Maʼrifatparvar bobomiz Choʻlponning “Adabiyot yashasa, millat yashaydi”, degan purmaʼno oʻgitlari bugungi Oʻzbekiston sharoitida teran ifodasini topmoqda. Zero, har qanday xalqning oʻzligi, tarixiy ildizlari va porloq kelajakka intilishlari, avvalo, uning bebaho badiiy merosida namoyon boʻladi. Insoniyat tamadduni tarixida hech qaysi adabiyot oʻz qobigʻida yakka holda rivojlanmagan, aksincha, jahon soʻz sanʼati durdonalari bilan uygʻunlashib, umuminsoniy qadriyatlarni yuksaltirishga xizmat qilgan. Shu maʼnoda, mamlakatimizda adabiyotga, xususan, badiiy tarjima sanʼatiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor maʼnaviy hayotimizda yangi sahifa ochdi desak ayni haqiqatdir.
“Adabiy doʻstlik — abadiy doʻstlik” tamoyiliga asoslangan keng koʻlamli harakatlar xalqimizni jahon madaniyatidan bahramand etish hamda milliy adabiyotimizni dunyoga tanitishda muhim omil sanaladi. Soʻnggi yillarda “Turkiy adabiyot durdonalari”, “Jahon bolalar adabiyoti durdonalari” kabi 100 jildli muhtasham loyihalarning hayotga tatbiq etilishi fikrimizning yorqin dalili boʻladi. Ayniqsa, besh qitʼa ijodkorlari merosini qamrab oluvchi tarjima asarlar yosh avlod qalbida ezgulik, insonparvarlik va yuksak fazilatlarni kamol toptirishda beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Mazkur jarayonda Prezidentimizning tegishli qarori asosida badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot taʼsis etilishi tarixiy voqea sifatida eʼtirof etilmoqda. Ushbu nufuzli mukofot nafaqat zahmatkash tarjimonlar mehnatini munosib qadrlash, balki oʻzbek tili va adabiyotining xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiluvchi muhim vosita vazifasini oʻtaydi.
Poytaxtimizdagi “Renessans” kino uyida mazkur mukofot sovrindorlarini taqdirlashga bagʻishlangan tantanali tadbir oʻtkazildi.
Mukofot tanloviga jami 60 tarjimondan ijodiy ishlar qabul qilindi. Bu tanlov nominatsiyasining har biriga oʻrta hisobda 10 nafardan nomzod toʻgʻri keldi deganidir.
Prezidentimizning tegishli qarorida belgilangan 6 ta asosiy nominatsiyadan tashqari qoʻshimcha 3 ta ragʻbatlantiruvchi mukofot ajratildi. Bular — “Badiiy tarjima rivojiga qoʻshgan hissasi uchun” (Oʻzbekiston fuqarolariga), “Oʻzbek adabiyotini xorijda faol targʻib qilganligi uchun” (xorijlik tarjimonga), “Umidli tarjimon” (yosh tarjimonlarga).
Adabiyot va doʻstlik bayrami sifatida tashkil etilgan taqdirlash marosimida xalqaro mukofot gʻoliblarining har biri maxsus diplom, koʻkrak nishoni va bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari, ragʻbatlantiruvchi mukofot egalari esa faxriy yorliq va bazaviy hisoblash miqdorining 55 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Said Mahmud Said Mubashir (Saudiya Arabistoni),
tarjimon, oʻzbek adabiyotining nasriy asarlaridan xorijiy tillarga tarjima yoʻnalishi gʻolibi:
— Hozirgi hayajonimni soʻz bilan taʼriflash juda qiyin. Bu gʻoyat hayajonli va quvonarli jarayondir. Boisi, men birinchi marotaba xalqaro mukofot sovrindori boʻlmoqdaman. Oʻylaymanki, Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” asari arab mamlakatlarida Oʻzbekistonning boy tarixi va madaniyatini chuqur koʻrsatib beradi. Ushbu asarni tarjima qilishimga, birinchi navbatda, arab dunyosida oʻzbek adabiyoti toʻgʻrisida maʼlumotlar juda kamligi, yoʻq desak ham boʻlishi sabab boʻldi. Ularda asosan, tarix haqida maʼlumotlar bor, lekin eskirgan. Yaʼni XIX-XX asrlarda Oʻzbekistonda yoki Markaziy Osiyoda boʻlgan tarixiy voqealar haqida maʼlumotlar mavjud emas. Shuning uchun arab mamlakatlarini oʻzbek adabiyoti bilan tanishtirish men uchun bir vazifaga aylandi. Bu mukofot bizni kelajakda yanada katta tarjimalarga undaydi va kuch bagʻishlaydi. Ayni kunlarda Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asari tarjimasining oxirgi bosqichiga yetib keldim. Shu bilan birga, Abdurauf Fitratning “Hind sayyohining bayonoti”ni ham tarjima qilib boʻldik. Oʻylaymanki, 2026-yilda butun arab dunyosi ushbu asarlarni mutolaa qilish imkoniga ega boʻladi.
