Inson huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlari kuchaytirilmoqda

    Fikr 2 Mart 2021 2839

    Mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, sud-huquq tizimini isloh etish, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini kafolatlash va ishonchli himoya qilish, huquqiy asoslarini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasiga asosan, har bir shaxsga oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi. Inson huquqlarining mazkur konstitutsiyaviy kafolati Konstitutsiya va qonun ustuvorligi prinsipini hayotga izchil tatbiq etish bilan bogʻliq.

    Maʼlumki, Oʻzbekistonda Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi soʻzsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish koʻradi.

    Barcha demokratik davlatlar huquqiy tizimida Konstitutsiyaning ustuvorligi prinsipi eʼtirof etiladi. Konstitutsiyaning ustunligini taʼminlash hamda jamiyatda qonuniylik muhitini yaratish inson huquqlari va erkinliklarini kafolatlashning ishonchli garovidir. Konstitutsiya ustuvorligi prinsipi uning normalarining toʻgʻridan-toʻgʻri, bevosita amal qilishini, davlat organlari, mansabdor shaxslar bu normalarni ogʻishmay bajarishini, Asosiy Qonun qoidalari buzilishining oldini olish, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash va aybdorlarni javobgarlikka tortishni taqozo etadi.

    Mamlakatda Konstitutsiya va qonun ustuvorligi prinsipining qaror topishi, huquqiy davlat asoslarining mustahkamlanishi, konstitutsiyaviy qonuniylik taʼminlanishi uchun Konstitutsiya barqororligi, uning normalariga ogʻishmay rioya qilinishi muhim ahamiyatga ega. Bu esa koʻp jihatdan Konstitutsiyaviy sud tomonidan konstitutsiyaviy nazorat faoliyatining amalga oshirilishi bilan bogʻliq.

    Hozirgi kunda Konstitutsiyaviy sud faoliyati 2017-yil 31-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun bilan tartibga solinadi.

    Mazkur qonun inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasida Konstitutsiyaviy sud rolini oshirishda muhim omil boʻldi. Konstitutsiyaviy sudga xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunlar hamda konstitutsiyaviy qonunlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini ular Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar oʻrganish kabi yangi vakolatlar yuklangan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qoʻllanilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarning Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligi toʻgʻrisida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatini koʻrib chiqish kabi yangi vazifalar yuklangan. Konstitutsiyaviy sudga koʻrib chiqish uchun masala kiritish huquqiga ega boʻlgan subyektlar doirasi kengaytirilgan.

    Shu bilan birga, mamlakatimizda konstitutsiyaviy nazorat institutini kuchaytirish, uni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishni taqozo qiluvchi, oʻz yechimini kutayotgan muammolar mavjud. Chunonchi, konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritishning huquqiy mexanizmalari qonunda yetarlicha tartibga solinmagan, konstitutsiyaviy shikoyat instituti mavjud emas. Bundan tashqari, konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish amaliyotining tahlili mamlakatimizda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilishda hal etilishi lozim boʻlgan yana bir qator dolzarb muammolar hamda huquqiy jihatdan tartibga solinishni taqozo etadigan masalalar mavjudligini koʻrsatmoqda.

    Ushbu vazifalardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va tegishli tashkilotlar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunning yangi tahrirdagi loyihasi tayyorlandi. Mazkur Qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, bugungi kunda Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilish rejalashtirilmoqda.

    Xoʻsh, mazkur qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyati nimada? Unga qanchalik zarurat bor?

    Yangi tahrirdagi “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun 101 ta moddani oʻz ichiga olgan oʻn uchta bobdan iborat. Taqqoslash uchun aytadigan boʻlsak, amaldagi qonun — 5 ta bob, 45 ta moddadan iborat.

    Mazkur qonunning qabul qilinishi inson huquqlarini himoya qilish tizimida Konstitutsiyaviy sudning rolini yana-da oshirishga xizmat qiladi.

