Haftalik doirasidagi ilk tadbir – Oʻzbek-Eron ishbilarmonlar forumi oʻz ishini boshladi. Tadbirni Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi oʻrinbosari Ravshan Otaboyev kirish soʻzi bilan ochdi.
– Ikki tomonlama hamkorlik munosabatlari jadallik bilan rivojlanmoqda, – deydi Ravshan Otaboyev. – Ishbilarmon doiralar bilan aloqada mamlakatlar hamkorligi muhim oʻrin tutadi. Joriy yilda amalga oshirilgan tashriflar va imzolangan tegishli hujjatlar ikki davlat aloqalarining yangi bosqichga chiqishiga zamin yaratdi. Eron ishbilarmon doiralarini biznes yuritish uchun Oʻzbekistonda kutamiz va qoʻshma korxonalar ochish takliflarini koʻrib chiqishga tayyor ekanligimizni maʼlum qilamiz.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash lozimki, Oʻzbek-Eron ishbilarmonlar forumida Eron Islom Respublikasidan tashrif buyurgan tadbirkorlar, ilm-fan vakillari hamda 100 nafardan ortiq mahalliy kompaniya vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbirda Eron Islom Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi vakili Xosseyn Parvarish ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo aloqalariga davlatlar rahbarlari darajasida eʼtibor qaratilayotganini qayd etdi.
– Hamkorlik yoʻnalishlari sifatida qishloq xoʻjaligi hamda IT sohasini misol qilib keltirishimiz mumkin, – deydi Xosseyn Parvarish. – Bu hamkorlikning samarali natijasi oʻlaroq Toshkentdagi Eron innovatsiyalar va texnologiyalar uyining ochilishini koʻrsatish mumkin.