Inson uchun xotirjamlik va salomatlikdan ortiq ne’mat yo‘q. Ammo hayot odam bolasini ba’zan og‘ir xastalik va chorasizlik bilan sinaydi. Shunday paytda ozroq e’tibor va g‘amxo‘rlik ham dardmand ko‘ngillarga katta dalda, tuzalishga ilinj beradi. Bu hamdardlikni, ayniqsa, davlat rahbari ko‘rsatsa, yurakdagi ishonch tog‘ qadar yuksaladi, siniq nigohlarda ertangi kunga umid yolqinlanadi.

Esingizda bo‘lsa, Prezidentimiz o‘tgan yilning 14 may kuni Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya va onkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘lib, og‘ir xastalikdan aziyat chekayotgan bolalar va ularning ota-onalari bilan yuzma-yuz suhbatlashgandi. Shifoxonadagi sharoitlarni ko‘zdan kechirib, mas’ullarga vaziyatni yaxshilash bo‘yicha aniq topshiriq va ko‘rsatmalar bergandi. Bir necha kun o‘tib, 27 may kuni Prezidentimizning “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unda onkogematologiya sohasini rivojlantirish, aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.

Sababi, sog‘liqni saqlash tizimidagi qator yo‘nalishlar singari onkologiya va gematologiya sohasida ham yechimini kutayotgan muammolar yig‘ilib qolgan edi. Jumladan, tibbiyotdagi ilg‘or tajribalar amaliyotga joriy etilmagani, zarur dori-darmon va jihozlar taqchilligi tufayli bemorlarning sog‘ayish ko‘rsatkichi pasayib ketgandi. Qisqasi, sohadagi vaziyatni yaxshilash uchun kompleks, ilmiy yondashuvga ehtiyoj yuqori edi.

O‘shandan beri bir yildan ko‘proq vaqt o‘tdi. Bu orada Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahri Chilonzor tumani Arnasoy ko‘chasidagi yangi barpo etilgan zamonaviy tibbiyot muassasasining muhtasham binolariga ko‘chirildi.

Joriy yilning 1 yanvaridan boshlab Bolalar gemotologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tarkibidan chiqarilib, mustaqil markaz sifatida faoliyat boshladi.

O‘tgan hafta Prezidentimiz yangi markazda bo‘lib, bemor bolalar holidan xabar oldi. Ota-onalar bilan suhbatlashib, ularning yuragiga quvvat bo‘ladigan gaplarni aytdi. Bu galgi tashrifda davlatimiz rahbari yangi markazning faoliyati, unda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Onalar stulda tong ottirmayapi

Yangi markazda onkogematologik kasalliklarga chalingan bolalarning uzluksiz va protokol bo‘yicha to‘liq davolanishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. O‘rinlar soni oldingi 85 tadan 160 taga yetkazilgan. Ilgari uch-to‘rt bemor bir palatada yotqizilgan bo‘lsa, hozir har bir bola uchun alohida xona ajratilgan. Unda farzandining parvarishiga mas’ul ota-onalar uchun ham yetarli qulayliklar mavjud. Ayni paytda markazda 101 nafar o‘g‘il-qiz davolanmoqda. Ularga 130 dan ortiq shifokor, jumladan, 38 nafar ilmiy xodim va yuzlab hamshira g‘amxo‘rlik ko‘rsatmoqda.