    Konstitutsiyaviy sudga fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlari buzilganligi toʻgʻrisidagi shikoyatlar boʻyicha muayyan ishda qoʻllanilgan qonunlarning konstitutsiyaviyligini aniqlash boʻyicha yangi vakolat yuklatilmoqda.

    Xorijiy mamlakatlar konstitutsiyaviy sudlari tajribasidan kelib chiqib, muayyan ishda qoʻllanilgan qonun bilan huquqlari buzilganligi yuzasidan shikoyat bilan fuqarolar va yuridik shaxslar Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi doirasi aniq belgilab qoʻyilmoqda. Qonun kuchga kirgandan soʻng, agar qonun fuqaro yoki yuridik shaxsning konstitutsiyaviy huquqlarini buzayotgan boʻlsa, muayyan ishda qoʻllanilgan va ishning sudda koʻrib chiqilishi tugallangan boʻlsa, fuqarolar va yuridik shaxslar Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishlari mumkin boʻladi. Huquq tili bilan aytganda, mamlakatimizda konstitutsiyaviy shikoyat instituti joriy etilmoqda.

    Konstitutsiyaviy shikoyat institutining joriy etilishi Konstitutsiyaviy sudda ish hajmining keskin oshishiga olib kelishi tabiiy. Shuning uchun xorijiy mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib, Konstitutsiyaviy sud sudyalari soni 9 nafar etib belgilanmoqda.

    Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolat muddatlari oʻzgartirilmoqda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolat muddati — birinchi marta saylanganida besh yilni, ikkinchi marta saylanganida oʻn yilni tashkil etadi. Shu bilan birga, ayni bir shaxs ikki martadan ortiq Konstitutsiyaviy sudning sudyasi etib saylanishi mumkin emasligi toʻgʻrisidagi norma saqlab qolinmoqda.

    Konstitutsiyaviy sud Raisi va uning oʻrinbosarini saylash tartibi, ularning vakolat muddati aniqlashtirilmoqda. Konstitutsiyaviy sud Raisi va uning oʻrinbosari Konstitutsiyaviy sud sudyalari orasidan Konstitutsiyaviy sud tomonidan besh yil muddatga saylanadi. Agar ularning sudya sifatidagi vakolat muddati tugashiga besh yildan kam muddat qolgan boʻlsa, ular qolgan muddatga saylanadi. Ayni bir shaxs Konstitutsiyaviy sud Raisi yoki uning oʻrinbosari etib ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin emas.

    Amaldagi qonunda Konstitutsiyaviy sud Raisi va uning oʻrinbosari Konstitutsiyaviy sud majlisida uning sudyalari orasidan saylanishi belgilangan boʻlib, ularning qayta saylanishi mumkinligi ochiq qolgan edi.

    Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan subyektlar doirasi kengaytirilmoqda. Amaldagi Qonunda 12 ta subyekt Konstitutsiyaviy sudga masala kiritish huquqiga ega boʻlsa, yangi Qonun bilan 15 ta subyektga shunday huquq berilmoqda. Chunonchi, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega subyektlar qatoriga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari — Bola huquqlari boʻyicha vakil, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil kiritilmoqda.

    Konstitutsiyaviy sud sudyalarining tashabbusi bilan masala kiritish huquqi Qonundan chiqarilmoqda. Bu, oʻz navbatida, sudyalarning Konstitutsiyaviy sudda koʻrib chiqilayotgan masalaga nisbatan xolisligini taʼminlashga xizmat qiladi. Xorijiy mamlakatlar tajribasida ham sudyalar tomonidan Konstitutsiyaviy sudga masala kiritishi amaliyoti uchramaydi.

    Qonunda konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritishning protsessual qoidalari batafsil tartibga solinmoqda. Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish, murojaatni dastlabki koʻrib chiqish, ishni koʻrib chiqish uchun qabul qilish, Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning ishtirokchilari, ularning huquq va majburiyatlari, sud muhokamasi, sud majlisi bayonnomasi, protsessual muddatlar, sud chiqimlari va xarajatlarni qoplash tartibi, ayrim turdagi ishlar boʻyicha ish yuritishning xususiyatlari kabi protsessual tartib-taomillar belgilab qoʻyilmoqda.

