Chekka qishloqlar va tog'li hududlardagi, umuman respublikadagi jami maktablar qachon sifatli internet bilan to'liq ta'minlanishi haqidagi savolga “O'zbektelekom” AK bosh direktori o'rinbosari Alisher Zafarov javob berdi. Uning ta'kidlashicha, bu ish keyingi yilning oxirigacha cho'zilmaydi.
Shuningdek Alisher Zafarov o'rganishlar natijasida ayrim ta'lim muassasalari juda ham uzoqda joylashgani, shunday bo'lsa-da, optik tolali aloqa liniyalarini har bir maktabga olib borish maqsad qilinganini aytdi. Shu bilan birga har bir ob'ekt bo'yicha to'liq ma'lumot borligi bois, qanaqa texnologiya, qanday yo'nalish orqali, optik tolami yoki sun'iy yo'ldosh vositasidami, xullas masalaning hamma tomonlarini o'rgangan holda maktablarni internet bilan to'liq ta'minlash vazifasi albatta amalga oshishini ma'lum qildi.