Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux 23-26-iyun kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda boʻladi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan. Oʻzbekiston-Moʻgʻuliston doʻstlik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari koʻrib chiqiladi.
Soʻnggi 5-yil ichida Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston oʻrtasidagi tashqi savdo hajmi 2019-yildagi 1,9 million dollardan 2023-yilda 13,8 million dollargacha, 7 baravar oshdi.
Shu davr mobaynida Oʻzbekistonning Moʻgʻulistonga eksporti 1,5 million dollardan 10,2 million dollargacha 6,8 baravar oshdi. Moʻgʻulistondan import hajmi esa 519,04 ming dollardan 3,61 million dollargacha, 6,9 baravar oshdi.
Oʻzbekistonning Moʻgʻulistonga eksporti tarkibida oziq – ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar ustunlik qiladi – $3,26 mln (eksport hajmining 23%), mashina va transport uskunalari – $5,9 mln (43%) va turli tayyor mahsulotlar - $0,24 mln (1,7%), xizmatlar - $0,59 mln (4,2%).
Oʻzbekistonning Moʻgʻulistondan import tarkibi oziq - ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar-3,5 million dollar (97%), hayvonlar va oʻsimlik moylari - 40,4 ming dollar (2,1%), sanoat mahsulotlari – 35,01 ming dollar (0,97%) va kimyoviy moddalar va shunga oʻxshash mahsulotlar –13,01 ming dollar (0,97%).
Soʻnggi besh yil ichida (2019-2023-yillar) Moʻgʻuliston yalpi ichki mahsuloti oʻrtacha 4,1 foizga, (Oʻzbekistonda 5 foizga) oʻsdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi