Xalqaro konferensiya Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolarga xizmat koʻrsatish va ijtimoiy innovatsiyalar davlat agentligi tomonidan tashkillashtirilgan boʻlib, tadbir ikki sessiyadan iborat. Ushbu sessiyalar davlat xizmatlari sohasida innovatsiyalarni joriy etish va “smart” (aqlli) boshqaruv tizimida kelajak tendensiyalari mavzulariga bagʻishlandi.
Xalqaro konferensiyaga Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Gruziya, BAA, Oʻzbekiston, Tojikiston va dunyoning boshqa turli mamlakatlaridan vakillar taklif qilinib, hukumat vakillari va boshqa manfaatdor tomonlar “aqlli boshqaruv” sohasidagi eng yaxshi tajribalarini almashishdi.
Xalqaro konferensiya davomida Ozarbayjon Fuqarolarga xizmat koʻrsatish va ijtimoiy innovatsiyalar davlat agentligi huzuridagi inkubatsiya va akseleratsiya markazi “InnoLand” va Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi “Yashnobod” innovatsion texnoparki oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Memorandum asosida biznes-inkubatorlarni joriy etish va rivojlantirish sohasida stajirovkalar tashkillashtirish, qoʻshma inkubatsiya dasturlarini oʻtkazish, texnologiya, innovatsiya va tadbirkorlik sohasida qoʻshma seminarlar, konferensiyalar, vebinarlar, kongresslar, kurslar, mahorat darslari va koʻrgazmalar oʻtkazish rejalashtirilgan. Bu haqida Innovatsion rivojlanish vazirligi xabar bermoqda.