Mixail Sinelnikov (Rossiya),
tarjimon, oʻzbek sheʼriy asarlaridan xorijiy tillarga tarjima yoʻnalishi gʻolibi:
— Bolalik yillarim Qirgʻizistonda oʻtgan, Oʻsh davlat pedagogika instituti tarix fakultetini tamomlaganman. Meni Oʻzbekiston bilan yorugʻ tuygʻular va oʻzbek mumtoz sheʼriyatidan hayratlanish hislari bogʻlab turadi. Oʻsh, Jalolobod, Andijon shaharlari men uchun qadrdon. Men dunyoning koʻp shaharlarini koʻrganman, uzoq yillardan beri Moskvada yashayman, lekin xayolan hamisha qadrdon makonlarimni koʻrib turaman.
Bolaligimda turli millat vakillari boʻlgan tengdoshlarim bilan oʻynaganman, oʻzbek va qirgʻiz xonadonlarida mehmon boʻlganman, shu tillarda qoʻshiqlar tinglaganman va sheʼrlar yodlaganman. Yoshim ulgʻaygach, turli tarixiy davrlarda yashab ijod qilgan oʻzbek shoirlarining sheʼrlarini tarjima qila boshladim, turli toʻplamlar tayyorladim. Yaqin uch yil ichida 2 jildli “Oʻzbek sheʼriyati antologiyasi” va alohida “Zamonaviy oʻzbek sheʼriyati antologiyasi”ni tuzdim.
Men Alisher Navoiy ijodidan hamisha hayratdaman. Ogahiy sheʼriyati bilan tanishganimda esa 13 yoshda edim. Uning gʻazallaridan hayratga tushganim hamon esimda. Keyinroq Ogahiy serqirra va ulugʻ ijodkor ekaniga amin boʻldim. U mirob, tarixchi, davlat arbobi, shoir va tarjimon sifatida faoliyat koʻrsatgan. Mana, bugun Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotga sazovor boʻlib turibman. Hozir bir guruh mutaxassislar birgalikda gʻoyat hayajonli ish bilan mashgʻulmiz — Alisher Navoiy sheʼriyati tarjimasi bilan bandmiz. Kelgusi yilning yozida Navoiy gʻazallaridan iborat katta devonni nashr qilamiz. Unga kirgan sheʼrlarning aksariyati hali rus tiliga tarjima qilinmagan.
Shamenaz Bano (Hindiston),
tarjimon, oʻzbek bolalar adabiyoti namunalaridan xorijiy tillarga tarjima yoʻnalishi gʻolibi:
— Bu mukofotni olganimdan judayam xursandman. Tarjimon sifatida birinchi marta taqdirlanishim. Oldin oʻqituvchi sifatida, shoir sifatida taqdirlanganman. Oʻzbek adabiyotini oʻquvchi sifatida juda ham sevib oʻqiyman. Masalan, Alisher Navoiy va Anvar Obidjon asarlarini tarjima qildim. Endi 2026-yilning iyun oyigacha qator oʻzbek adiblari asarlarini tarjima qilish harakatidaman. Ayniqsa, Anvar Obidjonning “Meshpolvon” asarini tarjima qilish menga judayam yoqdi. Asarning bolalar tilida yozilgani menda katta taassurot qoldirdi.