— O‘tgan yilning may oyida davlatimiz rahbarini eski binolarda, bemorlarga yetarli sharoit bo‘lmagan joyda kutib olgan edik, — deydi Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazining 1-onkogematologik bolalar bo‘limi boshlig‘i, tibbiyot fanlari nomzodi Nargiza Boboxonova. — O‘shanda Prezidentimiz bolalar gematologiya-onkologiya klinikasiga tashrifi chog‘ida ota-onalarga ham sharoit yaratish kerakligi to‘g‘risida tavsiyalarini bergandi. Shundan so‘ng oradan ko‘p o‘tmay, zamonaviy shart-sharoit yaratilgan yangi binoga ko‘chib o‘tdik. Avvalgi eski bino bilan hozirgi markaz orasida juda katta farq bor. U binoda bitta palatada uch-to‘rt bemor bola va yonida onalari yotar, ularga sharoit yo‘q edi. To‘g‘ri, kichik bemorlarning yonida onasi mizg‘ib olishi mumkin, biroq kattaroq o‘g‘il-qizlarning onalari stulda tong ottirardi. Bolalarning davolanish jarayoni kamida bir-bir yarim oy davom etadi. Endi onalarning bir-bir yarim oy stulda o‘tirib tong ottirishini tasavvur qiling. Ularga ham ruhiy, ham jismoniy tomondan juda og‘ir edi. Hozir hamma shart-sharoit yaratilgan yangi binoda har bir palatada bir bola davolanmoqda. Onalar uchun alohida divan-kreslo, kechasi dam olish uchun qulay sharoit yaratilgan.

Hamma shart-sharoit bor, dori-darmoni tekin

Xavfli gematologik va onkologik xastalikka chalinganlarni davolash katta mablag‘ va resurs talab etadi. Jahon miqyosida shunday. Davlatimiz mana shunday murakkab vaziyatda ham fuqarolarni yolg‘izlatib qo‘yayotgani yo‘q! Og‘ir kasallikdan aziyat chekayotgan, davolanishga imkon topolmayotgan yurtdoshlarimizga, birinchi navbatda, ko‘mak berish choralari ko‘rilmoqda. Yangi markazdagi zamonaviy sharoitlar, qo‘llanayotgan ilg‘or tajribalar shundan dalolatdir.

— O‘g‘lim Zabihillo bundan ikki yil oldin shu og‘ir dard bilan xastalandi. Avvalgi shifoxonada ham yotganmiz. Sharoiti yo‘q, buning ustiga zarur dori-darmon xarajati belimizni bukib qo‘yardi. Ayniqsa, onalarning yotishiga joy yo‘q edi. Bir bemor bola kimyoterapiya olib, bezovta bo‘lsa, boshqa bolalarga ham uyqu bermasdi. Chiroq yorug‘i yoki shifokorlarning gapirishidan bezovta bo‘lib, bolamizni ovutib tong ottirardik. Tasavvur qilishingiz uchun aytaman: bir kurs davolanish 30 kundan 60 kungacha davom etadi. Bunday kurslardan 5-6 ta olishimiz kerak. Davolanish muddati uzoq, sabr qilishdan boshqa choramiz yo‘q, — deydi namanganlik E’tibor Abdurahmonova.  — Hozir yangi markazda hamma shart-sharoit bor, dori-darmoni tekin. O‘tgan kuni Prezidentimiz holimizdan xabar olgani kelganida juda xursand bo‘ldik. Ochig‘i, kutmagandik. Yuzma-yuz suhbatlashish nasib etdi. Prezidentimiz kasallik haqida batafsil so‘raganda o‘g‘limga ilik ko‘chirish operasiyasi zarurligini aytdik. U kishi xorijdan yaxshi mutaxassislarni olib kelib, shu yerda, mamlakatimizda ilik ko‘chirish amaliyotini yo‘lga qo‘yamiz, deganida ko‘nglimda kechgan gaplarni aytgani so‘z topolmayman. Axir bu shu yerda davolanayotgan har bir ota- onaning orzusi-ku. Bolalarimizning tuzalishiga yuragimizda umid uyg‘otgan va shu xayrli ishning boshida turgan Prezidentimizdan cheksiz minnatdormiz!

Betob insonning og‘ir xastalikdan xalos bo‘lib, tezroq oyoqqa turishi uchun dori-darmon va tibbiy muolajadan tashqari umid va ishonch ham juda muhim. Buni ulug‘ tabib bobolarimiz aytib ketgan. Zamonaviy medisina ham buni tasdiqlaydi.

