Mazkur xususiy bandlik agentiligiga Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun 2019-yil 18-aprel kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan №0058 raqamli litsenziya berilgan. Biroq u oʻz faoliyati davomida birorta Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosini qonuniy mehnat qilish uchun xorijga joʻnatmagan.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga fuqarolar tomonidan norozilik mazmunidagi koʻplab murojaatlar kelib tushgani sababli ushbu holat Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga maʼlum qilingan hamda litsenziyasi 2020-yil 24-aprel kuni 10 kunga toʻxtatilgan. Mazkur qarorda xususiy bandlik agentligi rahbariyatiga 6-may kunigacha muammolarni hal qilish boʻyicha topshiriqlar berilgan.

Biroq, qayd etilgan muammolar bartaraf etilmaganligi sababli joriy yil 7-may kuni “International job organization” xususiy bandlik agentligi litsenziyasi Vazirlikning tegishli qarori asosida bekor qilingan.

Shu oʻrinda fuqarolardan xorijda ishlash boʻyicha shartnomalar tuzayotganda xizmat koʻrsatuvchi va ish beruvchi tashkilotlarning imkoniyatlari, mehnat sharoitlari, ish haqi miqdori kabi masalalarni atroflicha oʻrganishlarini tavsiya qilamiz.

Muammoli vaziyatlarda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga 71 202-33-55 telefon raqami orqali murojaat qilishingiz soʻraladi.