Abdulla ShER,
Oʻzbekiston xalq shoiri, xorijiy tillarda yaratilgan sheʼriy asarlardan oʻzbek tiliga tarjima yoʻnalishi gʻolibi:
— Inson har bir narsani — qamchini ham, silashni ham oʻz tanasida, ruhan his qiladi. Mana shu farq ijobiy bir hodisaki, ruhiyatni koʻtarish yana yangidan yangi tarjimalarga yoʻl ochadi, bu — birinchidan. Ikkinchidan, Oʻzbekistonning jahonga chiqishi va ayni paytda jahonning Oʻzbekistonga kirib kelishidir. Mana shu ikkita hodisa ushbu tadbirda bir-biri bilan uygʻunlashib ketgan. Bu Oʻzbekistonning yanada yuksalish yoʻlida davom etayotgan oʻziga xos yangi bosqichdir.
Ayni tadbir, nazarimda, tarjimonlar ijodida katta iz qoldiradi. Men ham buni koʻp yillik mehnatimning oʻziga xos qadrlanishi deb bilaman. Prezidentimizga mazkur qarorni qabul qilgani uchun tashakkur bildiraman. Shuningdek, ayni asarlarni tarjima qilishga undagan ustozlarga, hamkasblarga ham rahmat aytmoqchiman.
Tohir QAHHOR (Oʻzbekiston),
tarjimon, xorijiy tillarda yaratilgan sheʼriy asarlardan oʻzbek tiliga tarjima yoʻnalishi gʻolibi:
— Tarjimonlar uzoq yillar erinmay mehnat qilib tursa, haqiqiy maʼnoda shoir-tarjimon, yozuvchi-tarjimon boʻlsa hamda adabiyotimizga yangi ruh olib kiradigan asarlarni tarjima qilsa, bunday mehnat, albatta, eʼzoz topishini mazkur tadbirda koʻrib, guvohi boʻldim.
Mana, birgina misol, Abdulla Sher bir umr rus, ingliz va nemis tillaridan mohirona tarjima qilgan. Shuning uchun ham uning ijodi eʼzoz topib kelmoqda. Bu mukofot tarjimonlarga katta ruh beradi, qalamini charxlashga yoʻl koʻrsatadi.
Nodirabegim IBROHIMOVA
(Oʻzbekiston),
tarjimon, xorijiy tillarda yaratilgan bolalar adabiyoti namunalaridan oʻzbek tiliga tarjima yoʻnalishi gʻolibi:
— Hozir judayam hayajondaman. Tarjimaga 15 yoshimdan kirishganman. Sarhisob qilsam, 20 yildan oshibdi. Lekin oʻzimni hali ham yosh tarjimonday, oʻrganuvchiday his qilaman. Chunki ustozlarimiz Ibrohim Gʻafurov, Vafo Fayzulloh, Olim Otaxonga izdosh, munosib boʻlishga harakat qilganmiz. Bugun arzimas mehnatimizni Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotga loyiq koʻrishganidan behad xursandman.
Tarjimani xalqlar oʻrtasidagi oltin koʻprik deyish mumkin. Mana shu koʻprikning mustahkam boʻlishiga ozgina boʻlsa ham hissa qoʻshayotganimizdan oʻzimda faxr hissini tuydim. Bu men uchun boshlanishdir. Chunki hali oldinda jahon adabiyotining sara namunalarini tarjima qilishni rejalashtirib qoʻyganman. Toki kuchim, qalbimda tarjimaga mehrim bor ekan, bu mashʼala hech qachon soʻnmaydi deb niyat qilaman.
Vafo FAYZULLOH (Oʻzbekiston),
tarjimon, ragʻbatlantiruvchi mukofot sohibi:
— Mazkur mukofotni men uchun faqat shaxsiy yutuq emas, balki tarjimonlik qadrlanayotgani, badiiy tarjimaning jamiyat maʼnaviy hayotida muhim oʻrin tutayotgani eʼtirofi deb bilaman. Muhammad Rizo Ogahiy nomini olgan mukofot masʼuliyatni ham oshiradi, chunki u zot milliy madaniyatimiz va maʼrifatimiz tarixida alohida oʻringa ega.
