Xususan, Jahon banki o‘zining “Ayollar, biznes va qonun” hisobotida O‘zbekistonni gender islohotlarni amalga oshirish sur’ati bo‘yicha eng yaxshi 5 mamlakat qatoriga rasman kiritdi.

Ta’lim sohasidagi yutuq: moliyaviy to‘siqlarni bartaraf etish

Sifatli oliy ta’lim olish imkoniyati qizlar uchun asosiy “ijtimoiy lift”ga aylandi. Bu borada davlatimiz ta’limni uzoq muddatli subsidiyalashning misli ko‘rilmagan mexanizmlarini joriy etdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va 2022-yil 18-iyuldagi “Oliy va professional ta’lim tashkilotlarida xotin-qizlarning ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlashga doir chora-¬tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan joriy etilgan foizsiz ta’lim kreditlari haqiqiy imkoniyatlar eshigi bo‘ldi.

Unga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari, texnikumlar va kollejlarning (davlatga tegishli, xususiy va xorijiy filiallarni qamrab olgan holda) mutlaq barcha talaba qizlarga nol foiz stavkada uzoq muddatli kreditlar olish huquqi berildi. Bunda tijorat banklarining foiz stavkasini Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi qoplaydi. Kreditning o‘zini esa bitiruvchi faqat o‘qishni rasman tugatgandan keyin yarim yil o‘tgach qaytara boshlaydi.

Aslida, bu minglab qizlarimizni yangi turmush darajasiga olib chiqqan misli ko‘rilmagan imkoniyat bo‘ldi. Chunki ilgari oliy o‘quv yurtida kontrakt pulini to‘lash, ayniqsa, bir necha farzandini o‘qitayotgan oilalar budjetiga og‘ir yuk bo‘lib tushardi. Oddiy tijorat krediti yuqori foizlar tufayli asoratga aylanardi. Nol stavka qizga ta’lim olish, uning oilasiga esa qarzlardan saqlanish imkonini beradi. Qolaversa, ushbu mexanizm iqtisodiy mustaqillikni tarbiyalaydi. Qiz kreditni o‘zi rasmiylashtiradi, uni qaytarishni esa (faqat qarzning asosiy qismi, foizsiz) o‘qishni tugatgandan ke¬yin 6 oy o‘tgach boshlaydi. Bu vaqtda u ish topishga ulguradi. Mentalitetda muhim aqliy o‘zgarish yuz beradi: qiz ota-onasi yoki eriga qaram bo‘lmay, o‘z kelajagiga o‘zi sarmoya kiritadi.

Bundan tashqari, ko‘pincha qizlar imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirib, shartnoma asosida o‘qishga kirgan, ammo oiladagi kutilmagan moliyaviy qiyinchiliklar (ota-onasining ishdan ketishi, kasallik va boshqalar) tufayli 2-3-kursda o‘qishni tashlashga majbur bo‘lgan. Shu ma’noda, foizsiz kredit “xavfsizlik yostig‘i”ga aylandi. Bu esa talaba qizning o‘qishni oxiriga yetkazishi va diplom olishini kafolatlaydi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-avgustdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalari magistratura bosqichida ta’lim olayotgan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lab berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, davlat barcha xotin-qizlar uchun davlat oliy o‘quv yurtlari magistraturasida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish xarajatini yuz foiz qoplab berish majburiyatini oldi. Mablag‘lar budjetdan qaytarib berilmaydigan asosda, keyinchalik majburiy ishlab berish talab etilmasdan ajratiladi.

Oliy ta’limni rivojlantirishda hududiy jihatdan mutanosiblikni ta’minlash — islohotlar diqqat markazida bo‘lgan muhim masala. Boisi, chekka tuman va qishloqlarda kam ta’minlangan oilalar budjeti cheklangani sababli an’anaviy ravishda o‘g‘il farzandlarning ta’limiga katta e’tibor qaratilib, qizlar baribir boshqa oilaga ketadi deb o‘qitilmagan. Prezidentimizning 2020 yil 12 iyundagi qarori bilan belgilangan kvota bunday oilalarning qizlariga bepul kasb-hunar egallash imkoniyatini berdi.

