– Yangilikni eshitdilaringmi?
– Yoʻq, nima yangilik ekan?
– Unda bexabar qolmang, har bir xonadonga bir qopdan un tarqatishayotgan ekan.
– Ie, shunaqami? Borib olaylik boʻlmasa ulushimizni.
– Qoʻysangchi, xudoga shukur, ustimiz but, qornimiz toʻq boʻlsa. Topganimiz oila tebratishga yetib turibdi. Bu mahsulotlar hoynahoy kam taʼminlangan, nochor oilalarga tarqatilayotgan boʻlsa kerak.
– Ha, shunday boʻlsa kerak, bizlar hovliqib, eldan qolmaylik deb un olishga bormoqchi boʻlib turgan edik.
Bu pandemiya balosi xalq boshiga kelib turgan, odamlar nima qilishni bilmay qolgan davrlarda boʻlib oʻtgan gap-soʻzlar edi.
Biz bir-birimizga nonday aziz, qadrdon, mehribon xalqmiz. Ota-bobolarimizdan qolgan, qon-qonimizga singib ketgan kattaga hurmat, kichikka izzat, nochorlarga mehr-muruvvat koʻrsatishga, ularning ogʻirini yengil qilishga oshiqamiz.
Pandemiya davrida bagʻri keng, qoʻli ochiq tadbirkorlar, azamat yigitlar qiynalganlarga saxovat qoʻlini uzatib, yurtning duosini oldi. Xalqimiz ularning olgani oltin, topgani dur boʻlishini chin koʻngildan tilaganini, saxovatlaridan koʻngli toʻlganini, minnatdor boʻlganini esdan chiqarganimiz yoʻq.
Non – inson rizqi. Shuning uchun nonday aziz, nondan ulugʻroq neʼmat yoʻq.
Yaqin oʻtmishga nazar solsak, sobiq shoʻro tuzumining otalaridan biri, koʻksiga yulduz taqishni yaxshi koʻradigan Leonid Brejnev: “Gʻalllang boʻlsa, qoʻshiq tildan tushmaydi”, deya Qozogʻistonning shimolda joylashgan hududlariga gʻalla ektirib tashlagandi. Katta avlod buni yaxshi eslaydi. Toʻgʻri, keyinchalik bu hududda Selinograd degan shahar paydo boʻldi, Bugungi kunda u Ostona nomi bilan Qozogʻistonning gullab-yashnagan poytaxtiga aylandi.
Bularni eslaganimning sababi, oʻtgan yaqin oʻtmish yaxshimi-yomonmi, hayotimizning bir qismi boʻlib qoldi. Biroq ozmi-koʻpmi, qornimiz toʻq, usti-boshimiz but boʻlishiga qaramay, koʻnglimiz nochor, qalbimiz kemtik edi. Mustabid tuzum tufayli qadriyatlarimizdan, milliy urf-odatlar, anʼanalarimizdan, tilimizdan, dinimizdan ayrilib qolayozganimizni, tubsiz jar yoqasiga kelib qolganimizni eslamaslikninng iloji yoʻq.
Tagʻin nonga qaytamiz. Sababi, non tirikligimiz asosi. Kimni koʻrsang, gap aylanib kelib nonga taqaladi. Oilasini taʼminlash, qora qozonni qaynatish uchun tirikchilik gʻamida yurganini aytadi.
Hech kimga sir emas, mustaqillikning dastlabki yillarida mamlakatimiz iqtisodiyoti ogʻir ahvolda edi. Xalqimiz qiynalib qoldi. Hamma yerda ishsizlik, nochorlik koʻplab erkak-ayollarni, yosh yigit-qizlarni xorijga non qidirib chiqib ketishga majbur qildi. Birda bor, birda yoʻq deganday, qozon qaynamadi, gohida bizni yoʻqlab kelgan mehmon oldiga qoʻyishga non topolmay, qisingan paytlarimiz ham boʻlgan. Xudoga shukurki, mustaqillik yillarida koʻksimizga shamol tegdi, asta-sekin tirikchiligimiz oʻnglana boshladi, urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz tiklandi, koʻplab masjidlar ochildi, oʻz tilimizda gapirishdan uyalmaydigan, qoraqalpoq millati sifatida tilimiz bilan faxrlanadigan boʻldik.