Eng ilg‘or amaliyot qo‘llanadi

Yangi markazda ayni paytda zamonaviy jihozlangan bolalar onkogematologiyasi, gematologiya, onkologiya, reanimasiya, gemodializ va plazmoferez bo‘limlari, stasionar va maslahat poliklinikasi faoliyat yuritmoqda. Bu yil avvalgilariga qo‘shimcha 14 turdagi uskuna va apparatlar keltirib, o‘rnatildi.

Shunga mutanosib tarzda dori vositalari bilan ta’minlash darajasi ham oshirildi. Masalan, 2016 yili buning uchun 2 milliard 800 million so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, hozir bu summa qariyb 60 barobar oshib, 170 milliard so‘mga yetkazildi. Bemorlarga 91 turdagi onkogematologik dori vositalari davlat hisobidan tekin berilyapti. Muolajalarga chet ellik malakali konsultantlar jalb etilib, davolash va diag- nostika standartlari yangilandi. Jumladan, o‘zak xujayralari transplantasiyasini o‘tkazish ko‘rsatkichi oshdi.

Ilgari molekulyar genetika, immunogistokimyo kabi murakkab tashxislarni aniqlash uchun namunalar Hindiston, Turkiya, Rossiya kabi davlatlarga yuborilardi. Endi bu shu yerning o‘zida amalga oshirilyapti.

Kelgusida gemapoetik o‘zak hujayralarini allogen va autologik transplantasiya qilish uchun 2 ta aseptik bino, hududlardan uzoq muddatga keladiganlar uchun 200 o‘rinli xostel barpo etilishi, yil yakunigacha markazga yana 67 turdagi jihozlar keltirilishi ko‘zda tutilayotgani inson qadrini ulug‘lash, uning salomatligi va yashash huquqini ta’minlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor ifodasidir.

Davlatimiz rahbari tashrif davomida ushbu markaz negizida ilmni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. Shuning dek, bu soha yuksak rivojlangan Germaniya tajribasi asosida davolash protokolini yangilash, mutaxassislar jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Har bir foizda 10-15 bolaning taqdiri bor

Davlatimiz rahbarining bu galgi tashrifida biz yana bitta katta masalani ko‘tardik, — deydi Nargiza Boboxonova. — Eng katta muammomiz suyak iligini ko‘chirib o‘tkazishdir. Bu metod hali mamlakatimizda yo‘lga qo‘yilmagan. Katta yoshli bemorlarda o‘zidan o‘ziga ilik ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti joriy etilgan, ammo bolalarga qo‘llanmayapti. Kimyoterapiya kurslarini qabul qilgandan keyin kasallik chekinmasa, bemorga ilik ko‘chirib o‘tkazish kerak bo‘ladi. Xasta bolalarning 20-30 foizi shunga muhtoj. Bu amaliyot ayrim xorijiy mamlakatlarda 100 ming dollargacha turadi. Davolanish muddati esa 3 oydan ko‘proqni talab qiladi. Buncha mablag‘ni uncha-muncha oila topolmaydi. Chunki kasal bola bilan chet elda yashash, shifoxona, dori-darmon, oziq-ovqat xarajati har qanday oilaning tinkasini quritadi. Shu bois, Prezidentimizning xorijdan eng yaxshi mutaxassislarni jalb etib, ilik ko‘chirish amaliyotini yurtimizda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq bergani barchamizni quvontirdi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 25 apreldagi “2022-2026 yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarorida Respublika ixtisosl ashtirilgan gematologiya ilmiy- amaliy tibbiyot markazi hamda Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi hududida ilik ko‘chirish amaliyotini yo‘lga qo‘yish uchun 2022 yilda yangi maxsus amaliyot kompleksi binosini qurish va jihozlash ko‘zda tutilgan. Bu maqsadda Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasidan zarur mablag‘ ajratiladi.

Shifokorning ta’kidlashicha, ayni paytda bu og‘ir xastalikdan tuzalish 70-75 foizni tashkil etayotgan bo‘lsa, ilik ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi bilan bu ko‘rsatkich 90-95 foizgacha ko‘tarilishi mumkin. Har bir foizda 10-15 nafar bolaning taqdiri yotibdi. Bu shuncha oilaga quvonch bag‘ishlanadi, tugallik qaytib keladi, degani.