Bitta qizning oliy ma’lumotli bo‘lgani uning kelajakdagi oilasini muhtojlar toifasidan butunlay olib chiqishi mumkin. Oliy ta’limdagi 4 foizli hududiy -maqsadli kvotalar shu jihatdan ta’lim islohotlarida strategik ahamiyat kasb etdi: endi ehtiyojmand oilalar va mahalla ro‘yxatidagi qizlar uchun har yili davlat oliy o‘quv yurtlarida qo‘shimcha grant o‘rinlari ajratilmoqda. Ushbu kvota hajmi rejali ravishda oshib bordi va har yili 4000 o‘rinni tashkil etdi. Umuman, bu chora mahalladagi mentalitetni o‘zgartiradi. Oddiy, nochor oiladan chiqqan qizning davlat ko‘magi bilan nufuzli oliygohga o‘qishga kirib, yaxshi o‘qib, malakali mutaxassis bo‘lib, daromad bilan qaytganini ko‘rgan qo‘shnilar qizlarining o‘qishiga munosabatini o‘zgartiradi. Bu ta’limni ommalashtirishning zanjirli reaksiyasini ishga tushiradi.

Mehnat staji tufayli imtiyozli o‘qishga kirish — xotin-qizlarning oliy ta’lim olishi uchun yana bir imkoniyat. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-iyundagi qarori bilan o‘rta maxsus yoki kasb-hunar ta’limi va mutaxassisligi bo‘yicha kamida

5 yil rasmiy mehnat stajiga ega xotin-¬qizlar Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tavsiyasiga ko‘ra ajratiladigan kvota (500 o‘rin) doirasida alohida tanlov asosida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish huquqiga ega bo‘ldi.

Ayollar ta’limiga yo‘naltirilgan bu kabi investitsiyalar davlatga eng yuqori daromad keltiradi. Savodli, bilimli ayol nafaqat ishlaydi, balki oilaviy budjetni samarali taqsimlaydi, farzandlarining salomatligi va rivojlanishiga ko‘proq sarmoya kiritadi. Shuningdek, mahalliy biznesda faol ishtirok etib, o‘z hududi iqtisodiyotini rag‘batlantiradi.

Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash

Keyingi o‘n yillikdagi iqtisodiy islohotlar ayolni passiv nafaqa oluvchidan bozor iqtisodiyotining faol subyektiga aylantirishga qaratildi. Bunda kichik biznesni institutsional qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.

Bunga Prezidentimizning 2024-yil 7-martdagi qarori bilan joriy etilgan “Hamroh” dasturi yorqin misol bo‘la oladi. Unga ko‘ra, ayollar startaplarini moliyalashtirish uchun to‘liq infratuzilma ishga tushirildi. Xotin-qizlar tomonidan boshqariladigan (yoki ularning ustav kapitalidagi ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan) tadbirkorlik subyektlari toza kredit tarixiga ega bo‘lgan taqdirda, 100 million so‘mgacha garovsiz qarz olish huquqiga ega. Shuningdek, Tadbirkorlikni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan bunday loyihalar uchun kredit summasining 70 foizigacha davlat kafilligi taqdim etiladi.

Ushbu hujjat bilan belgilangan o‘zgarishlar mohiyatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu bir martalik xayriyalardan tadbirkor ayolni g‘oyadan tortib yirik biznesgacha bo‘lgan barcha bosqichda tizimli ravishda kuzatib boradigan doimiy davlat tizimi (institut)ni barpo etishga o‘tishdir. Bu ayollarga nima beradi? Faoliyatini endi yo‘lga qo‘yayotgan tadbirkor uchun, u xoh erkak, xoh ayol bo‘lsin, asosiy to‘siq — qarz olish uchun garov (ko‘chmas mulk yoki avtomobil)ning yo‘qligi.

Mazkur institutsional qo‘llab-quvvatlash esa 70 foizgacha davlat kafolatlari va garovsiz qarzlarni taqdim etadi. Bu ajoyib g‘oyasi bor, ammo boshlang‘ich mablag‘i yo‘q ayollarga biznes eshiklarini ochadi. Qolaversa, biznes-inkubatsiya doirasida ayollarga shunchaki pul berilmaydi, ular o‘qitiladi. Davlat institutlari va mentorlik dasturlari biznes reja tuzish, marketingni sozlash va buxgalteriyani avtomatlashtirishga yordam beradi. Mazkur mexanizm yangi tadbirkor ayollarni odatiy xatolardan himoya qiladi.

Prezidentimizning 2023-yil 21-dekabrdagi tegishli qarori ham islohotlar yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi. Unga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilishni rivojlantirish va “Daromadli ayol” dasturi kasanachilik, hunarmandchilik, to‘qimachilik va tomorqa xo‘jaligida band bo‘lgan yuz minglab ayolning daromadini qonuniylashtirish va rag‘batlantirish imkonini berdi. Davlat o‘zini o‘zi band qilgan ayollar uchun uskunalar sotib olishga subsidiyalar ajratib, soliq imtiyozlarini taqdim etmoqda. Bu juda muhim. Chunki subsidiya va imtiyozlar ayollarni o‘z mikrofirmasini rasman ro‘yxatdan o‘tkazishga undaydi. Bu ularga huquqiy himoya, davlat buyurtmalari va qonuniy mehnat stajiga ega bo‘lish huquqini beradi.

Ayollar iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash borasidagi bu kabi islohotlar davlatga ham foyda keltiradi. Xususan, xotin-qizlar biznesi yuqori ijti¬moiy mas’¬uliyatga ega. Ayol kishi tikuvchilik sexi, qandolat do‘koni, xususiy bog‘cha yoki AT studiyasi ochar ekan, birinchi navbatda, o‘z mahallasidagi boshqa ayollarni ishga oladi.

Qolaversa, bu jihat iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga yo‘l ochadi: tadbirkor ayollar ko‘pincha xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy tadbirkorlik, maktabgacha ta’lim, tibbiyot va hunarmandchilik sohalarida bo‘sh ish o‘rinlarini to‘ldirmoqda. Bu ichki bozorni yanada moslashuvchan va inqirozlarga chidamli qiladi.

Shuningdek, soliq tushumlari oshadi: o‘zini o‘zi band qilgan kasanachilarning barqaror kichik biznes subyektlariga aylanishi uzoq muddatli istiqbolda mamlakatning soliqqa tortiladigan bazasini kengaytiradi.

Huquqiy maqom, xavfsizlik va siyosiy salmoq

Mehnat huquqlarini tenglashtirish va ayollarning erkinligi hamda sog‘lig‘iga tajovuz qilganlik uchun qat’iy qonunchilik sanksiyalarini joriy etish keyingi o‘n yillikning eng muhim qadami bo‘ldi. Xususan, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda oiladagi (maishiy) zo‘ravonlikni to‘liq jinoiy javobgarlikka tortgan birinchi davlat bo‘ldi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 11-apreldagi qonuni bilan qonunchilikka ilk bor stalking (qasddan ta’qib qilish), ish joyida yoki jamoat joylarida jinsiy shilqimlik qilish kabi tushunchalar va jinoiy javobgarlik kiritildi.

Siyosiy institutlarda gender teng¬likka alohida ahamiyat berildi. Saylov kodeksiga ko‘ra, saylov tizimini modernizatsiya qilish doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylovlarda siyosiy partiyalardan ayol nomzodlarni majburiy ko‘rsatishning qonunchilik chegarasi 30 foizdan 40 foizga oshirildi. Bu davlat hokimiyati organlarida xotin-qizlar vakilligini keskin oshirish imkonini berdi.

Ayollarning kasbiy faoliyatda o‘z intilishi va qobiliyatini to‘la-to‘kis ro‘yobga chiqarishi uchun barcha imkoniyatni safarbar etish — islohotlarning yana bir muhim yo‘nalishi. 2019-yil 2-sentabrdagi “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun bu islohotning huquqiy negizini shakllantirdi. Shu maqsadda kasblar egallashdagi to‘siqlar to‘liq bartaraf etildi va ilgari 44 ta mutaxassislikni qamrab olgan “Ayollar uchun taqiqlangan kasblar” deb ataladigan ro‘yxatlar bekor qilindi. Endi ayollar iqtisodiyotning har qanday sohasida ishlash huquqiga ega.

O‘zbekistonning huquqiy manzarasi so‘nggi 10 yilda tubdan o‘zgardi. Bugun davlat kafolatlari ayol hayotining barcha bosqichini qamrab olgan: bepul oliy ta’lim olishdan tortib biznesni himoya qilish va shaxsiy xavfsizlikkacha. Bu vaqtda qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar respublika xotin-qizlarining iqtisodiy jihatdan mus¬taqil va ijtimoiy himoyalangan bo‘lishiga imkon beruvchi mustahkam poydevor yaratdi.

Umuman, ushbu islohotlar mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash faqat ijtimoiy xayriya masalasi emasligini yaqqol isbotladi. Bugun bu jarayon res¬publika taraqqiyotining strategik drayveridir.

Davlat asrlar davomida mamlakat aholisining yarmini cheklab kelgan to‘siqlarni izchil va tizimli ravishda yo‘q qilmoqda. Foizsiz kreditlar va kvotalar qizlar uchun ilm-fan va yuqori texnologiyalar olamiga yo‘l ochdi. Biznesni institutsional qo‘llab-quvvatlash kasanachi ayollarni ishonchli ish beruvchilarga aylantirdi. Shu tariqa O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy landshafti to‘liq o‘zgardi: zamonaviy o‘zbek ayoli endi passiv kuzatuvchi emas, balki o‘z kelajagini mustahkam qonunchilik poydevori ustida ishonch bilan barpo etayotgan yangi O‘zbekistonning faol me’morlaridir.

Malika QODIRXONOVA,

Oliy Majlis Senati a’zosi