Ota-bobolarimiz “Birov tonib kekiradi, birov toʻyib kekiradi”, deganiday, gʻanimat kunlarning qadriga yetmay, “toʻyib kekirishlik” kasaliga yoʻliqishlik bor ekanini aytmasak boʻlmas. Masalan, pandemiya sal yengillashgan davrda toʻy-maʼrakalarni ozchilik odam bilan oʻtkazishga ruxsat etilganiga qanoat etmay, 30-50 nafar odam oʻrniga toʻyxonalarni 500-600 odam bilan toʻldirib, hatto undanda koʻproq mehmonlarni taklif etib, toʻqlikka shoʻxlik qilayotganlar borligi ham rost. Nahotki sogʻligʻimiz oʻzimiz uchun, oilamiz uchun kerak boʻlmasa?! Tansihatlik, xotirjamlik boʻlmasa, yiqqan mol-dunyomiz, toʻplagan boyligimizdan ne umid, ne xayr?
Bu fikrlar toʻy-maʼrakalarga topgan pulini sovurib, isrof etib, oʻzining kimligini koʻrsatib qoʻymoqchi boʻlgan, oʻzidan boshqalarni unutgan zamondoshlarimizni oz-moz oʻylantirsa, mulohaza qilishga undasa, juda maʼqul boʻlar edi.
Mamlakatimizda qoʻlida hunari bor, oilasiga, jamiyatga foydasi tegadigan fuqarolarga tadbirkorlik qilishga keng yoʻl ochildi. Oʻz kasbidan kamol topib, oilasini obod qilayotganlarni, nochorlarga yordam qoʻlini choʻzayotganlarni har birimiz yaxshi bilamiz. Mamlakat farovonligi uchun jon kuydirayotgan insonlarning halol non-nasiba topayotganini koʻrib turibmiz. Kambagʻallikka barham berilsin, har bir fuqaro birovga muhtoj boʻlmay, farovon yashasin. Eng oliy maqsad ham ana shu. El yaxshi yashasa, mamlakat obod boʻladi, mamlakat obod boʻlsa, rivojlanish boʻladi.
Oʻtgan besh yil Qoraqalpogʻiston Respublikasi uchun juda quvonarli va esda qolarli tarixiy voqealarga boy boʻldi. Prezidentimiz qariyib bir asr mobaynida suvi qurib borayotgan, natijada yer yuzi ekologiyasiga juda katta salbiy taʼsir koʻrsatayotgan Orol fojeasiga dunyo hamjamiyatining eʼtiborini qaratdi, BMT Bosh Assambleyasida soʻzga chiqib, Orolga xalqaro miqyosda innovatsiyalar jalb etish boʻyicha qaror qabul qilinishiga erishdi. Yillar davomida eʼtibordan chetda qolib kelayotgan, oʻz yogʻiga oʻzi qovrilib yotgan Moʻynoq aholisining qaddini tiklashga butun mamlakat ahlini jalb etdi. Bu yerda juda katta maydonga suvsizlikka chidamli saksovul va boshqa daraxtlar ekilib, yashil oazis barpo etildi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan, madaniyat Moʻynoqdan boshlanadi, degan gʻoya ostida Moʻynoq ahlini ichimlik suvi bilan taʼminlash ishlari boshlandi, aholini ishli qilish maqsadida ishlab chiqarish korxonalari bunyod etildi. Ana shundan keyin Moʻynoqda hayot jonlanganini, odamlarning bukilgan qaddi tiklanganini hammamiz yaxshi bilamiz.