    Shuni taʼkidlash oʻrinliki, bugungi kunda Konstitutsiyaviy sudda ish yuritishning protsessual qoidalari Konstitutsiyaviy sudning oʻzi tomonidan tasdiqlangan reglament bilan belgilangan. Rivojlangan mamlakatlarning konstitutsiyaviy odil sudlov sohasidagi tajribasi shuni koʻrsatadiki, aksariyat mamlakatlar qonunchiligida sud ishlarini yuritishning protsessual tartib-tamoyillari Konstitutsiyaviy sud reglamenti bilan emas, balki qonun bilan tartibga solinishi nazarda tutilgan. Zero, sudlov ishlarini yuritishning protsessual qoidalari inson huquqlarini amalga oshirish bilan bogʻliq. Shu bois, bunday qoidalar qonun bilan belgilanishi maqsadga muvofiq.

    Umumiy qoidaga koʻra, Konstitutsiyaviy sud murojaat olingan kundan boshlab yetti kunlik muddatdan kechiktirmay uni oʻrganishga kirishadi va kechi bilan uch oy ichida qaror qabul qiladi. Yangi tahrirdagi qonunda ikki turdagi qonun boʻyicha, yaʼni, Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha Konstitutsiyaviy sudning qarori 15 kun ichida qabul qilinishi belgilab qoʻyildi.

    Konstitutsiyaviy sud qarorlarining turlari va ularni qabul qilish, eʼlon qilish va kuchga kiritish tartibi hamda qarorning yuridik kuchi toʻgʻrisida normalar qonunda oʻz aksini topgan. Konstitutsiyaviy sud qarori qatʼiy va uning ustidan shikoyat qilish mumkin emas. Konstitutsiyaviy sud qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq emas, deb topilgan normativ-huquqiy hujjat yoki uning muayyan qismi oʻzining amal qilishini tugatadi.

    Davlat organlari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq emas, deb topilgan normativ-huquqiy hujjat asosida qabul qilgan oʻz qarorlarini bir oydan kechiktirmay qayta koʻrib chiqishlari shart.

    Qonunni tayyorlashda Armaniston, Belgiya, Vengriya, Germaniya, Gruziya, Janubiy Koreya, Ispaniya, Rossiya, Tojikiston, Turkiya, Ukraina, Qirgʻiziston kabi mamlakatlarning tajribasi va qonun hujjatlari oʻrganilib, tahlil qilingan. Xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrganish shuni koʻrsatmoqdaki, ularning aksariyatida Konstitutsiyaviy sudlar tomonidan fuqarolar huquqini himoya qilish funksiyalariga tobora koʻproq eʼtibor qaratilmoqda. Zero, konstitutsiyaviy shikoyat instituti, yaʼni, qonun yoki uning normasi bilan fuqaro va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlari buzilganligi toʻgʻrisida shikoyat qilish ularning huquqi konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilishda samarali vosita sifatida alohida ahamiyatga ega.

    “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunning qabul qilinishi natijasida fuqarolar va yuridik shaxslarga Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqining berilishi Konstitutsiyaviy sud ish hajmining oshishiga olib keladi va Konstitutsiyaviy sud devoni tuzilmasini takomillashtirish, shtatlarini qayta koʻrib chiqish, unda yuridik, xalqaro aloqalar, fuqarolar va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash, zamon talabi asosida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, matbuot xizmati kabi boʻlinmalarni nazarda tutishni taqozo etadi.

    Taʼkidlash joizki, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunining yangi tahrirda qabul qilinishi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini yana-da keng va toʻla kafolatlash, mamlakatimizda konstitutsiyaviy qonuniylikni mustahkamlash, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlashga xizmat qiladi. Shuningdek, Konstitutsiyaviy sudda ish yuritishning protsessual xususiyatlarining yangi yoʻnalishlarini tartibga solish konstitutsiyaviy odil sud faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil boʻladi.

    Mirzo-Ulugʻbek ABDUSALOMOV,

    Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi,

    Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yurist