Inspeksiya huzuridagi markaz xalqaro tashkilot aʼzoligiga taklif etildi

    Unga aʼzo boʻlish uchun taʼlim tizimi IEA tadqiqotlarining kamida bir davriyligini (bir davriylik 4-5 yilga toʻgʻri keladi) boshdan kechirgan boʻlishi lozim.

    Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi direktori A.Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya Germaniyaning Gamburg shahrida oʻtkazilgan TALIS 2024 tadqiqoti doirasida milliy loyiha menejerlarining ikkinchi uchrashuvi hamda maʼlumotlarni boshqarish boʻyicha treningda ishtirok etdi.

    Delegatsiya aʼzolari Taʼlimdagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA)ning Gamburgdagi idorasi faoliyati bilan tanishdi.

    Safar davomida IEAning Gamburg idorasi direktori Juliana Xenk xonim bilan yuzma-yuz uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekistonda taʼlim sifatini baholash sohasidagi islohotlar hamda ushbu tizimni takomillashtirish boʻyicha qilingan ishlar haqida suhbatlashildi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston umumtaʼlim muassasalarining PISA, PIRLS va REDS xalqaro tadqiqotlarida ishtirok etishini taʼminlashda milliy markazda toʻplangan tajriba, IEA bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish salohiyati va istiqbollari xususida toʻxtalib oʻtildi.

    IEA direktori Taʼlim inspeksiyasi huzuridagi milliy markazni oʻquvchilarning bilimini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarda tajribali tashkilot sifatida Taʼlimdagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi aʼzoligiga taklif etdi.

    Taʼlimdagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi dunyo boʻylab dalillarga asoslangan siyosat va amaliyotlarni ilgari surish orqali taʼlim sohasidagi tadqiqotlarni rivojlantirish, taʼlim sifati hamda tengligini oshirish ustida ish olib boradi.

    Unga aʼzo boʻlish uchun taʼlim tizimi IEA tadqiqotlarining kamida bir davriyligini (bir davriylik 4-5 yilga toʻgʻri keladi) boshdan kechirgan boʻlishi lozim. Chunki Taʼlimdagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi tashabbusi bilan joriy etiladigan xalqaro PIRLS, TIMSS va REDS tadqiqotlari taʼlim tizimiga oid ishonchli solishtirma maʼlumotlarga ega boʻlishga qaratilgan qatʼiy standartlar, yuqori darajadagi talablar va ehtiyotkor yondashuvlarga asoslanadi.

    Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi Taʼlimdagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi aʼzoligiga taklif etilishi yangi Oʻzbekistonda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro darajada eʼtirof etilishi sari muhim qadamdir, deyiladi inspeksiya axborot xizmati xabarida.