Bugun respublikada 90 ming gektar eskirgan va kam hosilli bogʻ-tokzorlar bor. Eski bogʻlardan olinayotgan hosil gektariga 10 tonnaga ham yetmaydi. Shu bois, yangi bogʻ va tokzorlarni tashkil qilish, eskilarini yangilash boʻyicha uch yillik dastur qabul qilinadi.
Prezidentimiz bogʻdorchilik xoʻjaliklari uchun qator yangiliklarni eʼlon qildi.
Endilikda Agrosanoatni rivojlantirish jamgʻarmasidan intensiv bogʻ tashkil qilish uchun 7-yilga 3-yillik imtiyozli davr bilan 14 foizli kredit beriladi. Tadbirkorlik kompaniyasi tomonidan muzlatkichli ombor uchun kredit foizining asosiy stavkadan oshgan 8 foizgacha qismi qoplanadi. Savdoni rivojlantirish kompaniyasi sabzavot eksportchilari va bogʻbonlarga qadoqlash xarajatining 50 foizini kompensatsiya qiladi.
Bundan tashqari, sertifikatlangan koʻchat sotib olish xarajatining 50 foizi budjetdan toʻlanadi. Meva turiga qarab shpalerlar uchun fermerlarga 20 ming soʻmdan 70 ming soʻmgacha subsidiya ajratiladi.
Paxta va gʻallada boʻlgani kabi meva-sabzavot yoʻnalishidagi fermerlar uchun ham arzonlashgan narxda oʻgʻit va yoqilgʻi xarid qilish imkoniyati yaratiladi.