Global dunyoda raqobatlashish ummonda suzishdek gap. CHo'kib ketmaslik uchun kuch, shiddat va mahorat talab qilinadi. Xuddi shu kabi bugungi kunda har qaysi mamlakat, avvalo, inson kapitalini yuksaltirishga, ya'ni millatning intellektual salohiyatini oshirishga harakat qilmoqda.
O'zbekiston aholisining 60 foizi yoshlardan iborat, teng yarmini esa ayollar tashkil qiladi. ekspertlar tahliliga ko'ra, 2048 yilga borib yurtimizda mehnatga layoqatli aholi soni hozirgidan ancha ko'payadi. Natijada mamlakat qimmatbaho demografik dividentni qo'lga kiritishi mumkin. Hamma gap bu unikal imkoniyatdan nechog'li unumli foydalana olishimizda.
Demografik divident iqtisodiy foyda ko'rinishida o'zimizga qaytishi uchun aholining asosiy tarkibi – yoshlar va ayollarni qo'llab-quvvatlash ayni muddao. Boshqacha aytganda, hukumat inson kapitaliga katta hajmda investitsiya kiritishi zarur. Bu kelajakda nafaqat iqtisodiyotni yuksaltirish, balki ijtimoiy vaziyatni barqarorlashtirish — kambag'allik va salohiyatli kadrlar migratsiyasini qisqartirish, ishsizlikni bartaraf etish, xalqning turmush darajasini oshirish imkonini beradi.
Inson kapitalini rivojlantirish – bir kunlik ish emas. Mazkur missiya kompleks yondashuv hamda uzoq muddatli, muhimi, aniq yo'naltirilgan chora-tadbirlarni talab qiladi. Bu borada tayyor echimlar yo'q. Har qaysi mamlakat o'z yo'li va yo'nalishini mustaqil tarzda belgilab olmog'i darkor. SHu nuqtai nazardan bugungi kunda O'zbekistonda yoshlar va ayollar bilan manzilli ishlash mexanizmi joriy qilinmoqda.
YAngi tizimni yaratish tashabbusini Prezidentimiz 2020 yil 8 oktyabr` kuni o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ilgari surgandi. Unga ko'ra, xotin-qizlar va yoshlarning muammolari mahallalar kesimida o'rganilib, tizimli hal qilinishi kerak. Barcha ma'lumotlar “Ayollar daftari” hamda “YOshlar daftari” deb nomlanuvchi maxsus idoralararo elektron bazalarda jamlanib, tahlil qilinadi va nazoratga olinadi.
“Ayollar daftari” mohiyatan aholining yordamga muhtoj qatlamlarini kambag'allikdan chiqarishga qaratilgan chora-tadbirlar kompleksini ifoda etadi. Boshqacha aytganda, davlat kambag'al qatlamni o'z qaramog'iga olmoqda. Bu esa yoshlar va ayollar taqdiri uchun mas'uliyat hamda javobgarlik to'liq davlatning gardanida ekanidan dalolat beradi. Tan olib aytish kerak, bunday ulkan vazifani dunyoning hali hech bir mamlakati bo'yniga olgan emas. Demak, O'zbekiston tajribasini tom ma'noda noyob deyishga haqlimiz.
O'tgan yil oktyabr` oyidan boshlab O'zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi, YOshlar ishlari agentligining mas'ul xodimlari hamda mahalliy hokimliklar vakillaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan 28 ta tuman va shahar mahallalarida o'rganishlar o'tkazildi. Ayollar istiqomat qilayotgan birorta ham xonadon e'tibordan chetda qoldirilgani yo'q. Dekabr` oyida loyiha mamlakat miqyosida ommalashdi. Ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligida respublika shtabi faoliyati yo'lga qo'yilgan.
Mutasaddi idoralarning umumiy sa'y-harakati bilan shu kunga qadar respublika bo'yicha 30 yoshdan yuqori bo'lgan jami 6,5 millionga yaqin xotin-qiz bilan muloqot o'tkazilib, ularning 6,8 foizi “Ayollar daftari”ga kiritildi.
