Imzo, huquqiy maslahatlar, shartnomalar: notariusning bir ish kuni

    Suhbat 24 Dekabr 2020 5108

    Muhabbat Xudoyberdiyeva 1986-yilda Toshkent Davlat universitetining yuridki fakultetini bitirgan, dastlabki faoliyatini Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasida yetakchi maslahatchi lavozimidan boshlagan.

    Keyin Boyovut tuman sudida sud ijrochisi, 1991-yildan Guliston shahar davlat notarial idorasi notariusi lavozimida ish yuritgan. Mana 29 yildirki, notarius vazifasida ishlab kelyapti.

    – 2000-yillarning boshida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius maqomida ish yuritdim. Ammo, notariuslar faoliyatida kuzatilgan koʻplab qoʻpol xatolardan keyin, hammamiz davlat notarial idoralariga qaytdik. Davlat notarial idorasida 2020-yilga qadar faoliyat yuritdim. 2020-yil 15-maydan xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius boʻldim. Allohga shukr, shu paytgacha el xizmatidaman, - deydi Muhabbat Xudoyberdiyeva.

    Aytish joizki, Sirdaryo viloyatida 7 nafar ayol notarius ishlaydi. Ulardan 3 nafari 50 yoshdan oshgan, ikki nafari 40 yoshlar atrofida.

    Ish kuni qanday boshlanadi?

    Muhabbat opa har kuni Yangiyer shahridan qatnaydi. Buning yaxshi tomoni shundaki, notariusni Yangiyer shahrida ham, Guliston shahrida ham barcha taniydi.

    Notariusning jamoasi 3 nafar – oʻzi, yordamchisi va kotibasi. Qizlar har doimgidek, notariusdan avvalroq kelib, ish joyida, fuqarolarni mulozamat bilan kutib olish, ularni bir piyola choy bilan mehmon qilib, oʻzlari hujjatlarni tayyorlash bilan band.

    Ertalabdan notarius qabuliga kelganlarning orasida bir nafari – Qozogʻiston universitetiga talabalikka qabul qilingan Kamron Ruslanov juda shoshilmoqda. Kotiba qiz uning elektron navbatga kecha yozilgani, bugun qabulga birinchi boʻlib kirishini maʼlum qildi. Kamron koronavirus pandemiyasi tufayli oʻqish onlayn boshlanganligi, diplomini Qozogʻistonda nostrifikatsiya qilish uchun ishonchnoma yuborishi kerakligini aytdi. Ishonchnoma yuborilishi kerak boʻlgan Qozogʻiston fuqarosining pasport nusxasiga ishonchnoma rasmiylashtirish jarayoni 10 daqiqaga ham bormadi. Talaba yigit xursand boʻlib, rahmatlar aytib chiqib ketdi.

    Navbat endi boshqalarga.

    Ofisda ish qizgʻin

    Muhabbat opaning yoniga ikki kishi - Zulfiya va Zulayho, uy-joy oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirish uchun tashrif buyurishgan.

    Muhabbat opa ular bilan huquqiy konsultatsiya oʻtkazish chogʻida uy uchun toʻlovga olib kelingan mablagʻ toʻlaligicha olib kelinganligi haqida soʻraydi. Mablagʻ toʻliq emasligini bilib, kelgusida ikkala tomon oʻrtasida nizo chiqishi mumkinligidan ogohlantirdi. Elektron baza orqali yordamchisi Gulina uy egasining kommunal xizmatlardan qarzi-bor yoʻqligini tekshirdi.

    Shu oʻrinda, aytish joizki, “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartirish kiritish, takomillashtirish ustida ish bormoqda, kelgusida mulk egasining kommunal xizmatlardan qarzi bor-yoʻqligini sotuvchi va xaridor oʻzaro hal qilishlari taklif etilmoqda.

    Shu bilan birga, notarius oluvchiga bir yoʻla uy uchun mablagʻni ham toʻliq qilib kelishi lozimligini uqtirdi.

    – Bu borada nizolar koʻp uchrayapti, fuqarolar notarius huzurida mablagʻning hammasini oldim, deyishadi, keyinchalik esa ololmay qolgan toʻlov uchun Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga murojaat qilib yurishadi. Bunday salbiy holatlarning oldini olish uchun toʻlovlarning toʻliq amalga oshirilganligi haqida soʻraladi va huquqiy tushuntirish beriladi, - deydi notarius.

    Nima uchun huquqiy maslahat beriladi?

    Notarius yoniga har xil odamlar kelishadi. Baʼzilar oilaviy kelishadi. Oʻrtacha bir kunda 20 ta -30 ta notarial harakat amalga oshiriladi. Aynan shuncha hujjatni tekshirish va imzolash kerak boʻladi. Bir xillar tanishib olish uchun kelishadi, baʼzilar huquqiy maslahat uchun kelishadi. Baʼzilar menga shubha bilan, “ishonsam boʻlarmikan?” tikilib-tikilib qaraydilar. Suhbatlashganimizdan soʻng, yengil tortib, xursand boʻlib chiqib ketadi. Ilgaridek navbatlar yoʻq boʻlsa-da, boʻsh vaqt ham yoʻq. Baʼzilar avtotransport oldi-sotdisiga kelib, asosiy ishonchnoma rasmiylashtirishmoqchi boʻlganida, asosiy ishonchnoma bilan mulkning egasi oʻzgarib qolmasligi, bu vaqtincha va bir taraflama hujjat ekani, mashina sotuvchisi xohlagan vaqtida ishonchnomani bekor qilishi mumkinligini aytib, albatta ogohlantirib olaman. Chunki, koʻpchilik yurtdoshlarimiz notariusning oldiga kelganida asl maqsadlarini yashirishadi, shunchaki ishonchnoma bilan haydab turishga beryapman, deb yolgʻon gapirishadi. Ishonchnoma olganlar baʼzan yillab oʻz nomiga rasmiylashtirmaydi, oqibat, tushunmovchiliklar kelib chiqadi. Asosiy ishonchnoma bilan 2 marotaba sotilib ketgan mashinalar boʻlgan. Hozirda “Notarius” AAT orqali tekshirib koʻrish mumkin va turli salbiy oqibatlarning oldi olinmoqda.