Keyingi eʼtibor oʻtgan yillar mobaynida uch bor tugatilib, Prezidentimiz qarori bilan qaytadan tashkil etilgan Boʻzatovga qaratilgani barimizni quvontirdi. Shu yerda bir voqeani eslab oʻtmoqchiman. Boʻzatov tumani soʻnggi marta tugatilganida respublikaning rahbarlaridan biri boʻlgan Ajiniyoz Tojiboyev bunga achinib: “Boʻzatov endi qayta tashkil etilmaydigan boʻlib tugatildi”, deb yozgan edi. Shunday boʻlsada, xalq umidini uzmadi, baribir bir kun kelib, chorvachilikka ixtisoslashgan tuman qaytadan ochilishini sabr-qanoat bilan kutdi. Mana, xalqning orzu-umidi roʻyobga chiqib, Boʻzatov qaytadan chiroy ochdi, obod hududga aylandi.
Oʻtgan asrning 80-yillarida bu tumanda atigi 12 ming nafar aholi yashaganini yaxshi bilaman. Mamlakat fidoyilaridan biri Sovet Matjonov boshchiligida Boʻzatov chorvachilik tumani sifatida tashkil topganida aholini yangiliklar, amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirib borish maqsadida tuman gazetasini ochganmiz. Oʻsha paytda tumanning eng chekka hududlarida tashkil etilgan chorvachilik xoʻjaliklariga tez-tez borib turishga toʻgʻri kelar edi. U paytda tuman gazetasi haftada uch marotaba chop etilardi. Uning har bir sonida obunachilar uchun oʻqimishli boʻlgan yangiliklar, qiziqarli xabarlar boʻlishi talab etilardi. Uzoq yaylovlarga har doim xizmat safariga borganimizda, bolalarning qiy-chuviga toʻlgan chorvadorlar xonadoni bilan tanishardik, ikki uyning birida Qahramon ona unvoniga sazovor boʻlgan onalarni koʻrardik.
– Biz chorvadorlar xonadonida chiroq boʻlmasa, radio, televizor yoʻq boʻlsa, Qahramon ona bizda boʻlmay, kimda boʻlsin, – deb hazillashardi choʻponlar. Shunda ham ular bolalarimiz koʻp, ularni qanday boqamiz, deb nolishmasdi. Hudo bergan farzand, rizqini ham xudo beradi, deb bariga sabr-qanoat bilan qaragan...
Ular tandirga non yopamiz, deb halak ham boʻlishmasdi. Qora uyning oʻrtasiga uyum qilib yoqilgan jingʻil choʻgʻiga xamir joylangan tovoqni koʻmib, bir muddatdan keyin bugʻi chiqib turgan boʻrsildoq nonlarni dasturxonga toʻkib tashlashardi. Mana oʻsha chorvadorlarning umrguzaronlik qilib kelgan makoni Prezidentimiz qarori bilan qayta nomdor boʻldi, bundan aholi juda quvondi.
Buning ustiga, Prezidentimiz saylovoldi uchrashuvini qaytadan yashargan Boʻzatovda oʻtkazib, aholining turmush tarzi bilan tanishgani, ularning murojaatlarini tinglab, ogʻirini yengil qilishga vaʼda bergani xalqimizni juda ruhlantirdi, kuchiga-kuch qoʻshdi. Albatta, bizning turmush tarzimizning yuksalayotgani, farovonligimiz oshgani elimizning Bosh qomusi, huquq va erkinliklarimizning asosi – Konstitutsiyamiz bilan bogʻliq.
