Mazkur Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga intellektual mulk obyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayoni soddalashtirilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Qonun hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, sanoat mulki obyekti roʻyxatga olinganda patent talabnoma beruvchiga avtomatik tarzda elektron tizim orqali yuborilishi belgilandi.
Ilgari Sanoat mulki obyektiga patent berish obyekt roʻyxatga olinganligi haqidagi maʼlumotlar rasmiy axborotnomada eʼlon qilingan sanadan eʼtiboran 10 kun oʻtganidan keyin amalga oshirilishi belgilangan edi.
Shuningdek, qonun hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga koʻra, intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi nazarda tutildi.








