Internetga ulanish tezligi 28 barobar oshdi, tariflar narxi esa 30 barobar arzonlashdi

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari 2017-2022-yillarda Oʻzbekistonning raqamli infratuzilmasida roʻy bergan oʻzgarishlarni tahlil qildi.

    Oʻtkazilgan tahlil davrida mamlakatimizda raqamli infratuzilmaning barcha koʻrsatkichlari boʻyicha sezilarli oʻsish qayd etilgan. Shu jumladan:

    - Xalqaro maʼlumotlarni uzatish tarmogʻiga (internet) ulanish tezligi 28 barobar oshdi va 2022-yilda 1800 Gbit/s ni tashkil etdi;

    - provayderlar uchun internet tariflari narxi 30 barobar, yaʼni 2017-yildagi 90 dollardan 2022-yilda 3 dollargacha arzonlashdi;

    - optik tolali aloqa liniyalarining umumiy uzunligi 7 barobar oshib, 2017-yildagi 24,5 ming kilometrdan 2022-yilda 170 ming kilometrgacha yetdi;

    - mobil tayanch stansiyalar soni qariyb 3 barobar koʻpaydi va 2022-yilda 54 mingtaga yetdi;

    - 2022-yilda aholining 75 foizi internetdan foydalanish imkoniga ega boʻldi. 2017-yilda bu koʻrsatkich 34,5 foiz edi;

    - uyali aloqa tarmoqlari abonentlari ulushi 2017-2022-yillarda 70 dan 86 foizga (oʻsish 1,2 barobar) koʻtarildi.

    Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish (2026-yil oxirigacha uning YAIMdagi ulushini kamida 2,5 barobarga oshirish) “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida asosiy “drayver” sifatida belgilangan.

    Raqamli infratuzilmani yanada takomillashtirish sifatli iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, biznes imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, aholining taʼlim, xizmatlar va onlayn bandlikdan foydalanish imkoniyatlarini oshirishda yordam beradi.