Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi investitsiyalar, eksportni qoʻllab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy aloqalar boʻyicha kompleksining yigʻilishi oʻtkazildi va unda masʼul rahbarlarning ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Tadbirlarda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Transport vazirligi, tegishli idoralar, tarmoq birlashmalari va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uyushmalari, yirik korxonalar hamda tijorat banklari, qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi rahbariyati ishtirok etdi. Viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri, shuningdek, hududlardagi bank muassasalari rahbarlari tadbirlarda videokonferensaloqa orqali qatnashdi.
Davlat rahbarining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yoʻllagan Murojaatnomasida belgilangan rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlari, jumladan, yoshlar bandligini taʼminlash va salohiyatidan foydalanish, iqtisodiyot tarmoqlarini innovatsion rivojlantirish, sanoatning qator tarmoqlarini “iqtisodiy oʻsish drayverlari”ga aylantirish, ishlab chiqarish qiymat zanjirlarini kengaytirish, eksport hajmini oshirish hamda yaqin va uzoq xorij mamlakatlari bilan ikki va koʻp tomonlama aloqalarni mustahkamlash hamda kengaytirish masalalari har tomonlama muhokama qilindi.
Taʼkidlandiki, joriy yilda mamlakat Rahbariyati tomonidan 23 milliard dollar hajmdagi investitsiyalarni oʻzlashtirish, umumiy qiymati 6,5 milliard dollarga teng boʻlgan 226 ta yirik va iqtisodiy ahamiyatga ega investitsiya loyihalarini ishga tushirish, shuningdek, hududiy investitsiya dasturlari doirasida umumiy qiymati 94,6 trillion soʻmga teng boʻlgan 7 mingdan ortiq investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha vazifalar belgilangan. Mutasaddi rahbarlarga ushbu vazifalarning sifatli va oʻz vaqtida ijrosini taʼminlash maqsadida ishni tashkil etish, har bir tuman, shahar va mahallalarga barcha darajadagi xodimlarni biriktirish, ularning tegishli hududlarga chiqish rejalarini ishlab chiqish va faoliyatini monitoring qilib borish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Xom ashyo resurslarining mavjudligini, ichki va tashqi bozorlarda tayyor mahsulotlarga boʻlgan talab va tegishli qiymat zanjirlarida ishtirok etadigan turdosh tarmoqlar korxonalari bilan logistika nuqtayi nazaridan oʻzaro bogʻliqlikni hisobga olgan holda, loyihalarni joylashtirish maydonlarini chuqur tahlil qilishni hamda iqtisodiy samaradorlik mezonlari boʻyicha loyihalarni oʻrganish va tanlashning koʻp bosqichli mexanizmini yaratishni nazarda tutib, qator tarmoqlarda investitsiya siyosati tamoyillarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Alohida tartibda tashqi savdo masalalari koʻrib chiqildi – 2021-yilda eksport hajmini oʻtgan yildagiga nisbatan 20 foizga oʻsish bilan 17 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib qoʻyilgani qayd etildi. Shu tufayli har bir korxona bilan bevosita hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, mavjud muammolarni zudlik bilan aniqlash va ularni hal etish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlarni qoʻllash orqali eksportchilarga koʻmaklashish boʻyicha Respublika shtabining samaradorligini oshirish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, qoʻshimcha foydalanilmayotgan eksport zaxiralarini aniqlash va qishloq xoʻjaligi hamda sanoatning istiqbolli yoʻnalishlariga ilgʻor texnologiyalarni joriy etish vazifalari qoʻyildi. Bu, oʻz navbatida, ichki mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozordagi oʻrnini mustahkamlash imkonini beradi. Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari faoliyati tanqidiy koʻrib chiqilib, ularni samarali iqtisodiy diplomatiyani amalga oshirishga va Oʻzbekiston mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarishda mahalliy eksportchilarga amaliy yordam koʻrsatishga yana-da chuqurroq jalb etish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, xalqaro investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish va alohida hamkor mamlakatlar bilan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish, xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini jalb etgan holda amalga oshirilayotgan loyihalar va davlat aktivlarini xususiylashtirish dasturini ijro etish doirasida investitsiyalarni jalb qilish bilan bogʻliq qator boshqa masalalar muhokama qilindi. Jumladan, “Loyihalar fabrikasi” faoliyati va bir necha xorijiy mamlakatlarda “Made in Uzbekistan” milliy ishlab chiqaruvchilar koʻrgazmasi kabi qator tadbirlarni oʻtkazish, Toshkentda Islom taraqqiyot banki guruhi Boshqaruvchilari kengashining yillik yigʻilishi, Toshkent xalqaro investitsiya forumi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi xorijiy investorlar Kengashining yigʻilishini tashkil etish va oʻtkazish, Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik trast jamgʻarmasi faoliyati bilan bogʻliq va boshqa masalalar koʻrib chiqildi.
Ijro intizomining bugungi holati va uni mustahkamlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlar alohida muhokama qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlari, Hukumat qarorlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning ijro holati tanqidiy koʻrib chiqildi.
Muhokama chogʻida vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda Davlat rahbari va Hukumat topshiriqlarini sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi yuzasidan yuqori va oʻrta boʻgʻin rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish yuzasidan aniq koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilish yakunida ijro intizomini mustahkamlash, hukumat qarorlari va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashni takomillashtirish, shuningdek, belgilab berilgan vazifalarni bajarish samaradorligini oshirish boʻyicha ishlarni tashkil etish yuzasidan qoʻshimcha koʻrsatmalar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.