Hammasi – inson qadri uchun!

Davlatimiz rahbarining mazkur qarorida bu yil 1 maydan boshlab Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va  klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bemor bolalarga qarovchi shaxslar (ota-ona va boshqalar) uchun bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Ayni paytda bu ezgu ish ham o‘z ijrosini topdi. Avvallari bir kunlik ovqatlanish uchun 11 ming so‘m ajratilgan. Ayni paytda bolalar 5 mahal vitaminga boy issiq ovqat tanovul qilyapti. Xuddi shunday bemor bolaga hamrohlik qiluvchi ota-onasi yoki yaqinlarining bepul ovqatlanishi yo‘lga qo‘yilgani xastalik horitgan oilaning moddiy ta’minotiga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Qolaversa, onalarning bola parvarishida ham ma’nan, ham jismonan tetik bo‘lishiga xizmat qiladi. Chunki bir-bir yarim oy davom etadigan muolaja davrida oziq-ovqat masalasi har qanday oilani moddiy toliqtirishi tabiiy. Qolaversa, bu chora-tadbirlar tashqaridan gigiyena standartlariga nomuvofiq oziq-ovqatlarning shifoxonaga keltirilishi, turli ichak infeksiyalarining oldini olishda katta ahamiyatga ega.

— 2020 yili o‘g‘lim Nurmuhammad isitmalab, oyoq og‘rishidan shikoyat qilgani uchun do‘xtirga bordik, — deydi g‘ijduvonlik Nazira Salimova. — Shifokorlarga ko‘rsatsak, oqqon tashxisini qo‘yishdi. Dunyo ko‘zimga tor ko‘rindi. Turmush o‘rtog‘im ishlash uchun boshqa mamlakatga ketgan, yolg‘iz boshimga bolamni yo‘qotib qo‘yamanmi, deya yig‘lardim. O‘sha paytda yaxshi insonlarning ko‘magi bilan avvalgi gematologiya shifoxonasiga kelib joylashdik. O‘shanda juda qiynalganmiz. Hamma dori-darmon o‘zimizning hisobimizdan, buning ustiga oziq-ovqat xarajati tinkamizni quritgandi. Shifoxonaning birinchi bo‘limida 58 kun davolandi bolam. Keyin kunduzgi bo‘limda 6 oy davolanishiga to‘g‘ri keldi. Shu orada ijarada yashagan paytimiz bo‘ldi. Bor budimizni sotib, dori-darmon va oziq-ovqatga pul topdik. Hozir onalarga alohida uch mahal issiq ovqat bepul berilyapti. Avvalgiga nisbatan sharoit juda yaxshi.

“Mehrli maktab”dan taralayogan taft

Markazda bolalarning davolanishi bilan birga ta’lim-tarbiyasi uchun ham yetarli sharoit yaratilgan. Bu yerda 40 o‘rinli maktab va 30 o‘rinli bog‘cha tashkil etilgan. “Mehrli maktab” va “Ilk qadam” nomli ushbu muassasalarda bolalar bilim olib, qiziqarli mashg‘ulotlarda qatnashmoqda.

“Mehrli maktab”ning asosiy vazifalaridan biri shifoxonada davolanayotgan bolalarni hayotga ijtimoiy moslashtirish, maktabgacha ta’lim hamda umumta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirishiga ko‘maklashishdir. 16 maydan hozirga qadar markazda davolanayotgan 215 nafar o‘g‘il-qizdan 162 nafari (78 nafari maktabgacha, 92 nafari maktab yoshidagi bolalar) 12 ta fan bo‘yicha darslarda qatnashdi. To‘garak shaklida tashkil etilgan musiqa, tasviriy san’at va texnologiya mashg‘ulotlari bemor bolalar bilimidagi bo‘shliqni to‘ldirishga yordam bermoqda.