“Ayollar daftari”da qayd etilganlarning 59 foizini ishsiz, 8,5 foizini boquvchisini yo'qotgan, 6,7 foizini ijtimoiy himoyaga muhtoj I va II guruh nogironligi bor ayollar tashkil qiladi. Bundan tashqari, 5,4 foizi huquqiy yordamga, 1 foizi uy-joyini ta'mirlashga muhtoj ekani, 2,1 foizi noturar joylarda istiqomat qilayotgani, 1,9 foizi bir va undan ortiq nogiron farzandni yolg'iz tarbiyalayotgani aniqlangan. SHuningdek, hozirgi kunda 44 ming nafardan ziyod opa-singlimiz tibbiy himoyaga muhtoj, 36 ming 394 nafari esa kasb-hunar o'rganish ilinjida. Qolaversa, xotin-qizlarining 27,6 foizi tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki rivojlantirish istagida kredit olishda yordam so'ragan. Ta'kidlash joizki, ayollarning umumiy salmog'iga qaraganda bu raqam daryodan tomchi, xolos. Respublikada tadbirkor ayollar ulushini yanada oshirish, ular uchun qulay biznes muhitini yaratish joylardagi rahbarlarning birlamchi vazifasiga aylanmog'i darkor. Zero, bu yo'ldagi ishonchli qadamlar pirovardida xalq farovonligini ta'minlashga xizmat qiladi.
“Achchiq bo'lsa ham to'g'risini tan olib aytishimiz kerak: bu o'rganishlarimiz natijasida birinchi marta joylardagi haqiqiy ahvol yuzaga chiqdi. SHular asosida “Ayollar daftari” shakllantirilmoqda, xotin-qizlarni qiynayotgan ko'plab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga amaliy echim topilmoqda”, dedi davlatimiz rahbari parlamentga Murojaatnomasida.
“Ayollar daftari” shunchaki rasmiyatchilik yoki xo'jako'rsin uchun qilinayotgan ish emas. Mazkur tizim negizida muammolarni yashirish emas, aksincha, mavjud kamchiliklarni ro'y-rost tan olish va bartaraf etish istagi yotibdi. Buning uchun esa, avvalo, haqiqatga tik qaray olish kerak.
Xo'sh, “Ayollar daftari” qay tartbida yuritiladi? Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 yanvarda qabul qilingan “Xotin-qizlarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorida belgilanganidek, xotin-qizlarning muammolari, ehtiyojlari va qiziqishlari har yarim yilda anketa-so'rovnoma shaklida uyma-uy yurib o'rganiladi. Olingan ma'lumotlar uch kun mobaynida respondentlarning shaxsiy individual anketalarida aks ettirilishi shart.
Individual anketa bir kun muddatda ko'rib chiqiladi. So'ngra undagi ma'lumotlar idora va tashkilotlarning ma'lumotlari bilan solishtirilib, ayollarning ijtimoiy himoyaga muhtojlik darajasi (toifasi) aniqlanadi.
“Ayollar daftari”ga kiritiladigan xotin-qizlarning ro'yxatlari hamda ularning muammolarini bartaraf etishga qaratilgan “yo'l xaritasi” loyihasi uzog'i bilan etti kun ichida Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashiga taqdim etilishi kerak.
Mahalliy deputatlar tomonidan tasdiqlangan ro'yxatlar “Mahalla” yagona axborot tizimi dasturiga kiritilib, shu asosda ayollarga vaqtinchalik tartibda muayyan xizmat turlari ko'rsatiladi.
Jumladan, hukumat qarorida qayd etilganidek, tadbirkorlik bilan shug'ullanish istagida bo'lgan xotin-qizlar Xalq bankidan bazaviy hisoblash summasining 150 baravari (33 million 450 ming so'm)gacha miqdorda kredit olishi mumkin. Kredit 6 oygacha imtiyozli davr bilan uch yildan ko'p bo'lmagan muddatga taqdim etiladi.
Bundan tashqari, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan to'rt baravari (446 ming so'mdan 892 ming so'm)gacha miqdorda bir martalik moddiy yordam beriladi.
YAna bir engillik. YAngi tizim asosida yurtimizda ilk bor ehtiyojmand ayollarga turar joy uchun ijara pulini davlat tomonidan kompensatsiyalash amaliyoti joriy qilinmoqda. Ijara shartnomasi 2021 yil 31 dekabrga qadar bo'lgan muddatga tuzilib, ijara haqi xonadon egasiga to'g'ridan-to'g'ri to'lab beriladi.
