2018-yilning iyul oyi edi. Quyosh ikki nayza boʻyi koʻtarilgan vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti hududiga Davlat test markazi tomonidan oʻtkazilgan sinovlardan muvoffaqqiyat bilan oʻtgan abituriyentlarni olib kirishdi. Abituriyentlar orasida boʻyi oʻrtacha boʻlgan va qotmadan kelgan, istarali yigit nimasi bilandir ajralib turardi. Komandirlar unga qiziqish bilan qarashdi.

Bu yigit goʻzal va soʻlim Fargʻonadan oʻqishga kirgan Shuhratxon Muhammadxonov edi. Oʻqish jarayoni boshlangandan soʻng Shuhratxon oʻzini har tomonlama ijobiy tomondan koʻrsatdi. U fanlarni aʼlo baholarga oʻqishi va harbiy boʻlinma maʼnaviy-maʼrifiy hayotida muhim rol oʻynay boshladi.

Shuhratxon musiqa asboblarida zoʻr mahorat bilan ijro etishi bilan boshqa kursantlardan farq qilib turardi. Shuhratxon batalyon hayotida juda faol boʻlib, hech bir tadbir usiz oʻtmasdi. 2019-yil 30-yanvarida birinchi kurs kursantlari bilan Oʻzbekiston Xalq yozuvchisi Tohir Malik bilan uchrashuv boʻldi. Oʻzbek xalqining sevimli adibi bilan boʻlgan tadbir juda koʻtarinki ruhda oʻtdi.

Men soʻz navbatini Shuhratxonga berganimda Shuhratxon juda hayajonlanib ketdi, chunki Oʻzbekiston Xalq yozuvchisi Tohir Malik oldida qoʻshiq ijro etish osonmas-da. Biroq Shuhratxon hayajonni yengib, mumtoz qoʻshiqni gitara yordamida ijro etib berdi. Tadbir sababchisi Tohir Malikka ijro yoqib, Shuhratxon mahoratiga yuqori baho berdilar.

Uchrashuvda moderatorlik qilayotgan ofitserga: “Tadbirdan soʻng menga uchrashsin”, - dedilar. Tadbir yakunlangandan soʻng men Shuhratxonni Tohir akaning yoniga olib bordim. Ustoz Shuhratxon bilan samimiy gaplashib uni noyob isteʼdod egasi ekanligini taʼkidlab, oʻz ustida koʻproq ishlashni tavsiya etdilar. Shundan soʻng ustoz Shuhratxonni uzoq duo qilib, ijodiga muvofaqqiyat tiladilar.

Shuhratxon ustozning oʻgitlariga amal qilib, oʻz ustida ishladi va tez orada u avval Harbiy-texnik institut keyinchalik Jamoat xavsizligi universitetining haqiqiy brendiga aylandi. U yetakchilik qilayotgan “Alvon beretlar” Shuhrati butun mamlakat boʻylab tarqaldi. Nafaqat universitetning katta-kichik tadbirlarini, balki Milliy gvardiya miqyosidagi tadbirlarni ham “Alvon beretlar”siz oʻtmaydi.

Albatta, bunday yutuqlar oʻz-oʻzidal boʻlmaydi, bu choʻqqilarni zabt etish uchun universitet qoʻmondonligining yaratib bergan sharoitlari muhim omil boʻlib xizmat qildi. Ayniqsa, universitet boshligʻi polkovnik M.X. Rustambayevning sayʼ harakatlarini taʼkidlashimiz joizdir. U kishi har majlisda professor-oʻqituvchilarni iqtidorli kursantlarni aniqlashga va ularni rivojlantirishga chaqiradilar. Bu, albatta, oʻz samarasini bermoqda.

Man kuni kecha boʻlb oʻtgan “Ilhom” Respublika yoshlar koʻrik tanlovida Shuhratxon Muhammadxonov birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi va asosiy sovrin “Spark” avtomobilini qoʻlga kiritdi. Bu yutuq butun universitet jamoasini junbushga keltirdi. Taqdirlash marosimi Adiblar xiyobonida buyuk Alisher Navoiy haykali poyida boʻlib oʻtdi. Oynai jahonda Shuhratxonni koʻrib, oʻzida yoʻq xursand boʻlib ketdim.

Bu hammamizning gʻalabamiz edi. Bunga erishish uchun Shuhratxon oz-muncha ter toʻkmadi. Ayniqsa, uning taqdirlash soʻnggida “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va xalqiga sadoqat bilan xizmat qilaman!!!”, - degan hayqirigʻi zaminni larzaga keltirdi desam aslo mubolagʻa qilmagan boʻlaman. Istardimki, Qurolli Kuchlarimiz safida mana shunday yigitlar koʻp boʻlishini tilayman. Maqola soʻnggida men Shuhratxonni bu yutugʻi bilan tabriklayman.

Toʻlqin Saydaliyev,

Jamoat xavfsizligi universiteti professori,

isteʼfodagi podpolkovnik