Tashrif davomida vazirlik huzuridagi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi ijro etuvchi direktori Bunyod Oxunov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari “UNIT.City” Unit city shaharchasida yaratilgan innovatsion ekotizim bilan tanishib chiqdi.
“UNIT.City” – Markaziy va Sharqiy Yevropadagi yirik innovatsion markazlardan biri boʻlib, butun dunyodan mamlakatga investorlar, hamkorlar va yangi texnologiyalar kirib kelishini taʼminlaydi. Startaplar, yuqori texnologiyali va innovatsion kompaniyalar uchun yaratilgan sharoitlar ularning barqaror rivojlanishini taʼminlaydi.
Delegatsiya aʼzolari “UNIT.City” innovatsion parkining boshqaruvchi hamkori K.Yevtushenko, Ekotizimni yaratish boʻyicha direktori V.Rakitina bilan muzokaralar oʻtkazdi. Tomonlar Oʻzbekiston startaplari va tadbirkorlari uchun akselleratsion va inkubatsion dasturlarni tashkil etish masalalarini muhokama qildilar. Yurtimiz startapchilari va yuqori texnologiyalari mahsulotlar yetkazib berish bilan shugʻullanadigan tadbirkorlarning mazkur innovatsion parkda stajirovkalarini tashkil etish boʻyicha fikrlar almashildi. Oʻz navbatida Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan yuqori texnologiyali mahsulotlarning Ukraina bozoriga kirib borishida koʻmaklashishi maqsadida “Learning expedition” dasturini tashkil etish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.
Oʻzbekiston delegatsiya rahbari B. Oxunov “UNIT.City” innovatsion parki rezidentlari va vakillarini Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan noyabr oyida tashkil etilayotgan “InnoWeek.uz-2021” Xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligiga taklif etdi. Oʻz navbatida mezbonlar startapchilar va vazirlik vakillarining Ukraina innovatsion tadbirlarida muntazam ravishda ishtirok etishlari uchun sharoitlar yaratilishini bildirdilar.
Tashrif davom etadi.