Joriy yilning 11-may sanasida imzolangan “Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, Tirik donordan yoki inson murdasidan aʼzolarni va (yoki) toʻqimalarni transplantatsiya qilish faqat boshqa jarrohlik amaliyotlari yoki muolajalar retsipiyent hayotini saqlab qolishni yoxud uning sogʻligʻi tiklanishini kafolatlay olmagan taqdirda qoʻllanilishi mumkin. Bu qoida Qonunning 9-moddasida belgilab qoʻyilgan.
Shuningdek, hujjatning 8-moddasiga binoan, inson aʼzolarining va (yoki) toʻqimalarining transplantatsiyasi zarurligi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa davolovchi shifokor, transplantolog, anesteziolog, nevropatolog, zarurat boʻlganda boshqa ixtisosliklardagi shifokorlardan iborat tarkibdagi mutaxassis-shifokorlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi belgilagan tartibda beriladi.
Amaldagi tartibga asosan, donor sifatida bemorga transplantatsiya qilish uchun organlari, toʻqimalari va (yoki) xujayralarini oʻz ixtiyori bilan berayotgan inson tushunilib, uch yildan ortiq nikohda boʻlgan er-xotinlar va ularning oldingi turmushidan boʻlgan farzandlari, toʻgʻri va yon tarafdan boʻlgan qarindoshlari, shuningdek oʻgay ota, oʻgay ona, oʻgay oʻgʻil, oʻgay qiz va oila haqidagi qonun hujjatlariga muvofiq farzandlikka olingan bolalar tirik donor boʻlishi mumkin edi.
Yangi Qonunga muvofiq, transplantatsiya retsipiyentning yozma roziligi bilan amalga oshiriladi. Inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini uning murdasidan olishga uning tiriklik chogʻidagi notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligi mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
— Hujjatning 10-moddasiga koʻra, transplantatsiyaga rozilik berayotganida retsipiyent boʻlajak jarrohlik amaliyoti yoki muolaja munosabati bilan oʻz sogʻligʻi uchun yuzaga kelishi mumkin boʻlgan asoratlar haqida imzo qoʻydirilib ogohlantirilishi kerak.
— Ushbu jarayon majburiy tartibda videoyozuvga qayd etiladi. Agar retsipiyent oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan boʻlsa yoki belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa yoxud retsipiyentning oʻzidan rozilik olishning imkoni boʻlmasa, inson aʼzolarining va (yoki) toʻqimalarining transplantatsiyasi uning ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakilining yozma roziligi bilan amalga oshiriladi.
Shuningdek, hujjatning 11-moddasida inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini uning murdasidan olishga uning tiriklik chogʻidagi notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligi mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyilishi belgilangan.
Insonning murdasidan olingan aʼzolardan va (yoki) toʻqimalardan barcha muhtoj shaxslarga transplantatsiya qilish uchun foydalanilishi mumkin. Inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini uning murdasidan tegishli roziliksiz olish qonunga xilof hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda, inson bosh miyasining oʻlimini qayd etish asosida beriladigan oʻlim toʻgʻrisidagi xulosa mavjud boʻlgan taqdirda, inson aʼzolari va (yoki) toʻqimalari uning murdasidan transplantatsiya uchun olinishi mumkin.
Inson bosh miyasining oʻlimini qayd etishda transplantologlarning hamda inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini olishni taʼminlovchi brigadalar aʼzolarining ishtirok etishi Qonun bilan taqiqlanadi. Bu haqida Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.