    Tushlikni shu yerning oʻzida, jajji jamoamiz bilan qilamiz.

    -Biz notarial harakatlarni koʻpincha videoga tushiramiz, - deydi Muhabbat opa. – Ayniqsa, bu yirik miqdordagi oldi-sotdilar yoki keksa kishilarning vasiyatnomalari boʻlsa, albatta, tasvirga olinadi. Ularni xonaga taklif qilaman, ular bilan suhbatim kameraga yozib olinadi, bunda avvalombor, sana va soatini aytaman. Hujjatlarini kameraga koʻrsataman, keyin ular oʻz istaklarini aytishadi, keyin hujjat tasdiqlanadi. Shu bilan notarial harakat tugaydi. Videoyozuv notarius arxivida 5 yilgacha saqlanadi, huquq tartibot organlari talab qilgandagina beriladi.

    Agressiv kayfiyatdagi mijozlar tez-tez uchrab turadi. Ular notarius oldiga kelishganida, ehtiyotkorlik bilan, ishonchsizlik bilan muomalada boʻlishadi. Shunaqa paytda men oʻzimda shubha tugʻdirgan hujjatni hech qachon imzolamayman, ikki taraf shu hujjatning yuridik oqibatlarini tushunib yetmaguncha tushuntiraman. Shartnoma qonuniy boʻlsa, tushuntirsam, har ikkala taraf darrov oʻzlarini bosib olishadi. Sotuvchi ham, oluvchi ham bir-birlariga ishonmasa, bunday hujjatni rasmiylashtirmagan maʼqul. Chunki “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, notariusning mulkiy javobgarligi bor, agar jismoniy yoki yuridik shaxsga zarar yetkazilsa, uni toʻliq qoplab beradi.

    Mana shunday vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasi tomonidan tasdiqlangan Nizomga asosan belgilangan Notariusning kasb etikasi qoidalariga toʻliq amal qilinadi. Aslida, har bir notarius oʻz obroʻ-eʼtibori uchun qaygʻurishi kerak. Maʼmuriy tartib-tamoyillarga rioya etmaslik notarius uchun qimmatga tushish mumkin.

    Shuning uchun ham men yoki mening yordamchilarimda shubha paydo boʻlsa, yaxshisi, hujjatni 10 marotaba tekshiramiz, hamma harakatlarni videotasvirga olamiz, bu bizning qonuniy ishlaganimizni dalolatlovchi asos boʻladi.

    Mening maqsadim – tomonlarning aniq maqsadini bilish, ehtiyotkorlikni yolgʻondan ajratish. Ana shundagina “six ham, kabob ham kuymaydi”.

    Notarial idora faoliyati haqida

    Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius Muhabbat Xudoyberdiyevaning notarial idorasi Guliston shahrining Mahalla qismida joylashgan. Muhabbat opa sobiq fabrika yotoqxonasining birinchi qavatidan oʻziga chiroyli va shinam idora qilib olgan. Jajji jamoasi bilan shu yerda mehnat qiladi.

    – Idoramizning oldida Guliston Jome masjidi joylashgan, koʻplab odam oʻtadi. Shuning uchun idora atrofining obodonchiligiga eʼtibor beramiz. Idorada oʻzim bilan birga 3nafar xodim ishlaymiz. Har birimizning belgilab berilgan vazifamiz bor. Bitta xodim meros bilan shugʻullanadi, ikkinchisi yuridik shaxslar oʻrtasida munosabatlar, uchinchisi ishonchnomalarni rasmiylashtirishga tayyorlaydi. Hamma notarial harakatlar “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimida yaqqol koʻrinib turadi, yaʼni kim kirdi, nima qildi.

    Notarial harakatlar uchun narxlar

    Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan 2020-yil 29-may kuni tasdiqlangan, notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar uchun undiriladigan toʻlovlar miqdori aks ettirilgan jadval shundoqqina fuqarolar kutib oʻtiradigan xona devoriga osigʻliq. Ular oʻzlari amalga oshirmoqchi boʻlgan harakatning toʻlov miqdorini bemalol bilib olishlari mumkin. Bundan tashqari, harakat uchun toʻlov amalga oshirilgan zahoti telefon raqamiga xabar keladi. Bunda ham mijoz oʻzidan ortiqcha mablagʻ undirilgan-undirilmaganini bilib olishi mumkin.

    Eng muhimi

    – Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar professional mediatorlar vazifasini ham bajarib kelishmoqda. Qabulimga kelgan va meros talashayotgan qarindosh-urugʻ, mulkni boʻla olmayotgan er-xotinlarga albatta, oʻzaro bitimga kelishlari sudlashib yurganlikdan yaxshiroq ekanini tushuntiraman. Qonun boʻyicha kimga nima tegishli ekani haqida huquqiy tushuntirish beraman. Koʻpchilik toʻgʻri tushunib, nizosi shu yerda barham topib ketadi. Men ham oʻzim qilgan ezgu ishimdan mamnun kayfiyatda uyga qaytaman, - deydi Muhabbat Xudoyberdiyeva suhbatimiz soʻngida.

    Zebo Haydarova suhbatlashdi.