Xususan, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi, shuningdek, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qoʻmitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda qiynoqqa solishning oldini olish boʻyicha milliy preventiv mexanizmlar takomillashtirilmoqda.

Qiynoqlar, bu – insoniyatga qarshi jinoyat. Bu borada qabul qilingan qonunchilik hujjatlarida ham qiynoq qatʼiyan taqiqlangan. Jumladan, Konstitutsiyamizning 26-moddasida “Hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka, boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas”ligi belgilangan.

Ayni kunlarda keng jamoatchilik muhokamasida boʻlib turgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida ham bu borada bir qator vazifalar belgilangan. Xususan, strategiyaning “Qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish”, deb nomlangan toʻrtinchi yoʻnalishi 84-maqsadida Konstitutsiya va qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilinishini taʼminlashni sud-huquq islohotlarining bosh mezoniga aylantirish vazifasi qoʻyilgan.

Unda qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash amaliyotini 2 barobarga kamaytirish hamda garov va boshqa muqobil ehtiyot choralari ulushini 2 barobar oshirish, ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash amaliyotini 30 foizdan 20 foizga tushirish, sud hamda tergov organlari faoliyatida ayrim protsessual harakatlarni masofadan turib amalga oshirish imkoniyatlarini kamida 2 barobarga oshirish, yarashuvga tushadigan ishlar boʻyicha jabrlanuvchining iltimosiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatmasdan sud tartibida tugatish amaliyotini joriy qilish masalalari oʻrin olgan.

Unga koʻra, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash chogʻida ayblanuvchi va sudlanuvchini hibsxonaga joylashtirishdan oldin uni majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi joriy etiladi hamda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakiliga tergov hibsxonalarida oʻrnatilgan videokuzatuv tizimlari yozuvlari bilan tanishish huquqi beriladi.

Shu bilan birga, jinoyat-ijroiya qonunchiligini qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha milliy preventiv mexanizmlarni nazarda tutuvchi normalar bilan toʻldirish koʻrsatib oʻtilgan.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash lozimki, inson, uning huquq va manfaatlarini taʼminlashning yangi va xalqchil tizimi ishlab chiqilishi oʻz navbatida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash holatlariga mutlaqo yoʻl qoʻymaslik asoslaridan biridir.

Dildora BOZOROVA,

yuridik fanlar doktori, professor