Tomonlar qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, hamkorlikda startap loyihalarni moliyalashtirish, venchur moliyalashtirishni rivojlantirish, yosh olimlar va mutaxassislarning xorij stajirovkalarini oʻtkazish kabi masalalarni muhokama qildilar.

Xususan, arxitektura va dizayn, mashinasozlik, axborot texnologiyalari, kiberxavfsizlik, Yer haqidagi fanlar, turizm, muqobil energetika yoʻnalishlarida qoʻshma ilmiy loyihalarga tanlovlar mavzularini shakllantirish va ularni eʼlon qilish masalalari oʻrtaga tashlandi. Elchi janoblari borada Italiyaning tegishli vazirliklari – Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligi, Universitetlar va tadqiqotlar vazirligi mutasaddilari bilan muzokaralar olib borishda koʻmak berishga tayyorligini bildirdi.

I Abdurahmonov Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi tomonidan eʼlon qilinadigan startap loyihalari tanlovlarini xalqaro darajaga koʻtarish taklifini berdi. Bu tanlovlar gʻoliblari Yoshlar akademiyasi jamgʻarmasi hamda Italiya Milliy innovatsion jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtirilishi mumkinligi qayd etildi. Bunda mashinasozlik, dizayn. Tekstil, oziq-ovqat sanoati, turizm va muqobil energetika sohasidagi startap loyihalarga alohida eʼtibor qaratilishi lozimligi aytildi.

Shuningdek, Oʻzbekistonda venchur moliyalashtirishni rivojlantirish uchun xorijlik mutaxassislarni jalb etish va xalqaro tajribani oʻrganib, tatbiq etish lozimligi borasida fikr almashildi. Venchur moliyalashtirish boʻyicha meʼyoriy-huquqiy qonunchilikni ishlab chiqish, venchur kompaniyalari va fondlari uchun malakali rahbar xodimlar va mutaxassislarni tayyorlash hamda investitsiyalar kiritish uchun Italiyadan ekspert-maslahatchilarni jalb qilish masalasi muhokama qilindi.

Oʻz navbatida vazir arxitektura, mashinasozlik, axborot texnologiyalari, oziq-ovqat sanoati, sunʼiy intellekt yoʻnalishlardagi universitetlar va kompaniyalarda mutaxassislar va yosh olimlarning 6 oygacha boʻlgan stajirovkalarini oʻtkazish imkoniyatlarini oʻrganish zarurligini aytdi. Yurtimiz yosh mutaxassislar va olimlarning stajirovkalari xarajatlari Oʻzbekiston tomonidan toʻliq qoplanishi haqida maʼlumot berildi.

Agostino Pinna barcha takliflarni diqqat bilan tinglab, bu borada tegishli soʻrovlar oʻtkazishini aytdi. Ikki davlat oʻrtasida innovatsiyalar va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash bugunning dolzarb vazifalaridan ekanini taʼkidladi.

Uchrashuv doʻstona ruhda oʻtdi.