Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan buyon oʻtgan davrga nazar tashlaydigan boʻlsak, har bir insonning teng huquqli sharoitlarda yashashi uchun bosqichma-bosqich huquqiy mexanizmlar takomillashtirib borilmoqda. Ayniqsa, joriy yil inson qadrini ulugʻlash maqsadi bilan tarix sahifalariga kirdi. Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar, insonparvar davlat barpo etish Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasidan oʻrin oldi.
Mamlakatimizning Ona qonuni — Konstitutsiyada inson qadrini oshirishga oid meʼyorlarni yanada takomillashtirish va kuchaytirish maqsadida boshlangan konstitutsiyaviy islohotlar xalqimiz tomonidan koʻtarinki kayfiyat bilan qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinganiga oʻttiz yil toʻlmoqda. Demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyati barpo etish yoʻlidagi 30 yillik mustaqil hayot tarix sahifalarida oʻchmas iz qoldirdi. Albatta, ushbu ulugʻ maqsadlar sari boshlangan rivojlanish va taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtish oson kechmadi. Ammo, Oʻzbekiston xalqi tanlagan toʻgʻri yoʻl va olib borilgan oqilona siyosat yillar davomida oʻz samarasini berib kelmoqda. Inson qadr-qimmatini oshirishga doir islohotlar yil sayin quloch yoymoqda.
Konstitutsiyaviy islohotlarning eng asosiy ustuvor vazifalari —inson manfaatini toʻgʻridan toʻgʻri va samarali himoya qilishga, inson huquqlari va erkinliklarining, shaʼni va qadr-qimmatining, shaxsiy, mulkiy va maʼnaviy daxlsizliklarining soʻzsiz taʼminlanishiga qaratilganligi bilan eʼtiborga molikdir.
Bir necha minglab fuqarolarimizning takliflari asosida shakllantirilgan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasida oltmishdan ortiq normalar qatori “Oʻzbekistonda oʻlim jazosi taʼqiqlanadi” degan normaning kiritilishi inson hayoti yanada ishonchli himoya qilinishiga qaratilganligi bilan ham eʼtibor tortadi, uning xalqchilligini oshiradi.
Hammamizga maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 1-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida oʻlim jazosini bekor qilish toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan 2008-yil 1-yanvardan boshlab jinoyat qonunchiligidan oʻlim jazosi butunlay olib tashlanib, uning oʻrniga umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi joriy etilgan edi.
Mamlakatimizda oʻlim jazosidan voz kechilganligi bejiz emas.
Birinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24-moddasida har bir inson uchun yashash huquqi berilgan. Biz insonparvar demokratik davlat uchun shunday muqaddas huquqdan jazo tariqasida mahrum etish konstitutsiyaviy demokratik davlat tamoyillariga ham, insonparvar davlat tamoyillariga ham mos kelmaydi.
Ikkinchidan, Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasi qoidalariga koʻra, yashash huquqi tabiiy huquq, bunday huquqdan mahrum etish mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 30-sentyabr kungi Qarori bilan ratifikatsiya qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi mezonlariga zid hisoblanadi.
Uchinchidan, biz mustabitlik yillarining mudhish kunlarini, 1937 – 1953-yillar oraligʻida yuz mingga yaqin vatandoshlarimiz qatagʻon qilinganligini, ularning 13 ming nafari otib tashlanganligini, shuningdek, “paxta ishi” bilan bogʻliq qatagʻon yillarini unutganimiz yoʻq. Masalan, “paxta ishi” bilan bogʻliq uydurmalar oqibatida vatandoshlarimiz orasida nohaq oʻlim jazosiga hukm qilinganlar boʻldi. Achinarlisi shundaki, Mustaqillik yillarida ishlar qayta koʻrilib, ularga nisbatan oqlov hukmlari chiqarilgan vaqtda hukm ijro etilib boʻlganlik holatlari qasdlar, xatolik yoki befarqliklar bilan ham inson umriga zavol boʻlish mumkinligini tarixning oʻzi gapirib turibdi.
Toʻrtinchidan, insonlarni oʻlim jazosi bilan qoʻrqitish orqali ular ustidan zoʻravonlik qilish mexanizmi butunlay va ishonchli barham topadi.
Beshinchidan, oʻlim jazosi faqatgina qisqa muddatli jismoniy jazo hisoblansa, umrbod qamoq jazosi yillar davomida ham jismoniy, ham maʼnaviy, ham ruhiy azoblanishni taqozo etadi.
Bir soʻz bilan aytganda, Konstitutsiyamizda “Oʻzbekistonda oʻlim jazosi taʼqiqlanadi” degan normaning qatʼiy belgilab qoʻyilishi inson huquqlariga sodiqligimizni, inson qadrini ulugʻlashga qoʻygan katta va zalvorli qadamimizni yaqqol namoyon etmoqda. Zero, tabiatning gultoji boʻlgan inson umri insonparvar Yangi Oʻzbekistonda oliy maqomga ega boʻlib, mutlaqo daxlsizdir.
Abdukamol Raxmonov,
Oʻzbekiston “Adolat” SDP
Siyosiy Kengashi raisi oʻrinbosari