Investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyati sohalarida 2020-yilning dastlabki natijalari va 2021-yilga moʻljallangan vazifalar muhokama qilindi

    Xalqaro hamkorlik 28 Dekabr 2020 651

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzakov rahbarligida hamda vazirliklar, idoralar, sanoat birlashmalari, tijorat banklari, Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirokida oʻtkazilgan videokonferensiyada 2020-yilda investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyatining natijalari muhokama etildi hamda 2021-yilga investitsiyalarni jalb etish va eksportni oshirish borasida strategik maqsadlar va ustuvor yoʻnalishlar belgilab olindi.

    Tadbir davomida hududlar va tarmoqlar kesimida pandemiya sharoitlarida tadbirkorlar hamda eksportchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha joriy yilda amalga oshirilgan chora-tadbirlar koʻrib chiqildi. Joylarga chiqqan holda tadbirkorlar duch kelayotgan masalalarni tezkor hal qilish boʻyicha amaliy yordam berishga qaratilgan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani taʼkidlandi. Hamkorlik samarasi koronavirusning tarqalishi va dunyodagi noqulay iqtisodiy vaziyat bilan bogʻliq cheklovlarga qaramasdan ishlab chiqarish va eksport surʼatlarini nafaqat saqlab qolish, hatto oshirish imkonini berdi.

    Taʼkidlash joizki, butun jahonda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar miqdorining 40 foizga pasayishi va 2020-yilda jahon savdosi hajmining 25 foizga kamayishi fonida, Oʻzbekistonda yil yakunlari boʻyicha jalb etilgan toʻgʻridan – toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi avvalgi yildagiga nisbatan oshib, 6,6 milliard dollarga yetishi va eksport koʻrsatkichi — 15,1 milliard dollar miqdorida boʻlishi prognoz qilinmoqda. Bu koʻrsatkichlarga qurilish materiallari ishlab chiqarish, axborot-kommunikatsiya, elektr, kimyo va yengil sanoat sohalarida yirik investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish, shuningdek, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi, kon-metallurgiya va transport sohalarida tovar hamda xizmatlar eksportini sezilarli darajada oshirish orqali erishildi.

    Shu nuqtayi nazardan, masʼul rahbarlarga joylarga chiqqan holda investitsiya loyihalari tashabbuskorlari va eksportchilar bilan ishlashni faollashtirish, tuzilgan eksport shartnomalari boʻyicha yuborilayotgan yuklarning kunlik monitoringini taʼminlash, debitor qarzdorliklarning toʻlanishiga yordam berish, shuningdek, investitsiyalar va eksportni jalb qilish koʻrsatkichlarini koʻpaytirish uchun yangi imkoniyatlar va resurslarni aniqlash maqsadida idoralararo darajadagi yaqin hamkorlikni taʼminlash boʻyicha manzilli koʻrsatmalar berildi. Amalga oshirilayotgan sanoat loyihalarining oʻz vaqtida ishga tushirilishini taʼminlash yuzasidan ham koʻrsatmalar berildi.

    Muhokamalar chogʻida kelgusi yil uchun dolzarb boʻlgan masalalar ham koʻrib chiqildi. Prognozga koʻra, 2021-yilda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar miqdori 7,5 milliard dollarni, eksport hajmi esa 17 milliard dollarni tashkil etadi. Investorlarni jalb etish va eksport salohiyatini yuksaltirish borasidagi ishlarni yana-da samarali tashkil etish zarurligi alohida taʼkidlandi.

    Belgilangan maqsadlarga erishishning eng istiqbolli vositalaridan biri – tadbirkorlarda kapital qoʻyilmalar va zamonaviy texnologiyalarni eng samarador tarmoqlar — “oʻsish nuqtalari”ga jalb etish orqali mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va yangilarini yaratish imkoniyatlarini xolisona tahlil qilish ekanligi qayd etildi.

    Sanoat ishlab chiqarish hajmining oʻsishi, byudjetga soliq tushumlarining oshishi, eksportning koʻpayishi va yangi ish oʻrinlari yaratilishi bilan ajralib turadigan eng yuqori iqtisodiy samaraga ega investitsiya loyihalarini birinchi oʻringa qoʻyish zarurligiga urgʻu berildi. Moliyaviy koʻmak berish, uzluksiz gaz, elektr energiyasi va boshqa resurslar bilan taʼminlash, shuningdek, xorijiy mijozlarni topish va mahalliy mahsulotlarni ilgari surishning mavjud boʻlgan vositalaridan faol foydalanish orqali yangi istiqbolli bozorlarga chiqishni nazarda tutgan holda eksportchilar bilan yaqindan hamkorlik qilish muhimligi taʼkidlandi.

    Chet eldagi diplomatik vakolatxonalar ishiga alohida eʼtibor qaratilib, ularga xorijiy investitsiyalarni jalb etish va mahalliy eksportchilarga samarali yordam koʻrsatishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish hamda ularning huquq va manfaatlari himoyasini taʼminlash yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.

    Eksportni ragʻbatlantirish agentligi rahbariyatiga milliy eksportchilar bilan ishlashni faollashtirish, xususan, eksportni oldindan moliyalashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish, ichki tovarlarni xalqaro elektron tijorat saytlariga joylashtirish va roʻyxatdan oʻtkazish hamda jahon bozorlariga oʻzbek brendlarini olib chiqish boʻyicha qoʻshimcha koʻrsatmalar berildi.

    Shuningdek, mavjud tizimli muammolarni hal etish va tadbirkorlar hamda eksportchilar bilan oʻzaro hamkorlikning yangi mexanizmlarini joriy qilish boʻyicha qator soha va hududlar rahbarlarining takliflari eshitildi.

    Muhokamalar natijasida barcha masʼul rahbarlarga belgilangan maqsad va vazifalarning soʻzsiz hamda oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan manzilli topshiriqlar berildi va tegishli yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatildi.