Umumiy qiymati 30 million dollar boʻlgan loyiha doirasida 300 ta yangi ish oʻrni ochildi.
— Ichki va tashqi bozorda metall panelli isitish radiatorlariga talab yuqori, — deydi korxona rahbari Ziyoviddin Yunusov. — Mahsulotlarning asosiy qismi shu kunga qadar Xitoy, Turkiya, Italiya va Rossiyadan import qilingan. Endi bunga zarurat qolmadi. Yangi loyiha bu jabhada oʻziga xos raqobat muhitini shakllantirish bilan birga, mijozlarga tanlash imkoniyatini kengaytiradi. Korxonamizning yillik quvvati 900 mingta mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu yerda tejamkor, yuqori sifatli, uzunligi 30 santimetrdan 3 metrgacha boʻlgan isitish radiatorlari ishlab chiqariladi.
Italiya va Turkiyadan olib kelingan texnika va texnologiyalarni boshqarayotgan ishchi-xizmatchilarning aksariyati mahalliy yoshlardan iborat. Xorijdan kelgan mutaxassislar ularga kasb sirlarini oʻrgatmoqda. “Oqsuv” mahalla fuqarolar yigʻinida yashayotgan Yulduzxon Qodirova shunday yoshlardan. U ikki farzandning onasi. Bir necha yildirki, ishsiz edi. Yangi korxona bu oila uchun ham imkoniyat, farovonlik eshiklarini ochdi.
— Mahallamizga yaqin hududda korxona ishga tushirilgani ayni muddao boʻldi, — deydi Yulduzxon. — Bu yerda ishchilar uchun zarur sharoit yaratilgan. Oylik maoshimizni vaqtida olyapmiz, bepul tushlik bilan taʼminlanyapmiz. Uzoqdan kelib ishlovchilar uchun maxsus transport qatnovi yoʻlga qoʻyilgan.
Keyingi yillarda mahalliy sharoitda import oʻrnini bosuvchi sanoat va qurilish materiallari ishlab chiqarish borasidagi loyiha hamda tashabbuslar koʻlami kengayib borayotgani ortiqcha sarf-xarajat va ovoragarchiliklarga barham berdi. Sement va bogʻlovchi materiallar, oyna va undan yasalgan buyumlar, DSP, MDF va boshqa plitalar, PVX va plastmassa buyumlar, keramika, portland sement singari qurilish mahsulotlari endi mahalliy sanoat korxonalarida ishlab chiqarilyapti.
Bu ishlarning sifati va samaradorligini oshirishda “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasining alohida oʻrni bor. Bugunga qadar bu yerda umumiy qiymati 1 milliard 88 million dollarlik 153 ta yirik investitsiya loyihasi joylashtirildi. Foydalanishga topshirilgan sanoat korxonalari 3 trillion 601 milliard soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqardi. Import oʻrnini bosgan ushbu mahsulotlar ichki isteʼmol bozoridan tashqari xorijga ham sotilmoqda. Oʻtgan yili sanoat zonasida ishga tushirilgan loyihalar hisobidan 126,6 million dollarlik sanoat va qurilish mahsulotlari eksport qilindi. Mazkur korxonalarda 11 ming 340 ishchi-xizmatchi faoliyat yuritmoqda.
— Oʻzbekistondagi tinchlik va barqarorlik, xorijlik sarmoyador, ishbilarmonlar uchun yaratilgan qulay sharoit, imtiyoz va imkoniyatlar faoliyatimizda qoʻl kelmoqda, — deydi qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “BNBM” korxonasi rahbari Jo Do Shan. — Loyiha doirasida 30 million dollarlik investitsiya oʻzlashtirilib, ekologik toza qurilish materiallari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydik. Hozir qurilish mahsulotlari hajmi va turini koʻpaytirish boʻyicha yangi loyihalarni ishga tushirmoqchimiz.
Fargʻona viloyatida yer osti boyliklari koʻp. Bu arzon va sifatli mahsulot ishlab chiqarish jarayonida har jihatdan qoʻl kelayotir. Masalan, ishlab chiqarish uchun kerakli birlamchi qurilish ashyolari Shoʻrsuv togʻ-konlaridan qazib olinadi. Bu yerda xomashyoni saralash, qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish, sotish bilan bogʻliq jarayonlar qamrab olingan.
Uchkoʻprik tumanida Xitoyning “Yong Xin” kompaniyasi tomonidan 90 million dollarlik kafel mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilib, 75 million dollarlik investitsiya oʻzlashtirildi. Loyiha doirasida yiliga
29 million kvadrat metr kafel mahsuloti ishlab chiqarilib, yuqori daromadli 700 ta ish oʻrni ochildi.
— Oʻtgan yili barcha yoʻnalishni qamrab olgan 1281 ta loyiha ishga tushirilib, 3,7 milliard dollar investitsiya oʻzlashtirildi. Uning 2,5 milliardi xorijiy investitsiya hissasiga toʻgʻri keladi, — deydi Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Nuriddin Mamajonov. — Joriy yilda
4,2 milliard dollar investitsiya jalb etish va 52 mingga yaqin yangi ish oʻrni ochish rejalashtirilgan. Quva hamda Toshloq tumanlarida Xitoy, Turkiya va Yaponiya kompaniyalari ishtirokida yirik sanoat va infratuzilma loyihalari amalga oshiriladi. Amaliy hamkorlik eksport hajmini oshirish, yangi bozorlarga chiqish, xalqaro sertifikatlar olish hamda savdo uylari sonini kengaytirish imkonini beradi.
Hozir Janubiy Koreyaning “Hansae mobility” kompaniyasi qiymati 50 million dollarlik avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishga kirishgan. Quva tumanida Turkiyaning “Xeyal Xolding” kompaniyasi bilan umumiy qiymati 350 million dollarlik “Turk sanoat zonasi”ni tashkil etish loyihasiga start berildi.
Fargʻona viloyatiga investitsiya kiritmoqchi boʻlgan mamlakatlar qatorida Xitoy karvonboshilik qilmoqda. Mamlakat bu yoʻnalishda 1 milliard 539 million dollar investitsiya kiritdi. Shuningdek, Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya singari iqtisodiy barqaror davlatlar vakillari ham fargʻonaliklar bilan uzviy hamkorlik qilib kelmoqda.
Rasuljon KAMOLOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri