Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-fevral kuni Samarqandning turizm salohiyatini, shu jumladan ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha loyihalar bilan tanishgan edi. Taqdimot chogʻida islom olamidagi eng muqaddas qadamjolardan biri – Imom Buxoriy majmuasi va uning atrofida amalga oshiriladigan qurilish-bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari haqida maʼlumot berilgandi.

Kun.uzʻga maʼlum qilinishicha, davlat rahbari ziyoratgohda olib borilishi rejalashtirilgan loyiha boʻyicha yana bir bor oʻz tavsiyalarini bildirib, mutasaddilarga zarur topshiriqlar bergan.

13-fevral kuni Imom Buxoriy majmuasida Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi, mutasaddi vazirlik va idoralar masʼullari, Samarqand viloyati jamoatchiligi vakillari va oqsoqollar ishtirokida loyihani amalga oshirish oldidan tadbir oʻtkazildi.

Qurʼon tilovat qilinib, qurbonlik qilindi. Loyiha yuzasidan jamoatchilikka maʼlumot berildi.

«Majmuadagi qurilish-obodonlashtirish ishlari jarayonida Imom Buxoriy maqbarasi hozirgi koʻrinishi saqlangan holda rekonstruksiya qilinadi. Shu paytgacha maqbara ostidagi qabrni ziyorat qilish uchun yetarli sharoit mavjud emas edi. Yangi loyihada qabr atrofini kengaytirib, ziyoratchilar uchun har tomonlama qulaylik yaratish koʻzda tutilgan.

8 ming oʻrinli muhtasham masjid quriladi. Majmua atrofida toʻrtta ulkan minora qad rostlaydi. Xalqimizga xos turmush tarzidan kelib chiqib, hozirgi ayvonlarga qoʻshimcha ravishda ichki va tashqi ayvonlar barpo etiladi.

Mahalliy va xorijlik ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy mehmonxonalar, xalqaro andozalarga toʻla mos keladigan maishiy xizmat va sanitariya-gigiyena shoxobchalari quriladi», – deyiladi rasmiy xabarda.

Qayd etilishicha, majmuada qurilish-bunyodkorlik ishlari jarayonida bu yerdagi tarixiy buloq va bir necha yuz yillik chinor daraxtlariga ziyon yetkazilmaydi. Ularni asrab-avaylash, oʻz holida saqlash uchun barcha zarur choralar koʻriladi.

Majmuada amalga oshiriladigan qurilish-bunyodkorlik ishlari maxsus tashkil etilgan jamgʻarma mablagʻlari hisobidan tashkil etiladi.