Toshkent viloyat adliya boshqarmasida Adliya vazirligi, viloyat prokuraturasi, bojxona boshqarmasi, Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 26 apreldagi “Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Qarori ijrosi yuzasidan seminar o'tkazildi.
Tadbirda viloyatda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar hamda xo'jalik yurituvchi sub'yektlardan vakillar ishtirok etdi.
— Tadbir davomida intellektual mulkni ishonchli himoya qilish, intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda kontrafakt mahsulotlarga samarali qarshi kurashish, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil tushunchalar berildi, — deydi Toshkent viloyat adliya boshqarmasi Intellektual mulk huquqlarini himoya qilish bo'limi boshlig'i Abduvakil Sodiqov. — Shuningdek, amaliy tarzda bo'lib o'tgan seminarda intellektual mulkni huquqiy himoya qilish bo'yicha joriy etilayotgan yangi mexanizmlar, intellektual mulkning samarali himoyasini ta'minlash, jamiyatda intellektual mulk ob'yektlariga bo'lgan huquqqa nisbatan hurmat bilan qarash madaniyatini shakllantirish, intellektual mulk sohasida huquqbuzarliklarni o'z vaqtida aniqlash va oldini olish bo'yicha ta'sirchan choralar ko'rilayotganligi ta'kidlab o'tildi.
Tadbirkorlar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob berilib, intellektual mulk ob'yektlaridan noqonuniy foydalanganlik uchun ma'muriy javobgarlik kuchaytirilganligi, idoralararo mustahkam hamkorlikni yo'lga qo'yish, shuningdek, patent bojlari va to'lovlarini maqbullashtirish haqida ham huquqiy tushuntirishlar berildi.
O'tkazilayotgan bunday amaliy seminarlar tadbirkorlarda intellektual faoliyatni yanada rivojlantirishga, jamiyatda intellektual mulk ob'yektlariga bo'lgan huquqqa nisbatan hurmat bilan qarash madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.
Erkin Doripov,
Toshkent viloyat adliya boshqarmasi
Jamoatchilik bilan aloqalar
bo'yicha yetakchi maslahatchisi