Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Yuridik xizmati “Eng yaxshi yuridik xizmat – 2022” respublika tanlovi gʻolibligini qoʻlga kiritdi

    Voqea-hodisalar 4 Aprel 2022 2373

    Joriy yil 1-aprelda Adliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Eng yaxshi yuridik xizmat – 2022” respublika tanlovi final bosqichida ishtirok etgan jami 7 ta davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlari, jumladan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Transport vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, “Oʻzbekneftegaz” AJ, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB, “Qishloq qurilish bank” ATB orasidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi yuridik xizmati tanlov gʻolibligiga, yaʼni 1-oʻringa munosib deb topildi.

    Shu munosabat bilan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyati Yuridik boshqarma jamoasini erishilgan muvaffaqiyat bilan chin koʻngildan tabriklaydi.

    Eslatib oʻtamiz, avval Adliya vazirligi tomonidan tanlovda qatnashish uchun ariza taqdim etgan respublika darajasidagi 147 ta davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlari orasidan 7 nafar finalchi nomi eʼlon qilingan edi.

    Ushbu tanlov yuridik xizmatlarning tashkilotdagi oʻrnini koʻrsatish orqali respublikadagi boshqa tashkilotlarda professional yuristlar jamoasini yaratishga boʻlgan intilishlarni kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan.

    Unda yuridik xizmatlarning 2021-yil davomida tashkilotda belgilangan yoʻnalishlari boʻyicha olib borgan ishlari, xususan, demokratik va huquqiy islohotlarni amalga oshirish, milliy qonunchilikni takomillashtirish va xalqaro-huquqiy munosabatlardagi roli, erishgan yutuqlari Tanlov komissiyasi tomonidan baholangan, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.