Investitsiya muhitini yaxshilash, sohalarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishda XMK yaqin hamkor

    Investitsiyalar 29 Sentabr 2022 1424

    Joriy yil 28-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK)ning Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha direktori Vibke Shlemer bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuv davomida joriy qoʻshma loyihalarni amalga oshirilishi hamda yangi investitsiyaviy tashabbuslarni ishlab chiqishni nazarda tutgan holda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

    Taʼkidlanishicha, XMK amaldagi portfeli bank, moliya, energetika, toʻqimachilik, oziq — ovqat, kimyo, mebel sanoati, kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish yoʻnalishlarida jami 480 million dollarlik 28 ta investitsiya loyihasi hamda mamlakatning moliya va energetika sohalarida ishlab chiqilayotgan 474 million dollarlik 5 ta loyihadan iborat.

    XMK rahbariyatiga moliya bozorlarini rivojlantirishda, agrobiznes, transport, sogʻliqni saqlash va energetika sohalarida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan Sirdaryo viloyatida 3 ta quyosh elektr stansiyasi va 1500 MVt quvvatga ega bugʻ — gaz elektr stansiyasini hamda Xorazm, Namangan va Buxoro viloyatlarida uchta quyosh elektr stansiyalarini qurish boʻyicha xalqaro tenderlar oʻtkazishda koʻrsatilgan texnik yordam uchun minnatdorlik bildirildi.

    Shuningdek, davlat korxonalari va tijorat banklarini transformatsiyalash va xususiylashtirishni nazarda tutgan holda, Oʻzbekistonda iqtisodiy va tarkibiy islohotlarni amalga oshirishda XMKning maslahat va texnik yordamini jalb etish masalalari muhokama etildi. XMK investitsiya muhitini yaxshilash, sohalarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, shuningdek sanoatni jadal rivojlantirishga qaratilgan tarkibiy islohotlar boʻyicha hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

    Tomonlar Oʻzbekistonda gender tengligini taʼminlash va ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlar doirasida, shu jumladan Wi-Fi dasturining ayollar tadbirkorligiga qulay shart-sharoitlar yaratish imkoniyatlaridan foydalangan holda hamkorlikni davom ettirishni muhokama qildilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.