U oʻz faoliyati davomida Global innovatsion indeksda Oʻzbekistonning oʻrnini mustahkamlash masalasi bilan shugʻullanib, xalqaro hamkorlar bilan hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etgan.

– Yoshlarimiz mamlakatimizning oʻzida ham, xorijda ham sifatli taʼlim olish imkoniyatiga egalar, – deydi Kamila Gaynulina. – Oʻzingizga ishoning, oʻz imkoniyatlaringizni ishga soling, oldingizga maqsadlar qoʻying va ularga erishing!

“Chevening scholarship” Buyuk Britaniya Tashqi ishlar va xalqaro rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan xalqaro stipendiya dasturidir. Mazkur dastur kuchli yetakchilik qobiliyatiga ega boʻlgan nomzodlarga Britaniyaning nufuzli oliy taʼlim muassasalarida istagan mutaxassisliklari boʻyicha bir yillik magistrlik kursida oʻqish imkoniyatini beradi. Nomzodlar Buyuk Britaniya elchixonasi va tegishli komissiyalar tomonidan tanlab olinadi.

K.Gaynulina Innovatsion rivojlanish vazirligida 2019-yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Nufuzli grant sohibining aytishicha, vazirlikda ishlash davomida orttirgan bilimlari, hamkasblari va rahbarlarining qoʻllab-quvvatlashi natijasida mazkur stipendiyaga ega boʻlishga muvaffaq boʻlgan. Kamila Buyuk Britaniyaning yetakchi universitetlaridan biri – Birmingem universitetida “Xalqaro rivojlanish” yoʻnalishida magistrlik dasturi boʻyicha taʼlim oladi.