Intellektual mulkni ishonchli himoya qilish, intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda kontrafakt mahsulotlarga samarali qarshi kurashish maqsadida Davlatimiz rahbarining 2022 yil 26 apreldagi “Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Qarori  e'lon qilindi.

Mazkur qarorga asosan Davlat bojxona qo'mitasi Intellektual mulk ob'yektlarining bojxona reestriga kiritilgan tovar belgilari bo'yicha qonunchilik talablari buzilishi haqida xabar beradi.

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi mahsulotlarni sertifikatlashtirish, muvofiqlik sertifikatlari va belgilarini berish jarayonida, Farmatsevtika tarmog'ini rivojlantirish agentligi esa dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarni davlat ro'yxatidan o'tkazish jarayonida intellektual mulk huquqlarini himoya qilish bo'yicha texnik jihatdan tartibga solish va sohadagi qonunchilik talablariga qat'iy rioya etilishini nazorat qiladi.

2022 yil 1 sentyabrdan “Yagona darcha” bojxona tizimi orqali intellektual mulk ob'yektlarini Reestrga kiritish to'g'risidagi arizalarni elektron yuborish va ariza holatini onlayn kuzatib borish hamda natijasi bo'yicha arizachilarni xabardor qilish tartibi yo'lga qo'yiladi.

2023 yil 1 yanvargacha intellektual mulk ob'yektlarining auktsion savdosini o'tkazadigan “Intellektual mulk — barcha uchun” maxsus internet-auktsion savdo platformasi ishlab chiqiladi.

2022 yil 1 oktyabrgacha Internetda mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzgan veb-saytlar to'g'risidagi ma'lumotlarni o'z ichiga oluvchi “Mualliflik va turdosh huquqlar sohasidagi qonunbuzilishlar reestri” axborot tizimi ishga tushiriladi. Bundan tashqari, mazkur qaror bilan 2022 – 2026 yillarda O'zbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi.

Intellektual mulkni huquqiy himoya qilish, davlat organlari va tashkilotlarining ushbu yo'nalishdagi o'zaro hamkorlikdagi faoliyatini zamon talablariga moslashtirish, intellektual mulk ob'yektlari qo'llangan mahsulotlar hajmini oshirish hamda ichki va tashqi bozorlarda o'z nomiga (brendiga) ega bo'lgan raqobatbardosh mahsulot turlarini kengaytiradi.

Mamlakatimizda intellektual mulkni jamiyat va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotini rivojlantiruvchi asosiy drayverga aylantirish orqali O'zbekistonni ilmiy-texnikaviy va ixtirochilik jihatdan taraqqiy etgan davlatlar qatoriga kiritish eng muhim vazifamizdir.

Jamiyat va davlat hayotining barcha sohalari shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi kunda mamlakatimizning jahon bozorida mustahkam o'rin egallashi va rivojlangan davlatlar darajasiga erishishi yo'lida Prezidentimizning “Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori muhim dasturilamal bo'lib xizmat qiladi.

Abduvakil Sodiqov,

Toshkent viloyat adliya boshqarmasi

Intellektual mulk huquqlarini

 himoya qilish bo'limi boshlig'i