabbat, yovuzlik, razolatga qarshi kurash kabi tuyg'ular jo'sh uradi. endi o'zingiz aytingchi, kitob o'qigan, adabiyotga oshno insonlardan yomonlik chiqadimi...?
“Yangi O'zbekiston” muxbiri Munojat Mo'minova tayyorladi.