Prezidentimiz Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul etilganining 29 yilligiga bagʻishlangan bayram tabrigida qoʻlga kiritilgan yutuqlar bilan birga hali amalga oshirish lozim boʻlgan, navbat kutib turgan vazifalar haqidagi gaplarini qiziqib tingladik. Bundan besh yil muqaddam Konstitutsiyamizga asosan mamlakatimizda Harakatlar strategiyasi qabul qilingani ham Yangi Oʻzbekistonda keng koʻlamli islohotlar boshlanganini koʻrsatadi. Oʻtgan qisqa davr mobaynida jamiyatimizda siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy sohalarni rivojlantirishga qaratilgan yondashuvlar tubda oʻzgardi. Erkinlik va bagʻrikenglik, qonun ustuvorligi, dunyo hamjamiyati bilan hamjihatlik asosida faoliyat koʻrsatish mamlakat siyosatining bosh yoʻnalishiga aylanganini hammamiz yaxshi bilamiz.
Mamlakatimizda ijtimoiy tenglikni muvofiqlashtirish, kambagʻal, nochor oilalarning turmush tarzini yaxshilash maqsadida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Mahallabay”, “Xonadonbay” tizimlari joriy etilgani va bu borada amaliy ishlar olib borilayotgani qanday natijalar berayotganini koʻrib turibmiz.
Endi har bir fuqaro bir burda non topib, turmush tarzini yaxshilash bilan kifoyalanib qolmasdan, xalqimizni rivojlangan davlatlar darajasiga koʻtarish uchun, Yangi Oʻzbekiston strategiyasini amalga oshirish uchun oʻz hissasini qoʻshishga kirishdi.
Yangi Oʻzbekistonda hech kim ogʻzimizga tayyor oshni tutqazib qoʻymaydi. Mamlakat sitrategiyasini amalga oshirish uchun har tomonlama oʻylangan, chuqur mulohaza, kuchli siyosiy-huquqiy bilim va ishbilarmonlik talab etiladi.
Beruniy, Ibn Sino, Zamaxshariy, Ulugʻbek singari ulugʻ allomalarimizni oʻz zamonida butun dunyo tan olgan va bugungi kunda ham ular qoldirgan boy merosdan bahramand boʻlayotgani biz uchun faxr-iftixordir. Lekin biz bu bilan kifoyalanmasdan, yosh avlodga ularning tomirida oʻsha ota-bobolarimizning qoni joʻsh urayotganini eslatishimiz, ularni ulugʻvor ishlarga ragʻbatlantirishimiz kerak. Ular bugungi kunning yetuk farzandlari etib tarbiyalash Yangi Oʻzbekistonning bosh yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Farzand oilada tugʻiladi, unib-oʻsadi, tarbiyalanadi. Esi kirganidan keyin xat-savod chiqaradi, oq-qorani taniydi, bilim oladi.
Oilaga, xalqqa eng yaqin boʻlgan tizim – oʻzini-oʻzi boshqarish organlari hisoblanadi. Yaqinda ana shunday mahalla fuqarolar yigʻinlaridan biriga borib qolganimda, mahalla raisi menga bir yangilikni aytishga oshiqdi.
– Bizga hokim yordamchisi degan shtat ajratishdi, – dedi u.
Bu yangilikni eshitib juda quvondim. Chunki bu chindanda, quvonchli xushxabar. Chunki endilikda bu vazifaga tayinlangan nomzod avvalo oʻzida javobgarlikni his qiladi. Har bir xonadonning turmush tarzini oʻrganadi. Xulosa chiqaradi, lozim boʻlsa, hokimiyat orqali unga amaliy yordam koʻrsatadi. Unga bu haqda hokimga doimiy ravishda hisobot berib turish javobgarligi yuklanadi. Demak endilikda har bir oilaga mamlakat darajasida diqqat-etibor qaratilayapti.
...Tandirga non yopilayapti. Pishgan shirmoy nonning mazali hidi dimoqni qitiqlaydi. Oʻtgan-ketganlar qaynoq non hidini sezib, shu tomonga yoʻlni burishadi, non olishadi. Chunki non – rizq-nasibamiz, toʻqchilik ramzi, belgisi.
