Memorandumni imzolashdan koʻzlangan maqsad kontrafakt mahsulotlar aylanmasining oldini olish, tadbirkorlar oʻrtasida halol raqobatni taʼminlash, isteʼmolchilarni kontrafakt mahsulotlardan ogoh etish, intellektual mulk obyektlaridan noqonuniy foydalanganlik uchun qonuniy javobgarlikni kuchaytirishdan iborat.
Memorandum doirasida “DARVOZA SAVDO” MCHJ oʻz savdo majmualariga mahsulotlarni sotuvga chiqarishdan oldin Agentlik mutaxassislarining kontrafakt yoki kontrafakt emasligi boʻyicha fikrini olgan holda sotuvga taklif etadi.
Shuningdek, Agentlik, “DARVOZA SAVDO” MCHJning mahsulotlarni sotuvga taklif etishdan oldin dastlabki koʻrikdan oʻtkazish faoliyati bilan shugʻullanuvchi xodimlarini sohaga oid bilim va koʻnikmalarini oshirish boʻyicha oʻquv kurslar, davra suhbatlar, seminar-treninglar oʻtkazish ishlarini tashkil etadi.
Bundan tashqari, Agentlik vaqti-vaqti bilan “DARVOZA SAVDO” MCHJga qarashli savdo majmualarida kuzatuv ishlarini olib boradi va aniqlangan kontrafakt mahsulotlar haqida “DARVOZA SAVDO” MCHJga bildirgi kiritadi “DARVOZA SAVDO” MCHJ esa, ushbu kontrafakt mahsulotlarni tez fursatlarda savdodan olib tashlash chorasini koʻradi.
Agentlikning kontrafakt mahsulotlar savdosining oldini olish yoʻlida olib borayotgan tashabbusiga oʻziga ishongan tadbirkorlar hamkorlikka qoʻshilishi va bu borada oʻz takliflarini bildirishi mumkin. Sababi ushbu tashabbus halol tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan taraf manfaatlari uchun xizmat qiladi.
Agentlik loyiha orqali barcha ishlab chiqarish bilan shugʻullanayotgan halol tadbirkorlarni hamkorlikka chaqirib, oʻz mahsulotlarining kontrafakt nusxasiga duch kelgan taqdirda Intellektual mulk agentligining (71) 232-50-65 ishonch telefonlari hamda @ima_monitoring_bot telegramm boti orqali xabar berishlari mumkin.
Eslatib oʻtamiz, ilgari Intellektual mulk agentligi bu kabi hamkorlik memorandumini Korzinka.uz hamda Havas supermarketlar tarmogʻi bilan ham imzolagan va hozirda tomonlar kelishuvi asosida birgalikda ishlari davom etmoqda.