Xotin-qizlarning barcha masalalari to'liq hal etilgach, ular “Ayollar daftari”dan chiqariladi. Bu haqda fuqaro tuman (shahar) mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash bo'limlari tomonidan besh kun ichida yozma ravishda xabardor qilinishi kerak.
YUrtimizda yoshlar muammolarini tizimli hal qilishga ham bo'lakcha e'tibor qaratilmoqda. Joriy yilning 27 yanvar` kuni yoshlar bandligini ta'minlash va bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish yuzasidan o'tkazilgan navbatdagi videoselektor yig'ilishini SHavkat Mirziyoev ancha tanqidiy ruhda o'tkazdi. CHunki vaziyat xavotirli tus olgan. Zero, bugun yoshlarni nafaqat o'qitish, tarbiyalash, yot g'oya va mafkuralardan himoya qilish, balki bandligini ta'minlash ham juda muhim. Aks holda ishsizlik yuki davlat va jamiyat uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Qolaversa, ishsizlar sonini qisqartirmasdan turib kambag'allikka qarshi kurashib bo'lmaydi.
Videoselektor yig'ilishida ta'kidlanganidek, iqtisodiy faolligi eng yuqori bo'lgan Toshkent shahrining o'zida 26 ming yosh ishsiz. Vaholanki, poytaxtda 77 mingta ish o'rni bo'sh, shundan yarmidan ko'piga oliy ma'lumot talab qilinmaydi. Hozircha milliy iqtisodiyotimiz ish o'rinlariga bo'lgan ehtiyojni qisman qondira olyapti, xolos. Barcha hududlarda zavod va fabrikalar qurib berishning iloji yo'q. Bunga katta sarmoya kerak. Iqtisodiyotning virtual sektori, aytaylik, innovatsiyalarni rivojlantirish ham ozmuncha kuch, vaqt va mablag'ni talab qilmaydi. SHu bois, davlat aholiga tadbirkorlik bilan shug'ullanish imkoniyatini yaratib bermoqda. YOshlarni tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida 2018 yilda O'zbekiston yoshlar ittifoqi huzurida “Yoshlar – kelajagimiz” jamg'armasi tuzildi. Jamg'arma mablag'lari hisobidan imtiyozli kreditlar ajratish va lizing xizmatlarini ko'rsatish, shuningdek, tijorat banklari kreditlari bo'yicha kafilliklar berish amaliyoti yo'lga qo'yilgan.
27 yanvardagi videoselektor yig'ilishida Prezidentimiz bu oqilona siyosatning mantiqiy davomi sifatida tadbirkorligini boshlamoqchi bo'lgan yoshlarning minitexnologiya va uskunalar xarid qilishi uchun subsidiya ajratish, kredit olishda sug'urta to'lovi bo'yicha ko'maklashish yuzasidan topshiriqlar berdi.
YUrtimiz aholisining yarmi qishloq joylarda istiqomat qiladi. Qishloq ahlini esa er boqadi. Mana shunday mantiqqa asoslanib, bir necha yil avval O'zbekistonda “Har bir yoshga 1 gektar” loyihasiga start berilgandi. G'oya yaxshi, ammo uning amaldagi ijrosi juda sust. “O'tgan yili bu borada murojaat qilgan 14 ming nafar yoshdan atigi 3 mingiga er berilgan, xolos”, dedi davlatimiz rahbari. SHu sababli Prezidentimiz hukumat oldiga aniq vazifa qo'ydi – endilikda joylarda har 10 gektar ekin maydonidan 1 gektari yoshlarga dehqonchilik uchun ajratilishi shart. SHuningdek, o'z tomorqasida limonchilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik qilish istagini bildirgan yigit-qizlarga kredit ajratish tartibi joriy qilinadi.
Darvoqe, yurtimizda ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga ham mahkam bel bog'langan. Prezidentimiz Murojaatnomasida qayd etilganidek, 2021 yilda ayollarning biznes loyihalarini qo'llab-quvvatlash hamda joylarda aniqlangan muammolarini hal etish uchun byudjetdan qo'shimcha ravishda 1 trillion so'mdan ziyod mablag' yo'naltiriladi.
Ishonamizki, inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan bunday ezgu sa'y-harakatlar, albatta, o'z samaralarini beradi.
Nargiza UMAROVA,
jurnalist