Shuningdek, markazda davolanayotgan bolalar va ota-onalarining ruxiyatini o‘rganish hamda ularga amaliy yordam berish maqsadida psixologik xizmat ham yo‘lga qo‘yilgan. Hozir ta’til mavsumi bo‘lgani uchun maktabda faqat to‘garaklar tashkil etilgan. Jumladan, musiqa, artterapiya hamda fan to‘garaklari bolalarning vaqti mazmunli o‘tishiga, ruhiyatidagi tushkunlik va xastalikni yengishiga, ruhan ko‘tarinki kayfiyatda yurishiga ko‘mak bermoqda.

Allanning orzusi

Davlatimiz rahbariga qoraqalpog‘istonlik Allan Maratov o‘zining orzulari haqida so‘zlab berdi. U robototexnikaga juda qiziqishi, kelgusida “Tesla” kompaniyasiga rahbar bo‘lishini aytganida ko‘pchilikning yuziga tabassum yugurdi.

— O‘g‘limni shu yilning 22 mart kuni bu yerga og‘ir ahvolda olib keldik, — deydi Allanning onasi, qoraqalpog‘istonlik Muhabbat Allembergenova. — Nukusda onkologiyaga yo‘liqqanini bilgach, bir muddat bolam u yerda davolandi. Keyin bizni Toshkentga — Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markaziga yuborishdi. Samolyotda bolamning ahvoli og‘irlashishi mumkinligini aytishgandi. Shu sababli Toshkentga poyezdda keldik. Nukusdan Toshkentgacha har bir bekatda “Tez yordam” mashinasi bizni kutib turar, o‘g‘lim nafas ololmas, kislorod berilgach, bir oz o‘ziga kelardi. Shifoxonaga yetib kelgach, to‘g‘ri reanimasiya bo‘limiga joylashtirildi. Shifokorlarga ming rahmat, mas’uliyat va e’tibor bilan qarashdi. O‘g‘lim sekin-asta tuzala boshladi. Hozir ahvoli yaxshi. Ammo ilik ko‘chirishga muhtojmiz.

Allanning nega aynan “Tesla” kompaniyasiga rahbar bo‘lish orzusi haqida so‘raganimizda u ekologiyaga zararli ta’sir ko‘rsatmaydigan, tabiatni asrab- avaylashga xizmat qiladigan elektromobillar ishlab chiqarishni istashini aytdi. Kichkina xasta vujuddagi toza va beg‘ubor bu orzular ertaga qanot yozib, ro‘yobga chiqishi, insoniyatning hayot tarzini yaxshi o‘zanga burishi uchun bor imkoniyat ishga solinmoqda. Bunga davlat rahbari darajasida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz Allan singari murg‘ak vujudida dardni ko‘tarib yurgan bolalar va ko‘zida yosh bilan farzandining ertangi kuniga umid bilan yashayotgan Muhabbat Allembergenova kabi onalarga dalda berarkan, jumladan, shunday dedi: “Yoningizga yana kelishdan maqsadim — sizlarga kuch berish, umidni ikki karra ko‘paytirish. Bu hammamizga sinov. Biz davlat bo‘lib, aqlimizni, kuchimizni ishga solib, bu kasalliklarni yengishimiz kerak. Ota-onalarga ko‘mak berib, bolalarning dardiga malham bo‘lib, ularni sog‘aytirishimiz zarur”.

Ha, bu uchrashuv bolalarga ham, onalarga ham kuch berishi, shifo topishga umidini yanada oshirishi shubhasiz. Davlatimiz rahbari aytganidek, bu — bir sinov. Vaqti kelib, bu imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan bolalar durkun, navqiron yigit-qizlar bo‘lib ulg‘ayadi. O‘shanda dil qatidagi eng ajoyib esdalik Prezident bilan uchrashuv, uning daldasi bo‘lib qoladi. Ularning shuurida inson qadri ulug‘lanayotgan bu kunlar yodi bir umrlik ezgulik darsi bo‘lib muhrlanadi.

Risolat Madiyeva,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri