— Muxbir bolam, elimizda
Koʻp yangi gap boʻlayotir.
Hatto bizning qishloqqa ham
Shamollari kelayotir.
Qiziq boʻldi tunov kuni,
Koʻchamizga odam toʻldi.
Alovuddin chirogʻini
Ishqaganmi, nima boʻldi?
Shimargancha yenglarini,
Ishga qattiq bogʻlab beldi
– Hovlimizga besh-oʻn rahbar
Eshik qoqib kirib keldi.
Voy-boʻ, buncha savlatdorlar
Atrofimni oʻrayapti,
Biri olib, biri qoʻyib,
Ahvolimni soʻrayapti.
Qiziq boʻlar ekan, meni
Oʻzlariga teng koʻrsa, deng.
Biri vazir, biri hokim:
“Bizga xizmat”, deb tursa, deng.
Bolam, bu kattakonlarni
Tilvizoʻrda koʻrar edim.
Ular bizning holimizni
Bilarmi, deb soʻrar edim.
Axir, rahbar degan odam
Kastumiga sigʻmasdi-ku.
Yil oʻn ikki oy salqingina
Kabinetdan chiqmasdi-ku.
Hokim buva hukmi – hukm,
Yoniga ham borolmasdik.
Dardimizni aytay desak,
Huzuriga kirolmasdik.
Endi esa, hayron qoldim,
Oldimizga kelayapti.
“Mahallabay ishlaymiz”, deb,
Jonga oro kirayapti.
Yoqa ushlab qoldim, shoyad,
Ular kelgani rost boʻlsin.
Hokimlaru vazirlarga
Insof bergani rost boʻlsin.
Yana bir kun belim ogʻrib
Turgan edim, bir ish boʻldi.
Xuddi shu payt bilgandayin
Uch-toʻrt vrach kirib keldi.
Yo, tavba-yey, bular qaydan
Ogʻriganim bildi, deyman.
Yo xalq dardin bilgich odam
Boshimizga keldi, deyman.
Professor ekan bari,
Na-aq Toshkandan kelishdi.
Bola-baqra, hammamizning
Sogʻligʻimiz tekshirishdi.
Koʻzimga yosh keldi, bolam,
Koʻngillarim erib ketdi.
Ular hatto sihatgohga
Yoʻllanma ham berib ketdi.
Tabib oʻz oyogʻi bilan
Oʻzi kelgani rost boʻlsin.
Shifokoru doʻxtirlarga
Insof bergani rost boʻlsin.
Agar bilsang, bu dunyoda
Bonkchi degan kas boʻlardi.
Ishi tushib borgan odam
Oldida xor-xas boʻlardi.
Qarz olib, mol-hol qilay, deb
Borsak qovogʻin uyardi.
Arzimagan uch-toʻrt soʻmga
Bir dunyo shartin qoʻyardi.
Endi esa bonkchi oʻzi,
Qarang, uyma-uy yuribdi,
Mana loyiha, kredit,
Faqat ishlang, deb turibdi.
Tadbirkor ham odamlarning
Kam-koʻstiga qarayapti.
Oʻzim boʻlayin, demasdan,
El koriga yarayapti.
Ana, biri bogʻcha qurdi,
Biri ishning koʻzin bildi
– Zoʻr fabrika tashkil qilib,
Yuz odamni ishli qildi.
Odamlarga yordam qilib,
Hammani teng koʻrar boʻlsang,
Asli insof deganing shul,
Agar mendan soʻrar boʻlsang.
Odamlarga yordam – elga
Koʻmak, degani rost boʻlsin.
Tadbirkoru bonkchilarga
Insof bergani rost boʻlsin.
Yana gap koʻp, ayta bersam
To kechgacha ado boʻlmas.
Gazetingda bosib chiqsang,
Bu gaplarim xato boʻlmas.
Yurtboshimiz bir keldiyu
Yoʻlga ham son kirib qoldi.
Suvlar keldi, gazlar keldi,
Svetga jon kirib qoldi.
Stadion, kutubxona...
Obod qishloq boʻlib qoldik.
Shahardan hech kamimiz yoʻq,
Koʻnglimiz but, toʻlib qoldik.
