Turkiyada bugungi kunda 2 000 nafardan ortiq oʻzbekistonlik talaba tahsil olayotgan boʻlsa, ularning katta qismi Istanbul shahrida bilim olmoqda.
Suhbat chogʻida oʻzbekistonlik talaba va doktorantlar tomonidan qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, Istanbul tijorat universitetiga oʻzbekistonlik yosh izlanuvchan olimlarni doktoranturaga oʻqishga yuborish, Oʻzbekistonning xorijdagi qoʻlyozmalari nusxalarini (500 mingta) izlanishlar uchun olib kelish, “Technoways” kabi tadbirlar gʻoliblarini malaka oshirish va tajriba almashish maqsadida Turkiyaga yuborish, oliy oʻquv yurtlari uchun oʻqilishi shart boʻlgan adabiyotlar roʻyxatini shakllantirish va oʻzbek tiliga oʻgirish uchun tarjimonlar guruhini tuzish kabi takliflar oʻrtaga tashlandi.
Shuningdek, Turkiya tajribasidan kelib chiqqan holda harbiy texnologiyalarni rivojlantirish, Oʻzbekistonda onlayn universitetlar tashkil qilish, Turkiya kichik biznesi vakillarini yurtimizga jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratish kabi fikrlar bildirildi.
Innovatsion rivojlanish vaziri Iibrohim Abdurahmonov barcha takliflarni qoʻllab-quvvatlab, ularni amalga oshirish uchun vazirlik tomonidan imkoniyat doirasida zarur resurslar ajratilishini aytdi. Shu bilan birga, yuqoridagi tashabbuslarni talabalar ishtirokida amalga oshirish maqsadga muvofiqligini taʼkidlab, “Turkiya universitetlarida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talaba va doktorantlar hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorligida koʻngilli ”Ishlar rejasi" ishlab chiqishga kelishildi.
Vazir kreativ takliflar bergan va tashabbuslarni amalga oshirishda faol boʻlgan yoshlar “Innovatsion gʻoya yetakchisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishini qayd etdi.