Xalqimizda “Bugʻdoy noning boʻlmasa, bugʻdoy soʻzing boʻlsin” degan gap bor. Buning asl maʼnosini boshimga bir ish tushganidan keyin tushundim. Bir kuni rahbarlardan birining qabuliga kirdim. U meni juda iliq kutib oldi, muammoni tingladi. Keyin yotiqliq bilan bu muammoni hal qilish yoʻllarini menga tushuntirdi. Garchi ishim bitmasada, rahbar qabulidan ishim bitganday, koʻnglim koʻtarilib chiqdim. Demak, bugʻdoyday shirin soʻzimiz, bir-birimizga yaxshi, iliq munosabatimiz hatto och odamning ochligini, muhtojligini unuttirarkan, non yemasada, qorni toʻyganday, masalasi bitganday boʻlarkan.
Yoshligimizdan qon-qonimizga singib ketgan bir urf-odatimiz bor. Mayli, yor-birodar, qarindosh-urugʻimiz boʻlmasin, uyimizga qadam bosgan har qanday notanish odamga ham muruvvat qilib, toʻrga oʻtkazamiz, bor noz-neʼmatni dasturxonga qoʻyamiz. “Qutlugʻ uydan quruq ketma, hech boʻlmasa nonga ogʻzing tegsin”, deymiz. Ana shu mehmondoʻstligimizdan, bagʻrikengligimizdan ayirmasin. Oʻz xalqini nonday aziz qilib suygan, xalqini qadrlagan mustaqil davlatimizning bu ishlari bardavom boʻlsin. Mamlakatimizning ichki va tashqi siyosati, olib borayotgan ishlariga koʻz tegmasin. Xalqimizning nonida, bagʻrida butun, nasibasi barokotli boʻlgʻay. Ana shunday barokotli, rizqu nasibali nonday aziz el farzandlaridan biri boʻlganimdan boshim koʻkka yetdi, yuragimdan quyidagi satrlar quyilib keldi:
Yashna Oʻzbekiston, mangu boʻl obod,
Elning baxti kuldi, baxtga yoʻl ochding.
Bugun kechagidan fayzlidir hayot,
Koʻngilga obodlik urugʻin sochding.
Zamon yangilandi, dunyo yashardi,
Emin-erkin yashash mahali keldi.
Prezident koʻnglida faqat el dardi,
Bugun tadbirkorning zamoni boʻldi.
Vatan omonligi – elning boyligi,
Makoning tinch boʻlsa, gullaydi oʻlka.
Bunda har goʻshaning qadamjoyligi,
Dunyoni chorlaydi muqaddas yurtga.
Yashayver Vatanim, mangu boʻl omon,
Dunyoga taraldi vasfu taʼrifing.
Bүgun senu menga tugʻildi imkon,
Ellar aro doston boʻldi tarixing!
Qoʻzgʻal, qoʻldan berma bunday imkonni,
Boyliging koʻpaysa, elning davlati.
Endi davri keldi ishbilarmonni,
Keldi shijoatli erlar navbati.
Bizni orzu-niyat oldinga boshlar,
Yillar umrimizga poyandoz boʻlsin.
Davrga hamnafas yashasin yoshlar,
Ular katta kuchdir, shiddatli toʻlqin.
Yangi Oʻzbekiston, yangicha fikr,
Maqsad sari olgʻa, ortga chekinma.
Elga foydang tegsin, yurtga ber mehr,
Saflardan orqada qolsang oʻkinma.
Halol mehnat qilib, rizqu roʻzing top,
Ertaga oshigʻing olchi boʻlajak.
Ulugʻvor ishlarga shaylan, oʻzing top,
Yangi Oʻzbekiston erur kelajak.
Har qalbda evrilish, shijoat shahdi,
Koʻz tegmasin koʻzmunchoq yerimizga.
Yurt qadriga yetib yashamoq baxti
Nasib boʻlsin bizning har birimizga!
Joldasbay NURULLAYEV,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi,
Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist
(Qoraqalpoq tilidan Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Nurulloh OSTON tarjimasi)