Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Turizm qo‘mitasi, “Milliy PR-markazi” davlat unitar korxonasi hamda “Team & Co Group”kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
“Uzbekistan Airways” AJ Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi-2023 ning bosh hamkori sifatida ishtirok etayapti va an’anaga ko‘ra, yarmarka o‘tkaziladigan joy sifatida “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar majmuasi paviloni tanlandi.
Ma’lumot uchun Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi 1995 yildan buyon BMTning Butunjahon Turizm Tashkiloti (UNWTO) ko‘magida o‘tkazib kelinmoqda. Har yili ko‘rgazma butun dunyodan sayyohlik sohasining yuzlab mutaxassislarini o‘zida jamlaydi va ushbu sohani xalqaro miqyosda rivojlantirish uchun paltforma vazifasini bajaradi.
Rasmiy ochilish marosimini Ekologiya vaziri A.Abduhakimov Samarqanddan videokonferens aloqa vositasida bog‘lanib, kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shuningdek, marosimda Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev, “Uzbekistan Airways” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Umid Husanov, Qirg‘iziston Respublikasi Turizmni rivojlantirish jamg‘armasi prezidenti Abulqosim Sherniyazov, Ozarbayjon Respublikasi Turizm davlat agentligi raisi maslahatchisi – Kenan Guluzade, xalqaro turizm biznesi vakillari, qator mahalliy va xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
“Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi O‘zbekistonda butun mamlakatimiz va xorijda tan olingan sayyohlik tadbiri bo‘lib, ko‘p yillar davomida mamlakatimizning ijobiy imijini yaratishga xizmat qilib kelmoqda. Shu bilan birga, uch kun mobaynida, yetakchi xalqaro ekspertlar bilan forum va sessiyalar, milliy oshpazlarning mahorat darslari, mamlakatimiz madaniy merosini namoyish etuvchi O‘zbekiston hunarmandlarining ko‘rgazmasi, shuningdek, mahalliy va xalqaro dizaynerlar ishtirokida modalar namoyishi bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, bu yil ham yarmarka ishtirokchilari o‘rtasida ko‘plab B2B uchrashuvlari rejalashtirilgan”, deb ta’kidladi Qo‘mita raisi Umid Shodiyev ochilish marosimidagi nutqida.
Yarmarkaning birinchi kunida yetakchi xalqaro va milliy ekspertlar ishtirokida “Mamlakat turizmining rivojlanishishda madaniyatning o‘rni”, “Yangi turistik yo‘nalishlar taqdimoti” mavzularida ikkita sessiya va xususiy loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur yarmarka doirasida 20 ta xorijiy davlat ishtirok etadigan sayyohlik ko‘rgazmasi, taniqli oshpazlar ishtirokidagi gastro-bozor, turizm sohasidagi yetakchi xalqaro va mahalliy mutaxassislar ishtirokidagi forum, shuningdek turli mamlakatlarning xususiy kompaniyalari vakillarining B2B uchrashuvlari, davra suhbatlari, sayyohlik xizmatlari va hunarmandchilik ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tmoqda.
Joriy yilda Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi-2023ga mahalliy aholi hamda MDH, Osiyo va Yevropa davlatlaridan 15 ming nafargacha mehmon tashrif buyurishi kutilmoqda. Yarmarkaga tashrif buyuruvchilar va ishtirokchilar yangi sayyohlik yo‘nalishlari bilan tanishish va xorijiy mamlakatlarning rang-barang muhiti, madaniyati va an’analariga sho‘ng‘ish uchun noyob imkoniyatdan foydalanishlari mumkin. Shuningdek, O‘zbekistonning barcha hududlaridagi yangi manzillarning turizm salohiyatini baholash mumkin bo‘ladi.