Inklyuziv taʼlim «Logoprognoz» kompaniyasi bilan hamkorlikda rivojlantiriladi

    Ta'lim 22 Fevral 2023 2537

    Maktabgacha taʼlim agentligida joriy yil 20-fevralda Rossiya tomonining tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari A.Shin hamda «Logoprognoz» kompaniyalar guruhi bosh direktori V. Yefimova oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda maxsus va inklyuziv taʼlim sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama etildi.

    Rossiya kompaniyasi rahbari oʻz nutqida Maktabgacha taʼlim agentligining inklyuziv taʼlim va imkoniyati cheklangan bolalarni reabilitatsiya qilish sohasidagi faoliyatini yuqori baholadi. Shuningdek, davlat koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotining Nukus shahridagi “Imkon” reabilitatsiya markazi bilan olib borilayotgan ishlarini alohida taʼkidladi.

    Muzokaralar doirasida V.Yefimova «Logoprognoz» kompaniyalar guruhi tomonidan maxsus va inklyuziv taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot va IT-loyihalari haqida qisqacha toʻxtalib oʻtdi.

    Rossiya delegatsiyasi rahbari maktabgacha yoshdagi bolalar, shuningdek, umumtaʼlim maktablarining boshlangʻich sinflarida tahsil olayotgan bolalar salohiyatini baholashga qaratilgan mobil ilovalarni ishlab chiqish va moslashtirishda Oʻzbekiston tomoniga yordam berishga tayyorligini bildirdi.

    Uchrashuv doirasida Rossiya tomoni vakili V.Yefimovaning soʻzlariga koʻra, Maktabgacha taʼlim agentligining ixtisoslashtirilgan boʻlinmalariga «Logoprognoz» kompaniyasi tomonidan imkoniyati cheklangan bolalar bilan ishlash boʻyicha tasvirga olingan va oʻzbek tiliga tarjima qilish mumkin boʻlgan filmlarni taqdim etishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish va Rossiya tomonining maxsus va inklyuziv taʼlim sohasidagi innovatsion takliflarini Oʻzbekiston Respublikasidagi maktabgacha taʼlim tizimi ehtiyojlariga moslashtirish imkoniyatlarini oʻrganish zarurligi toʻgʻrisida oʻzaro fikr almashdilar, deb xabar beradi Maktabgacha taʼlim agentligi matbuot xizmati.