Badiiy tarjimaga qiziqishim kitob mutolaasi orqali paydo boʻlgan. Turli xalqlar adabiyotini oʻqir ekanman, asarlarni ona tilimizda ham shunday taʼsirchan va ravon oʻqish mumkin boʻlsa kerak degan fikr tinchlik bermas edi. Shu ehtiyoj meni tarjimonlik yoʻliga boshladi. Pushkinning “Boqchasaroy fontani” dostonini Usmon Nosir tarjimasida, Sergey Yeseninning “Fors taronalari”ni Erkin Vohidov tarjimasida oʻqiganman, shoir va tarjimon sifatida Mirtemir, Abdulla Oripov ijodiy merosini oʻrganganman. Jahon adabiyoti namunalarini oʻzbek tiliga tarjima qilish ustida ishladim. Frans Kafkaning ikki yirik asari — “Jarayon” va “Qalʼa” romanlarini, Moris Meterlink (Belgiya), Ryunoske Akutagava (Yaponiya), Knut Hamsun (Norvegiya), Xorxe Luis Borxes (Argentina), Chingiz Aytmatov (Qirgʻiziston) hikoyalarini, Oʻljas Sulaymonov (Qozogʻiston), Sharl Bodler, Pol Verlen va Artyur Rembo (Fransiya), Ivan Bunin, Nikolay Gumilyov, Sergey Yesenin, Marina Svetayeva va Iosif Brodskiy (Rossiya) sheʼrlarini oʻzbek tiliga oʻgirdim.
Vali Savash Yelok (Turkiya),
tarjimon, ragʻbatlantiruvchi mukofot sohibi:
— Ushbu mukofotga sazovor boʻlganimdan juda xursandman. Shuning uchun Oʻzbekiston Prezidentiga tarjimonlarni qoʻllab-quvvatlagani, tarjima ishlariga alohida eʼtibor qaratgani uchun katta rahmat deyman. Ushbu mukofotni oʻzimga xalqlar oʻrtasidagi doʻstlikni, adabiy aloqalarni mustahkamlashdagi bir vazifa deb bilaman. Bu yoʻlda mehnat qilishda davom etaman. 2004-yildan beri oʻzbek adabiyotidagi asarlarni tarjima qilish bilan shugʻullanaman. Doktorlik dissertatsiyamda ham Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov sheʼrlarini turk tiliga tarjima qilib, uning uslublari, xususiyatlari boʻyicha ishladim. Undan keyin yozuvchi Xayriddin Sultonning hikoyalarini turk tiliga tarjima qilib, Turkiyada chop ettirdim. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonning “Alisher Navoiy” romanini turk tiliga tarjima qildim. U yaqinda kitob holida sotuvga chiqish arafasida. Hozir Nazar Eshonqul hikoyalari tarjimasi ustida ishlayapman.
Saidjalol SAIDMURODOV (Oʻzbekiston),
tarjimon, ragʻbatlantiruvchi mukofot sohibi:
— Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot keng kitobxonlar auditoriyasida jahon adabiyotining insonparvarlik tuygʻularini yuksaltirishga xizmat qilguvchi eng sara namunalarini milliy adabiyotimizga olib kirayotgan, qolaversa, adabiyotimizning sara asarlarini chet ellarda faol targʻib qilayotgan fidoyi tarjimonlar mehnatiga oliy eʼtirof boʻldi, desak adashmaymiz.
Oʻzbek tiliga tarjima boʻlayotgan bugungi asarlar orasida oʻqtin-oʻqtin gʻaliz va tushunarsiz jumlalar uchrab qoladi. Shunday hollarda matn oʻzbek tiliga moslanmasa, kitobxonni “mayib” qilishi turgan gap. Ammo dunyo adabiyotining Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari — ustoz tarjimonlar oʻzbekchalashtirgan asarlari allaqachon adabiyotimizda tup qoʻyib, palak otgan, kitobxonlarning koʻngliyu javonidan mustahkam oʻrin egallagan. Zotan, ular oʻgirgan tarjima asarlar xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning maʼnaviy-intellektual salohiyati, ong-tafakkuri, dunyoqarashini yangi bosqichga olib chiqish, vatanga, elga muhabbat, sadoqat tuygʻusini shakllantirishda ayricha ahamiyat kasb etadi.
Men ustoz tarjimonlarimiz qatorida turganim, ularga izdosh sifatida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro tanlovning ragʻbatlantiruvchi mukofotiga sazovor boʻlganimdan xursandman.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Jonibek Alijonov tayyorladi.