Maktab qaddi tiklanyotir,
Taʼlim ham shunga xos boʻlsin.
Endi domla-mallimlarga
Insof bergani rost boʻlsin.
Uyli boʻldi uchastkavoy,
Mahallamiz obod boʻldi.
Raisimiz hokimlarning
Maylisidan ozod boʻldi.
El oralab yurar ular,
Xizmat izzatga mos boʻlsin.
Oqsoqolu posbonlarga
Insof bergani rost boʻlsin.
Samad qoʻshnim kasal boʻlib,
Uyda yotib qolgan edi,
Kenjam qanday oʻqitsam, deb,
Boshi qotib qolgan edi.
Ming qiz bilan Sharapat ham
Grantlarga kirib ketdi.
Kontraktning tashvishidan
Qoʻshnimni qutqarib ketdi.
Ayollaru yoshlarni deb
“Temir daftar” tutilyapti.
Qancha odam ishli boʻlib,
Kambagʻallikdan qutulyapti.
Odamlarning duosini
Olay degani rost boʻlsin.
Sektor rahbarlariga
Insof bergani rost boʻlsin.
Kecha lekin ozroq izza
Boʻlib qoldik, muxbir bolam.
Yer yorila qolmadi-yu
Kirib ketolmadik biz ham.
EM-ChE-ESdan askarlar kep,
Oʻtinimiz yorib berdi.
Sal boʻlmasa, supra yoyib,
Xamirimiz qorib berdi.
Oppoq sochli bir general
Devorimiz oqlay ketdi.
Uyaltirib hammamizni,
Yuragimiz qoqlay ketdi.
Axir, uyda devday oʻgʻlim
Tilpon oʻynab yotgan edi.
Yana biri tilvizoʻrga
Qaragancha qotgan edi.
Turib ketdik oʻrnimizdan,
Xijolatdan oʻlay dedik.
“Oʻz kuningga yaramasang,
Bu kuningdan oʻl-ey”, dedik.
Gʻaflat bosmay, odamlar ham
Sal gʻayratga toʻlsin ekan.
Davlat elim desa, el ham
Shunga loyiq boʻlsin ekan.
Oʻgʻillarim bir gektardan
Yerni olib ish boshladi.
Qizim tikuvchilik ochdi,
“Tik-tok”iniyam tashladi.
Esi kirdi momongniyam,
Koʻz yumib u seriyalga,
Navaralar tarbiyasin
Qayta boshdan oldi qoʻlga.
Oʻzgardi shu jujuqlaram,
Biri kashta toʻqiyapti.
Biri kampuyter oʻynamay,
Navoiyni oʻqiyapti.
Yangi zamon bolasi-da,
Tarbiyasiyam soz boʻlsin.
Momonggayam, bollargayam
Insof bergani rost boʻlsin.
Shunday gaplar, muxbir bolam,
Qiziq ishlar boʻlayotir.
Hatto bizning odamlar ham
Oʻzgarishlar qilayotir.
Bilsang, asli gʻurbat, gʻiybat
Bekorchining ishi ekan.
Eng tinch odam kim, desang, bu
Ishlayotgan kishi ekan.
Har bandaning umid bilan
Xudo degani rost boʻlsin.
Odamlarga ham diyonat,
Insof bergani rost boʻlsin.
Sen-chi, bolam, yaqiningga
Yoʻlatmasding-ku har kimni.
Mana, endi oʻzing kelib,
Eshityapsan ahvolimni.
Muxbir degan elning dardin
Yozsin-u, soʻzi rost boʻlsin.
Muxbir bolam, oʻzingga ham
Insof bergani rost boʻlsin.
Qarang, oddiy xalq dardini
Oʻylaydigan bor ekan-da.
Xalqim degan joʻmardlarga
Xalq duosi yor ekan-da.
Boʻlarkan-ku, qisqa vaqtda
Shuncha ishlar qilindi-yey.
Buni koʻrib doʻst-dushmanning
Tan bergani bilindi-yey.
Unutmay endi insofni,
Rahbarlar xalq tomon boʻlsin.
Shu ishlar boshida turgan,
Yurtboshimiz omon boʻlsin!
Egamqul boboning soʻzlarini muxbir
Qurbon JONQOBIL oqqa koʻchirdi.